Линклар

Шошилинч хабар
29 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:26

Devor ortidagi hayot. Peterburgda odamlar uylarini "snos"dan qanday himoya qilishmoqda?


Sankt-Peterburgdagi aholi vakillarining qurilish loyihasiga qarshi noroziligi.
Sankt-Peterburgdagi aholi vakillarining qurilish loyihasiga qarshi noroziligi.

Peterburgda qurilishlar avj olgan – bu ishlar ko‘pincha mahalliy aholi va tarixiy merosni himoya qiluvchi faollar xohish-irodasiga zid bo‘lmoqda.

“Bezdomniy Peterburg” koalitsiyasi shahar ma’muriyati investitsiya va infratuzilma loyihalari uchun rejalagan “snos”lardan o‘z uylarini asrashga urinayotgan odamlar tomonidan tashkil qilingan edi.

“Buzho-buz” bo‘layotgan joylardan biri – Peterburgning shimoli-sharqidagi Laxta posyolkasi. Bir necha yil avval “Gazprom” posyolka yonida o‘zining yangi shtab-kvartirasi uchun osmono‘par imorat soldi. Endi uning yonidan yana ikkita bino qurishmoqchi. Yerli aholi “uyimiz va yerimizni arzongarovga sotib, ko‘chib ketishga majbur qilishadi”, deya xavotirga tushgan.

Yana bir misol: Peterburg janubida asosan eski uylardan iborat Narva zastavasi nomli tarixiy mavze bor. Avvalboshda eski uylarni “renovatsiya” doirasida buzish taklif qilingan edi, biroq keyinchalik “snos” qoldirildi. Narva zastavasi ahli “renovatsiya” rejasi uzil-kesil bekor qilinishiga erishmoqchi.

Qurilishlarga qarshi aksiyalar har doim ham odamlarning o‘z uylarini saqlab qolishga intilishi bilan bog‘liq bo‘lavermaydi. Chunonchi, Peterburg markazidagi Oxta burnida “Gazprom” biznes markaz qurishni rejalagan – faollar hududda olib borilgan qazish ishlari chog‘ida arxeologik yodgorliklar topilganini ta’kidlab, qurilishga xalal berishmoqda.

Shu kabi voqealar “Okno” platformasining “Devor ortidagi hayot” filmidan o‘rin olgan.

Peterburgda yashovchilar va shaharni himoya qilayotgan faollarning hikoyalari

Laxta

– “Laxta-Sentr”ni, sohilbo‘yidagi hashamatli imoratlarni drondan shunaqa ustalik bilan tasvirga olishadiki, eski turar-joy dahasi umuman ko‘rinmaydi. Odamlar buni ko‘rib: “Osmono‘par binolarning narigi tarafida hayot yo‘q ekan-da”, deb o‘ylashi mumkin. Holbuki, bu yerda necha avlod almashib yashayotgan oilalar bor. Mutasaddilar eski daha va “Laxta-Sentr” o‘rtasida devor qurish bilan narigi tarafda yashovchi barcha insonlar yuziga tupurishdi, go‘yo.

– Men bu yerda 70 yil istiqomat qildim. Manavi uylar xuddi men tug‘ilgan paytlar qurila boshlangan. 1953-yildan. Posyolkada bari imorat bir paytda qurilgan. Shu bois odamlar bir oiladek yashashadi, hamma bir-birini taniydi. Bu yerdan ko‘chib ketishni tasavvur qilish qiyin. Hammasi o‘z-birlar, hammasi qadrdonlarim.

