Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Davlatga xiyonatda ayblangan sobiq diplomat ozodlikka chiqdi


O‘zbekiston TIV sobiq xodimi Qodirjon Yusupov
O‘zbekiston TIV sobiq xodimi Qodirjon Yusupov

O‘zbekistonda davlatga xoinlik qilganlikda ayblanib, 5,5 yilga qamalgan Qodirjon Yusupov joriy yilning 10-iyunida ozodlikka chiqdi. Yusupov qamoqdan ozod qilinganidan keyin ham bir yil davomida ma’muriy nazorat ostida bo‘lishi aytilmoqda. Bu haqda ma’lumot tarqatgan Markaziy Osiyodagi inson huquqlari assotsiatsiyasi sobiq diplomat Yusupov avval-boshdan adolatsiz sudlov qurboni bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

Qarorgohi Fransiyada bo‘lgan Markaziy Osiyodagi inson huquqlari assotsiatsiyasi (AHRCA), Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik (IPHR), Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi (NHC) hamda Inson huquqlari bo‘yicha Xelsinki jamg‘armasi (HFHR) O‘zbekiston rasmiylarini qamoqdan chiqqan Qodirjon Yusupov himoyasini ta’minlashga hamda uning nohaq qo‘lga olinib, qiynoqqa solingani yuzasidan xolis tergov o‘tkazishga, shuningdek, huquqlari buzilgani uchun unga tovon puli to‘lab berishga chaqirgan.

Bir paytlar O‘zbekistonning Avstriya, Britaniya, Sudan va Yaqin Sharq mamlakatlaridagi elchixonalarida ishlagan Qodirjon Yusupov uzoq yildan beri aziyat chekib kelayotgani ruhiy xastalik tufayli 2018-yilning 3-dekabrida Toshkent metropolitenining Pushkin bekatida o‘zini poyezd ostiga tashlagan va tasodif tufayli omon qolgan.

Boshidan qattiq lat yegan sobiq diplomat, oila-a’zolariga ko‘ra, bu voqeadan keyin tushib qolgan ruhiy trans holatida “o‘zining G‘arb davlatlarining josusi” ekani haqida aljiray boshlagan va kasalxonaga yetib kelgan DXX xodimlari ana shu “iqror” asosida unga qarshi jinoyat ishi ochib, sobiq mulozimni mamlakat Jinoyat kodeksining 157-moddasida (Davlatga xoinlik qilish) ko‘zda tutilgan jinoyatda ayblagan.

Yusupovning yaqinlari Ozodlik muxbirlari bilan 2019-yil mart oyidagi suhbatda sobiq diplomat ularga so‘nggi marta 2018-yil 9-dekabriga kasalxonada ko‘rsatilgani, 10-dekabr kuni u DXX tergov izolatoriga o‘tkazilganini aytishgan.

Shundan so‘ng Qodirjon Yusupov tergov chog‘ida o‘ziga nisbatan turli xil bosimlar o‘tkazilayotgani, davolanishga imkon berilmayotganidan shikoyat qilgan, biroq o‘zbek rasmiylari bu shikoyatlarni asossiz deb topishgan.

Sobiq diplomat O‘zbekiston Harbiy sudining 2020-yil 9-yanvardagi hukmi bilan 5 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.

Sud hukmi ortidan qator xalqaro tashkilotlar Qodirjon Yusupovni ozod qilish chaqirig‘i bilan o‘zbek rasmiylariga murojaat qilishgan edi.

XS
SM
MD
LG