Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 16:02

"Defoltga yetaklashi mumkin". O‘zbekistonning tashqi qarzi "yuqori sur’atlarda" o‘smoqda


O‘zbekiston Markaziy banki.
O‘zbekiston Markaziy banki.

O‘zbekiston Markaziy banki bergan ma’lumotga ko‘ra, joriy yil 1-aprel holatiga ko‘ra mamlakatning sof tashqi qarzi $35,3 mlrd.ni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,1 milliard dollarga ko‘p.

Tashqi qarzning YIMdagi ulushi 36,4%ni tashkil etgan.

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi tahlillari esa O‘zbekistonning tashqi qarzi 60 milliard dollardan oshgan degan xulosaga yetaklamoqda.

Tashkilotga ko‘ra, mamlakat tashqi qarzining YIMdagi ulushi 60, 9 foizni tashkil etmoqda. XJV O‘zbekiston hukumati bergan statistika hamda o‘z ekspertlari bahosiga tayangan.

“O‘zbekiston Yalpi ichki mahsuloti bu yil 6.4 foizga oshib 101 milliard dollarni tashkil etdi, deyapti. Xalqaro Valyuta Jamg‘armasiga ko‘ra, mana shu 101 milliardning 60 foizi qarz. Agar bu raqamlar to‘g‘ri bo‘lsa, demak mamlakat tashqi qarzi 60 milliard dollardan ko‘p”, deydi o‘zbekistonlik iqtisodchi professor Xidirnazar Allaqulov.

Yuqori sur’atda o‘sayotgan qarz

Tashqi qarzning hozirgi darajasi marhum prezident Islom Karimovning 27 yillik hukmronligi davridagi tashqi qarzdan uch baravar ko‘p.

Agar O‘zbekistonning tashqi qarzi 60 milliarddan ko‘p degan xulosa to‘g‘ri bo‘lsa, mamlakat Mirziyoyev prezidentligi davrida 50 milliard dollarga yaqin qarz olgan.

Davlat tashqi qarzlari 2016-yilda mart holatiga 13,1 milliard yoki YIMning 20 foizini tashkil etgan.

Ammo O‘zbekistonning tashqi qarzi bilan bog‘liq raqamlar turlicha. Ayrim xalqaro moliya tashkilotlari hisobotlarida bu raqam 40-45 milliard atrofida ekani aytiladi.

“Gap shundaki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki kabi tashkilotlar tashqi qarzni hisoblaganda hususiy banklar, hususiy korxonalar olgan qarzlarni ham qo‘shib hisoblaydi. Aslida bu ham tashqi qarz. O‘zbekiston hukumati esa, faqat davlat olgan qarzni hisoblab, 35 milliard qarzimiz bor, deyapti. Shuning uchun raqamlar turlicha bo‘lishi mumkin”, deydi iqtisodiy sharhlovchi Alisher Taksanov.

Tashqi qarz borasida O‘zbekiston moliya idoralari berayotgan raqamlar ham bir-biriga zid.

2021-yilda Markaziy bank tashqi qarz YIMning 57 foiziga yetganini aytgan bo‘lsa, Moliya vazirligi rasmiy yillik hisobotida 2021-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 41 milliard 600 million dollarni tashkil qilganini bildirgan edi.

Moliya vazirligi Markaziy bankdan farqli o‘laroq 2021-yilda O‘zbekistonning tashqi qarzi 2020-yilga nisbatan 12,7 foizga ko‘paygani va yalpi ichki mahsulotning 60,1 foizini tashkil qilganini aytgan.

Iqtisodchi Alisher Taksanov.
Iqtisodchi Alisher Taksanov.

O‘zbek rasmiylari tashqi qarz hajmi mamlakat iqtisodiyoti va aholi soniga nisbatan katta emasligini ta’kidlab keladilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat tashqi qarzining o‘sishi bilan bog‘liq xavotirlarni rad etgan va byudjet xodimlarining maoshlari qisman tashq qarz hisobidan qoplanayotganini aytgan edi.

“Avvalambor bizning hamma qarzimiz qonun nuqtayi nazaridan… Agar bu bo‘lmaganida oylik ham, metro ham bo‘lmas edi. Tibbiyot xodimlari yoki muallimlarning oyliklari oshmas edi. O‘tiraverar edik, avvalgidek qarsak chalib, balandparvoz gap gapirib. Bu esa menga yoqmaydi”, — degan Mirziyoyev 2022-yilning 20-fevralida Toshkentning Yangihayot tumaniga tashrifi chog‘ida.