Endi bu yerda transport infratuzilmasi bo‘larmish. Qanaqa yo‘llar solishadi va ular qayerga olib borishi mumkin – aqlimga sig‘maydi. Hech kim tushuntirmaydi, jimlik. Go‘yo, yangi baland imoratlarga eltadigan qanaqadir yo‘llar bo‘lishi kerakmish. Internetda o‘qidim: baland binolardan biri xuddi ko‘rfazda qurilishi kerak ekan, orolcha barpo qilib, uning ustida qurilar emish. Ikkinchisi esa Fin ko‘rfazi sohilida bo‘larmish. Nima keragi bor? Hayronman. Dastlab bizga: “Bemalol yashayveringlar, sizlarga hech kim tegmaydi. Sizlar bilan “Gazprom” binosi orasi bog‘ qilinadi”, deyishgandi. Ya’ni, hozir devor va har xil omborlar bor qurilgan joyda. Aslida bular bo‘lmasligi kerak, chunki u yer ilgari daraxtzor edi. Shu yil kesib tashlashdi daraxtlarni. Saqlab qolishga harakat qildik, bunday qilmanglar, yaxshi emas, dedik. Azamat daraxtlar bor edi-ya. Qanday qilib shahar markazidagi daraxtlarni kesish mumkin? Ruxsatnoma olganmiz, deyishdi. Lekin bizga hech kim rasmiy ma’lumot bermaydi, mish-mishlar bilan yashaymiz: uni buzisharmish, buni qurisharmish, kabi.

O‘tgan yili bizga tegishli yerlarning kadastr qiymatini 30 foizga pasaytirib qo‘yishdi. Bir og‘iz ogohlantirmasdan.

– Uylarimizni baholashdi. Masalan, mening uyimni 1 mln 600 ming rublga narxlashibdi. Bu pulga nimayam olardim? O‘zimning bir xona uyimga teng uy bermaydi. Biz bu uyni 1978-yilda olganmiz. Otam leningradlik, buvim, xolalarim – butun qamal davrini shu yerda kechirganlar. Hatto Leninni ko‘rganlar. Mening yoshimda yangi hayot boshlash – dahshat. Hatto tasavvur qilolmayman.

– G‘irrom o‘yin qilmay, uch yildan keyin uylaringiz buziladi, mana pul, boshpana izlanglar, deyishsa boshqa gap edi. Xalq chamadon ustida kutmasdan, hozirligini ko‘rgan, boshqa uy qidirgan bo‘lardi. Uch yil burun bu uylar bahosiga nimadir sotib olish mumkin edi, chunki yer-joy va qurilish mollari arzonroq edi. Hozir ular taklif qilayotgan pulga nima beradi? Yana-tag‘in bozor narxi shu, deganlariga o‘laymi. Bozor bahsi talab va taklifdan kelib chiqadi. “Snos”ga tushgani ovoza qilinganidan so‘ng bu uylarga qanaqa talab bo‘lishi mumkin? Mana shunaqa tirriqlik qilishayotgani, hokimiyat biz bilan gaplashmay, zimdan ish ko‘rayotgani odamlarga juda yomon ta’sir qilyapti. Hammasi ochiq-oydin, halol bo‘lishi kerak. “Gazprom”, mana shu 74 ta xonadonga uy-joy qilib bersa qashshoqlashib qolmasdi.

– Uyimizni 2001-yilda sotib olganmiz. Qarzga botdik, kredit oldik. Ular bo‘lsa odamlarning shunchaki turmushini emas, butun hayotini barbod qilishmoqda. Biz pensioner bo‘lsak, so‘nggi 22 yilda topgan bor pulimizni uy-joyga sarflaganmiz – dam olish, sayohat qilishdan voz kechib. Bolalarimiz, nabiralarimizga qolsin, deb. Kuch-quvvatimizni ayamadik. Biz uchun uy – muqaddas narsa, odamlarning yarim umri shunga ketadi. Ko‘p hollarda, bu – farzandlarimiz qoldiradigan yagona bisotimiz. Chunki pul-mul jamg‘arishimiz juda qiyin.

Ular esa bizning hayotimizni oyoq osti qilib, hamma narsani hayvon kabi toptashmoqda. Inson hayoti bilan o‘ynashish, uni toptash orqali milliardlab pul topishga kimga huquq berilgan? Bu mamlakatda oddiy odamlar bilan hech kim hisoblashmaydi, shekilli.

Ular yana, bizni g‘orat qilishmoqchi. Har xil qonunlar, qarorlar chiqarishganki, ularga binoan bizning umuman hech qanaqa huquqimiz yo‘q. Kadastr narxlarini pasaytirishdi, atay, ketma-ket bir necha yil pasaytirishdi. Bu nimasi, hamma yoqda uy-joy bahosi ko‘tarilayotganda nega bizniki tushib ketar ekan? Infratuzilma yaxshilanib, yonimizda metro paydo bo‘ldi – bular bari narxni oshiradi. Lekin ular sun’iy ravishda kadastr qiymatini pasaytirishdi. Aynan kimligini bilmaymanu ammo bizning hayotimiz, bizning shahrimiz ustidan farmonbardorlik qilayotgan bu – shahar ma’muriyati va yirik qurilish korchalonlari. Ular shaharga achinishmaydi, chunki kindik qonlari bu yerda to‘kilmagan, ota-onalarimiz va bobo-buvilarimiz kabi qamalni boshidan kechirishmagan, dushmandan mudofaa qilishmagan. Ularning dardi faqat pul, boylik. Boshqa maqsadlari yo‘q.

Oxta burni

– Arxeologik yodgorliklarni saqlab qolish harakati ancha oldin, deyarli ular topilgan paytdan boshlangan, o‘shanda bu yerda osmono‘par bino qurmoqchi bo‘lib turishgandi (“Gazprom” yangi shtab-kvartirasini dastlab Oxta burnida qurmoqchi bo‘lgan, biroq norozilik chiqqach uni Laxtada qurgan). 2010-yilda faollar g‘alabaga ishonishmasdi, lekin qattiq turishdi va natijada o‘sha beo‘xshov imorat bu yerda qurilmadi. Chunki bu unikal joyga ichimiz achiydi, u nafaqat Peterburg va Rossiya, balki butun dunyo uchun qadrli. Aynan Peterburg uchun xudo bergan omad deb bilaman, chunki sayyohlik durdonasiga aylantirish mumkin. Buning o‘rniga yovvoyilarcha devor bilan o‘rab qo‘yishibdi. Bu yerda neolit davri manzilgohi, XIII asrga oid handaq shahar hamda 1301-yilda Andrey Gorodetskiy qo‘shini zabt etgan Landskrona qal’asi qoldiqlari mavjud. Shuningdek, Niyenshans mudofaa inshootlari, bastionlar, Oxta verfi ham. Shularning barini qanaqadir biznes markazni deb buzib tashlashmoqchi. Nima, bizda yer qahatmi shunchalik? O‘taketgan johillik, yovvoyilik-ku bu? Sudlar gapingizga quloq solmaydi. Qo‘hna tuproq imoratlarning yonginasida – yerosti garajlari bor katta imorat qurishga ruxsat berishibdi! O‘zingiz o‘ylang: Pyotr I Niyenshans qal’asini o‘z bosh bo‘lib zabt etgan, mana bu daryoda cho‘milgan. Axir bu tariximiz-ku. Tepadagilar tanalariga o‘ylab ko‘rsinlar. Agar bu yodgorliklar yo‘q qilinsa, biz qatori Vladimir Putin, Aleksey Miller va boshqa katta rahbarlarning avlodlari ham ularni ko‘rish baxtidan mosuvo bo‘ladi. Shunday ekan, yodgorliklarni asrash barchamizning umumiy ishimiz bo‘lishi kerak.

СНОС - Мирусмоновларнинг 7 йиллик кураши
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:03 0:00

Bezdomniy Peterburg

– Bu yerga har birimiz o‘z dardimiz bilan kelganmiz. Deyarli barcha – uy-joyi tortib olinayotgan odamlar. Biroq bu masalalar har bir shaharlikka daxldor. Mamlakat shunaqa ahvolda. Shaharning ortiqcha puli bormi? Ko‘chalarni tozalashga pul yo‘q, texnika yetishmaydi, yo‘llar abgor – shunday bo‘laturib nega allaqanday mantiqsiz inshootlaru migalkali mashinalarni tez o‘tkazib yuborishdan boshqa narsaga yaramaydigan transport bog‘lamalariga katta-katta mablag‘lar sarflanishi kerak? Nima uchun shaharliklarni oyoqqa turg‘izmaymiz, nega yosh gvardiyachilar kabi atigi 15-20 kishimiz? Axir butun shahar taqdiriga daxldor ish-ku bu? Kelinglar, maqsadimizni odamlarga yetkazaylik. O‘n minglab hamshaharlarimizni birlashtiraylik.

XS
SM
MD
LG