Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:36

“Delta” hujumga o‘tdi. Koronavirusning yangi shtammi qanchalik xavfli?


Koronavirusga chalingan 60 yoshli bemor Jakartadagi kasalxonada.
Koronavirusga chalingan 60 yoshli bemor Jakartadagi kasalxonada.

Yevropa qit’asida COVID-19 ning delta shtammi jadal tarqalmoqda: bu shtamm yana “hindcha tur” nomi bilan ham mashhur. Kasallanish holatlari sezilarli darajada pasaygan Yevropada epidemiologik ahvol qaytadan og‘irlashmoqda. Ko‘plab davlatlar hukumatlari uchun bu tahlikali signal va yangi cheklovlar joriy etish uchun asosdir. Koronavirusning ushbu mutatsiyasi tarqalishi bo‘yicha qit’a mamlakatlari orasida Buyuk Britaniya, Rossiya va Portugaliya peshqadam bo‘lib turibdi.

Indoneziya: kasalxonalar to‘lib-toshgan

Reuters agentligi Indoneziya poytaxti Jakartadagi ahvolni yoritdi: kasalxonalarda joy yo‘q, yo‘laklargacha koykalar joylashtirilgan. Ko‘plab bemorlar jon bermoqda.

“O‘g‘limni olib kelgan edim. Reanimatsiya bo‘limiga kirish uchun ikki soat kutdik. Virusga test natijasi musbat chiqqan edi, ammo vrachlar faqat bir oz dori berishimiz mumkin, lekin olib qolmaymiz, kasalxonada joy yo‘q, deb aytishdi”, degan Jakartada yashovchi bir erkak Reuters muxbiriga.

Jakartadagi kislorod ballonini to‘ldirish do‘konlarida uzun navbatlar paydo bo‘lgan. Mamlakat eng kuchli koronavirus xurujini boshidan kechirmoqda. Bu “delta” shtammi tarqalishi bilan bog‘liq. Hukumat komendantlik soati joriy etgan, restoran va barlar yopiq. “Delta”ni deb, sayyohlar uchun Bali kurort orollarining ochilishi ham keyinga surildi.

“Delta” shtammi ilk daf’a o‘tgan yili Hindistonda aniqlangan bo‘lib, hozirda, JSST ma’lumotiga ko‘ra, 96 mamlakatda tarqalmoqda. Qariyb ikki baravar yuqumliroq bo‘lgan “delta” virusning boshqa shtammlarini tobora siqib chiqarib, yakkahukmronlikka intilmoqda.

Britaniya: olimlar “delta” haqida nima bilishadi?

Buyuk Britaniyada “delta” shtammi allaqachon barcha COVID-19 yuqtirish holatlarining 95 foiziga sababchi bo‘lib ulgurgan. “Delta” bilan og‘rigan britanlar bosh og‘rig‘i, tomoq qichishi, tumov, isitma va ba’zan yo‘taldan shikoyat qilishadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilgan statistikaga qarab “delta” eng avvalo kimlarga xavf solishi mumkinligini tushunib olish oson.

Fevral oyi boshidan iyulning o‘rtalarigacha 92 mingdan ortiq “delta” shtammi bilan kasallanish holatlari tahlil qilingan edi. Ayon bo‘ldiki, u asosan hali 50 ga ham to‘lmagan hali navqiron odamlarga yuqayotgan ekan. Kasallanganlarning yarmidan ko‘pi (53 822 nafari) o‘zini emlatmagan.

Ana shu, emlanmagan va “delta” yuqtirib olgan guruhdan 52 mingdan ortig‘ining yoshi 50 dan kichik bo‘lgan. Bu 97 foiz degani. Qolgan 3 foiz yoki 976 kishini keksalar tashkil qilgan.

Yangi shtammdan Britaniyada jami 117 kishi vafot etdi. Bu 25 - iyundagi ma’lumot. Kasallik yuqtirayotganlar aksari yoshlar bo‘lsa, o‘layotganlarning mutlaq ko‘pchiligi qariyalar: 117 qurbondan atigi 8 nafarining yoshi 50 dan kichik bo‘lgan.

Shunday qilib, Britaniya SSV hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda “delta” shtammini yuqtirish xavfi eng yuqori qatlam bu — hali emlanmagan yoki vaksinaning faqat bir dozasini olgan 50 yoshdan kichik odamlardir.

Yevropa: chetdan kirishga cheklovlar

Britaniyada “delta” tarqalishi tufayli Germaniya angliyalik sayyohlar uchun cheklovlar joriy qildi: endilikda Buyuk Britaniyadan Germaniyaga borayotgan har bir odam ikki hafta karantinda o‘tirishi kerak — hatto koronavirusga qarshi emlangan yoki testi manfiy chiqqan bo‘lsa ham. Kansler Angela Merkelь YeIga a’zo barcha mamlakatlarda shunaqa ehtiyot choralari ko‘rilishiga erishmoqchi.