Ayni paytda faollar korrupsiya avj olgan O‘zbekistonning tobora ko‘proq qarzga botayotgani xavotirli ekanini aytishadi.

"O‘zbekiston ko‘p qarz olayotgani borasidagi xavotirlarida asos bor. Bu mamlakatni defoltga yetaklashi turgan gap. Chunki bu milliardlab dollarlik qarzlar olinyapti, lekin mamlakatning uni to‘lash qurbi juda kam", - deydi Alisher Taksanov.

Tashqi qarzi - mamlakatning ma’lum bir muddatda xorijiy kreditorlarga qaytarilishi kerak bo‘lgan pul mablag‘lari. Tashqi davlat qarzi - davlatning xalqaro banklar, boshqa mamlakatlar hukumatlari va xususiy xorijiy banklar oldidagi umumiy qarzidir.

O‘zbekiston Moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, olingan tashqi qarzning 33 foizi davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlashga ishlatilgan.

Qolgani energetika, qishloq xo‘jaligi, transport infratuzilmasi, uy-joy kommunal xo‘jaligi, tadbirkorlik va sanoat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, telekommunikatsiya sohalariga sarflangan.

Ammo shunga qaramay olingan qarz hajmi bilan aholi turmush tarzi o‘rtasida tafovut katta bo‘lib qolmoqda.

"Oddiy qilib aytganda suyunchi pulini ham bekor qilib tashlashdi. Yalpi ichki mahsulot hajmi oshdi deyishadi, shuncha qarz olinyapti, lekin buni odamlar o‘z turmushida his qilmayapti", deydi profesoor Xidirnazar Allaqulov.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi tashqi qarzning xavfsiz chegarasini 55 foiz qilib belgilagan.

“Bu qarz ma’lum shart evaziga beriladi.Yil sayin foiz minib turadi. Qancha uzoq muddat bo‘lsa, shuncha ustiga foiz minadi. Lekin bundan ham xavotirlisi bu qarzning ishlatilishi ustidan nazoratning yo‘qligi. To‘g‘ri, hozir Mirziyoyev mamlakatni tashqi dunyoga ochyapti. Pullar oqib kelyapti mamlakatga. Karimov davrida O‘zbekistonga ishonchsizlik bor edi. Lekin, hozir ham korrupsiya avvalgiday. Olingan qarzni yana o‘sha monopolistik strukturalar olyapti”, - deydi iqtisodchi Alisher Taksanov.

Ozodlik o‘tkazgan surishtiruvlar chet eldan olingan qarz mablag‘larning katta qismi prezident qarorlari bilan hokimiyatga yaqin oligarxlar va amaldorlar nazoratidagi monopoliyachi shirkatlarga berilganini o‘rtaga chiqargan.

Jahon bankining Xalqaro qarz statistikasiga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikda Markaziy Osiyoda Turkmanistondan tashqari barcha davlatlarning tashqi qarzi o‘sgani kuzatiladi.

Qozog‘istonning umumiy tashqi qarzi (162, 5 milliard dollar) boshqa mintaqa davlatlarining umumiy ko‘rsatkichlaridan sezilarli darajada yuqori.

Qirg‘iziston va Tojikiston ko‘rsatkichlari mos ravishda 4, 6 milliard dollar va $3,6 mlrd, dollarga teng.

Mintaqada tashqi qarzi eng kam bo‘lgan davlat Turkmaniston. Bu davlat tashqi qarzi $2,8 mlrd. tashkil etadi.

Mutaxassislarning fikricha, mintaqadagi qarz bilan bog‘liq iqtisodiy muammolarni tushunish uchun tahlilda birinchi navbatda davlat tomonidan kafolatlangan qarz dinamikasiga e’tibor qaratish lozim.

O‘zbekistondan farqli Qozog‘istonda tashqi qarzning 80 foizi hususiy sektorga tegishli.

Shu yilning mayida S&P xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonda tashqi qarz hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar bo‘yicha kutilayotgan natijalarga erishilmasligi tufayli fiskal va to‘lov balansi bo‘yicha xatarlar yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

Agentlik hisobotida aytilishicha, umumiy tashqi qarz va davlat qarzining yuqori sur’atlar bilan o‘sishda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG