Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:46

1000 dan ortiq xususiy bog‘cha bankrotlik yoqasida. Tadbirkorlar "Real Soft"ni ayblamoqda


Toshkentning Chilonzor tumanidagi bog‘cha. Illyustrativ surat
Toshkentning Chilonzor tumanidagi bog‘cha. Illyustrativ surat

O‘zbekistonda davlat bilan sheriklik asosida tashkil etilgan mingdan ortiq xususiy bog‘cha bugun erta-yopilishi mumkin.

Bog‘chaga keladigan bolani onlayn "yo‘qlama" qiladigan "Real Soft" dasturining xatosi tufayli minglab tadbirkor uch oydan buyon subsidiyadan kesilgan va tarbiyachilarning maoshi to‘xtatib qo‘yilgan.

Bankrotlikka yuz tutgan yuzlab tadbirkor O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligiga shikoyat qilib kelmoqda.

Bu xususiy bog‘chalar davlat bilan sheriklik munosabatlarida bo‘lib, davlatdan oladigan subsidiya yordamida ishlaydi.

Davlat har bir bog‘cha bolasining ovqatiga 12 ming 700 so‘m pul ajratadi.

Aslida bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 2-avgustdagi 426-son qarori bilan joriy qilingan edi.

Maqsad, ko‘proq bolani bog‘chalarga qamrab olish, tarbiya va ta’lim berish hamda ularning onalariga ishlash uchun imkoniyat yaratish.

Bunday olib qaraganda, bu tadbirkorga ham, onalarga ham qulay, bolalarga ham foydali.

Bugunga kelib O‘zbekistondagi davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 27 mingdan oshib ketgan.

Ularning aksariyati qishloq hududlarida tashkil qilingan, bu bog‘chalarga asosan kam ta’minlangan oilalar, doimiy ishi bo‘lmagan aholi bolalarini beradi.

Bog‘cha puli ham joyiga qarab har-xil, masalan, qishloq hududlarida oyiga 50 ming so‘mdan to‘lab bolasini bog‘chaga beradiganlar bor, katta shaharlar, jumladan Toshkentda esa oyiga 1-3 million so‘mgacha bo‘lgan bog‘chalar bor.

Endi, hammasi cho‘ntakka qarab. Katta haq oladigan xususiy bog‘chalar balki davlat subsidiyasiga ko‘z ham tikib o‘tirmas, ammo tumanlardagi bog‘chalar busiz faoliyat yurita olmaydi.

Lekin subsidiya olishning ham sharti bor. Ya’ni bog‘chaga kelgan bolalarning har birini har kuni telefonda rasmga tushirib, “Real Soft” kompaniyasi ishlab chiqqan dastur orqali yo‘qlamadan o‘tkazishi kerak.

Ammo “Real Soft” dasturi noto‘g‘ri ishlagani uchun tadbkirkorlar uch oylik subsidiyadan mahrum qilinyapti va tarbiyachilarning oylik maoshlari ham berilmayapti:

“Masalan, Real Soft talabiga ko‘ra har kuni bog‘chaga kelgan bolani biz suratga olib tasdiqlatishimiz shart. Ya’ni Real Soft "yo‘qlama" o‘tkazadi. Mabodo biror bola o‘rniga boshqa bolaning surati ketib qolsa, tamom subsidiyadan mahrum qilyapti. Misol, beshta bola yo Real Softning o‘zining aybi bilan xato o‘tkazgan bo‘lsa, qolgan 45ta bolaga ajratilgan subsidiya ham bekor qilinadi. Biz davlat bilan sherikchilik asosida xususiy uy- bog‘cha ochgan edik. 9, 14 protokolga tushib qolibmizmi, uch oydan buyon na subsidiya, na tarbiyachilarning oyligi bor. Mening bog‘chamda 50ta bola bor. Juda qiynalib qoldim, tarbiyachilarim oylik bermasang ishlamaymiz deyishyapti”, dedi Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi tadbirkor.

15-mart kuni yuzga yaqin tadbirkor O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga ularning emas, "Real Soft" dasturining xatosi uchun ham subsidiyadan, ham maoshdan ayrilgani yuzasidan arz qilib bordi.

Tadbirkorlar "Real Soft" dasturining xatosi tufayli jabr tortayotganini, subsidiya va maoshsiz bankrotlik yoqasiga kelib qolishganini hukumat rahbarlarining e’tiboriga yetkazmoqchi bo‘lishdi.

Ularning fikricha, "Real Soft" dasturi mukammal emas, bolalarning shaxsini to‘g‘ri tasdiqlamaydi, aynan bitta bolaning rasmini ham xato deb qabul qilyapti.