“Delta” shtammi tarqalishi tufayli endi Fransiyada koronavirusning to‘rtinchi to‘lqinini kutishmoqda. Bu haqda 30 - iyun kuni hukumatning ilmiy maslahatchisi Arno Fontane ma’lum qilgan.

“Yangi kasallanganlarning qariyb 20 foizi aynan “delta” yuqtirgan. Ushbu shtammning ulushi foizlarda o‘sishda davom etmoqda, to‘liq ifodada emas, chunki umumiy kasallanish holatlari kamayyapti”, deydi Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri Olivye Veran.

Vazirning aytishicha, kasallik tarqalishi sur’ati halokatli darajada emas, chunki odamlar emlanmoqda. Ammo virus yuqtirganlar orasida “delta” aniqlangan holatlar tobora ortyapti.

“Delta” Rossiyada: shifokor izohi

Aholini emlash sust kechayotgan Rossiyada hozirda qancha odam “delta” bilan og‘riganini aytish qiyin. Rossiyalik virusolog Georgiy Bazikin Sankt-Peterburgga oid ma’lumotlarni keltirgan: may oyida yangi kasallanishlar sonining yarmidan ko‘proq qismi “delta” hissasiga to‘g‘ri kelardi, iyun oyiga kelib bu ko‘rsatkich 90 foizdan oshdi. Moskva ma’muriyati ham poytaxtga doir ko‘rsatkich 90 foiz ekanini aytgandi. 29 - iyun kuni esa “Rospotrebnadzor” rahbari Anna Popova Rossiyaga yana bir yangi shtamm — “delta plyus” kirib kelganini ma’lum qildi.

OsloMet universiteti dotsenti Yuriy Kiselyov “Nastoyashcheye vremya” telekanaliga bergan intervyusida “delta” shtammi avvalo biologik xossalari o‘zgargani sababli xavfli sanalishini, mavjud ma’lumotga ko‘ra, kamida bir necha karra yuqumli ekanini aytgan.

Rossiyaga navbatdagi yangi tur — “delta plyus” kirib kelgani haqidagi xabarga izoh berarkan, mutaxassis bu ma’lumotning to‘g‘riligini shubha ostiga olgan:

— Bu yerda savolga o‘rin bor: u bizga kirib kelganmi yoki shu yerning o‘zida evolyutsiyaga uchraganmi? Aholining katta qismi emlanmaganini va ular ushbu virus shiddat bilan biologik rivojlanishi va o‘zgarishi uchun barcha sharoit muhayyo bo‘lgan o‘ziga xos ulkan qozon vazifasini bajarayotganini hisobga olsak, keyingi ehtimol haqiqatga yaqinroq. Biroq, nima bo‘lganida ham “delta”ning mazkur shtammi qo‘shimcha mutatsiyaga ega va o‘sha qo‘shimcha xossasi uning hujayraga oson kirib olishini ta’minlaydi, demakki, uni yanada yuqumliroq qiladi.

Rossiya sog‘liqni saqlash tizimi mulozimlari kasallanish va o‘lim holatlari bo‘yicha ketma-ket rekord ko‘rsatkichlarni e’lon qilishmoqda. Bu “delta” shtammi shunchalik faol harakat qilishini bildiradimi?

Yuriy Kiselyovga ko‘ra, ayni paytda bu to‘g‘rida aniq bir narsa deyish qiyin. Chunki virusologik nazoratga doir ma’lumotlar manzarani to‘la tasavvur qilish uchun yetarli emas. “Shu bois bu yangi to‘lqinni “delta” shtammi ko‘tardimi yoki “delta plyusmi”, hozircha noma’lum. Ammo, virusning yuqumlilik xossasi borgan sari kuchayganini hisobga olsak, yangi to‘lqin boshlanishini oldindan taxmin qilish mumkin edi. Tabiiyki, endi odamlar ko‘proq kasallanadi, ko‘proq gospitalizatsiya qilinadi va, afsuski, ko‘proq bemorlar nobud bo‘ladi”, deya mulohaza qiladi u.

Yuriy Kiselyov intervyu davomida “delta” shtammining vaksinalarga qanchalik chidamliligi to‘g‘risidagi savolga ham javob bergan:

— Men ilmiy manbalarda ko‘rgan ma’lumotlarga qaraganda, rostdan ham vaksinalarning mazkur shtammga nisbatan samaradorligi pasayishi kutilmoqda. To‘g‘ri, “delta” shtammi manzarasida himoya darajasi avvalgidek yuqori bo‘lmas, lekin bu yerda himoyaning borligi muhim. Men vaksinani xavfsizlik kamariga o‘xshataman. U avtohalokat chog‘ida o‘lishdan 100 foizga saqlay olmaydi, ammo muayyan darajada himoya qilishi aniq, shu bois ham undan foydalanamiz, degan mutaxassis.

XS
SM
MD
LG