Telegram guruhida video qoldirgan bu bog‘cha mudirasining aytishicha, O‘zbekistondagi bolalarni asosan xususiy bog‘chalar qamrab olgan. Ammo Real Softning maqsadi tadbirkorlarning oyog‘iga bolta urish bo‘lyapti, deydi bog‘cha mudirasi:

“Real Softning maqsadi biz, tadbirkorlarning oyog‘iga bolta urish va bizga berilgan subsidiyani qaytarib olish bo‘lyapti. Bizning maqsadimiz elning bolasiga qarab davlat bergan oyligimizni olish, ro‘zg‘orimizga to‘rt so‘m pul olib borish emasmi? Real Soft bizga kerak emas. Biz usiz ham bolalar bilan juda yaxshi ishlayotgan edik. Hozir esa ikki soat vaqtimiz ertalabki yo‘qlama qilishga ketyapti. Faqat ishimiz shu bo‘p qoldi. Sen o‘tmabsan, boshqa rasmga tushiraylik. Internet topaylik, rasmga tushiraylik. Avtomatik tarzda o‘tib ketgan xato uchun o‘sha beshta bolaning subsidiyasini emas, balki subsidiyadan butunlay mahrum qilmoqda”.

Tadbirkorlarning aytishlaricha, Internet tezligi past bo‘lgan va WiFi yetib bormagan qishloqlar uchun "Real Soft" dasturidan foydalanishning o‘zi imkonsiz.

Olimjon To‘xtanazarov Vazirlar Mahkamasiga adolat izlab kelgan tadbirkorlarning muammolarini yaqindan o‘rgangan blogerlardan biri.

Uning aytishicha, 15-mart kuni tadbirkorlardan bir necha nafari Maktabgacha ta’lim agentligi mas’ullari bilan uchrashgan. Ammo muammosi hal bo‘lmagan tadbirkorlarning bu uchrashuvdan ko‘ngli to‘lmagan:

“O‘tgan safar 100, bu safar 200 tadbirkor Toshkentga najot izlab keldi. Lekin eng achinarlisi shu bo‘ldiki, ularning oldiga na vazir Hilola Umarova, na agentlik rahbari Shin chiqdi. Prezident aytyapti, shaxsan o‘zing gaplash, birinchi rahbar sifatida deyapti. Lekin bular prezidentning aytgan gapini ham qilmayapti”.

Tadbirkorlarning o‘zlari ham subsidiya olish talablarini bajarishda xatoliklar bo‘lganliklarini inkor qilmaydi.

Ammo "Real Soft" o‘zi to‘g‘ri aniqlagan, yo‘qlamada xato qilingan bola uchun mayli, subsidiya pulini ushlab qolsin, lekin qolgan bolalar uchun bersin, demoqda tadbirkorlar.

Shu sabab qilib ko‘rsatilib, tarbiyachilar maoshlari ham uch oydan buyon to‘lanmayotgani tushunarsiz bo‘lib qolmoqda.

Maktabgacha ta’lim agentligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayevaning ma’lum qilishicha, 1,5 mingdan ziyod "bog‘cha"da Davlat byudjetidan noqonuniy pul mablag‘larini o‘zlashtirish harakatlari aniqlangan.

Asqarxo‘jayevaning so‘zlariga ko‘ra, 734 ta davlat – xususiy shartnoma asosida ishlayotgan bog‘chalarda bir bolaning ma’lumotlari bazaga kiritilib, uning fotosurati o‘rniga boshqa bolaning fotosurati asosida davomati belgilanib kelingan.

Natijada ularga nisbatan 8,8 mlrd so‘mlik subsidiya to‘lovlari uch oyga to‘xtatilgan.

Matbuot kotibi agentlik chiqargan videoda tadbirkorlar tomonidan qo‘llanilayotgan nopok usullar haqida gapirgan.

Ammo yetti xil nopok usul borligi haqida gapirgan matbuot kotibi negadir "Real Soft"ning xatolari tufayli og‘ir sharoitga tushib qolgan tadbirkorlar haqida gapirmagan.

Maktabgacha ta’lim agentligida bo‘lgan uchrashuvda mulozimlar Vazirlar Mahkamasining 426-sonli qarorini qayta ko‘rib chiqish ularning vakolatida emasligini, ammo bu haqda mahkamaga axborot berilishiga va’da bergan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yilda qilgan chiqishida xususiy bog‘chalar soni olti baravarga ko‘paygani haqida gapirib maqtangan edi.

“So‘nggi yillarda mamlakatimizda bog‘chalar soni 6 barobarga ko‘paydi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog‘chalar tashkil qilindi. Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga o‘sib, 160 mingga etdi. Shuningdek, pedagog kadrlarning malakasini tizimli oshirib borish ishlari ham yo‘lga qo‘yildi. Ushbu choralar natijasida bog‘chalarda ta’lim va tarbiya oladigan bolalar sonini 600 mingdan 2 millionga yetkazilib, qamrov ko‘lami 70 foizga chiqdi”.

Prezident aytgan 2 million bola asosan, qishloq hududlarida yashaydi. Ular orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj va turli xil nomdagi “daftar”larga kiritilgan odamlarning farzandlari ham bor.

Agar bu tadbirkorlar bankrot bo‘lsa, bolasini bog‘chaga berib kunlik ishga borayotgan o‘n minglab yollanma ishchi bolasiga qarayman deb, ishsiz qoladi.

Bog‘chalarda ishlaydigan minglab tarbiyachi esa boshqa yerdan ish qidirishga majbur bo‘lishi yoki yollanma ishchilar safiga qo‘shilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG