Qozog‘istonda «Qantar» (Yanvar) voqealari deb bilingan 2022-yildagi qonli voqelardan uch yil o‘tib, Olmaotadagi sud ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, ularda ishtirok etish va boshqa jinoyatlarda ayblangan 44 kishiga nisbatan hukm chiqardi. Dastlabki majlislardan birida Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq birinchi o‘rinbosari va sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning jiyani Samat Abishning nomi tilga olingani ortidan sud jarayoni jamoatchilik uchun yopilgandi.
Ozodlik qozoq xizmatining yozishicha, Milliy xavfsizlik qo‘mitasining yuqori martabali mulozimi 2022-yil yanvar oyida "hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish maqsadida" ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish uchun jalb qilingan jinoiy guruhga homiylik qildi – 27-yanvar kuni chiqarilgan hukmga ko‘ra, tergov organlari, davlat ayblovchisi va sud qonli yanvar voqealarini shunday talqin qilmoqda.
Ish materiallariga ko‘ra, jinoiy guruhni "Dikiy Arman" ("Yovvoyi Arman") nomi bilan tanilgan kriminal avtoritet Arman Jumageldiyev boshqargan. Guruhning "kuratori" Milliy xavfsizlik qo‘mitasining beshinchi departamenti sobiq rahbari Ruslan Iskakov deb ko‘rsatilgan.
Ishda ta’kidlanishicha, ularga o‘sha paytda Olmaota Maslahati deputati Qayrat Kudaybergen ham qo‘shilgan.
BIR YARIM YILDAN 20 YILGACHA
Sud Jumageldiyevni ommaviy tartibsizliklar, odam o‘g‘irlash, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish, jinoiy guruh tuzish va bosqinchilikda ayblab, 20 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Iskakov 15 yarim yilga qamaldi. Unga odamlarni o‘g‘irlagan jinoiy guruhga homiylikdan tashqari, hokimiyatni suiiste’mol qilish aybi ham qo‘yildi.
Kudaybergen tartibsizliklarni uyushtirganlikda ayblanib, sakkiz yilga qamalgan.
41 kishi bir yarim yildan 15 yarim yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.
Tergov va ayblovning fikricha, Jumageldiyev (u Turkiyadan Qozog‘istonga yanvar voqealaridan bir necha hafta oldin kelgan) va uning tarafdorlari Iskakovning buyrug‘i bilan Olmaotadagi Qantar kunlarida Respublika maydoniga chiqishgan, u yerda minglab odamlar to‘plangan, norozilik namoyishlari tartibsizliklarga, ma’muriy binolarni bosib olish va yoqib yuborishga, talonchilikka aylanib ketgan edi. Jumageldiyevga Qozog‘iston rahbariyatiga talablar qo‘yish uchun noqonuniy organ yaratish aybi ham qo‘yildi.
Sud tomonidan e’lon qilingan materiallarda ushbu voqealarda Milliy xavfsizlik qo‘mitasining roli aniqlashtirilmagan, biroq sudning ta’kidlashicha, "2022-yil 5-yanvardan 6-yanvarga o‘tar kechasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbariyati qo‘lga olingandan so‘ng, Iskakov ommaviy tartibsizliklar rejasining muqarrar ravishda barbod bo‘lganini anglab, jinoyat izlarini yashirishga qaror qilgan, Olmaota shahridagi vaziyatni barqarorlashtirish bahonasida u Jumageldiyevga odamlarni o‘g‘irlash va ularni "Qozog‘iston" va The Ritz Carlton Almaty mehmonxonalarida saqlashni buyurgan."
Ish ma’lumotlariga ko‘ra, Jumageldiyevning odamlari "to‘ntaruvchilar va tartibsizliklar ishtirokchilari bilan kurashish niqobi ostida tinch aholini noqonuniy ushlab turishgan," ularni "shafqatsiz kaltaklashgan, tintuv qilishgan, tahqirlashgan va so‘roq qilishgan," ba’zilarini videoyozuv orqali o‘g‘irlikka iqror bo‘lishga majburlashgan.
"Olmaota shahrida tartibni tiklash va ishonchli alibi yaratish bahonasida Jumageldiyev to‘dasi va uning tarafdorlari Olmaota shahar FVB yong‘in o‘chirish mashinasini qaytargan va 12 ta shahar shifoxonasini qo‘riqlashni tashkil qilgan, shuningdek, Olmaota aholisiga oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatish tashabbusi bilan chiqqan. Jumageldiyev tartibsizliklar ishtirokchilariga qarshi kurashgan va uning barcha harakatlari u uyushtirgan jinoyatlar izlarini yashirishga qaratilganligi aniqlangan," deyiladi sud bayonotida.
Jumageldiyevning himoyasi ayblov va hukmga rozi emas.
– Uzoq davom etgan bu jarayonning yakunini asossiz, adolatsiz, vijdonsiz deb hisoblaymiz. Albatta, apellyatsiya beramiz, – dedi Jumageldiyevaning advokati Rena Kerimova hukm e’lon qilingandan so‘ng. – Himoyamiz ostidagi shaxsning aybsizligini isbotlovchi dalillarning to‘liq to‘plami sudga taqdim etilgan deb hisoblaymiz. Nima uchun sud bizning dalillarimizga xolis baho bermaganini hukmning to‘liq matnini o‘rgangandan so‘ng bilib olamiz. Jarayonni baholay olmayman, chunki u yopiq rejimda o‘tdi, ammo natijalardan norozimiz.
Sudda jabrlanuvchining, ya’ni qamoqqa olingan va qiynoqqa solingan shaxslarning manfaatlarini himoya qilgan advokat Aynar Aydarxonova hukmni asosli deb hisoblaydi, ammo uning ustidan shikoyat qilish niyati borligini aytadi.
– Bugun sud e’lon qilgan jazoga biz rozimiz. Hukm ularning qilmishi uchun qonuniy va asosli deb hisoblaymiz. Lekin yetkazilgan zararni undirish haqidagi talablar bo‘yicha shikoyat qilamiz. Jabrlanganlardan da’vo arizasi berganmiz. Sud qaroriga ko‘ra, 44 nafar sudlanuvchidan bir million tenge miqdorida jarima undirilmoqda. Bu juda kam, – dedi Aydarxonova.
SUD XRONOLOGIYASI
Ushbu ish bo‘yicha sud jarayoni 2023-yil sentyabrda jamoatchilikdan yopildi. Bu birinchi majlislarning birida Ruslan Iskakov Qantar paytida unga birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning jiyani va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abish buyruq berganini aytganidan so‘ng yuz berdi.
O‘sha paytda maxsus xizmatdagi lavozimini tark etgan Abishdan tergov organlari shubhalanmayotgan edi. U sobiq Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbariyatidan ozodlikda qolgan yagona shaxs edi: qo‘mitaning sobiq raisi Karim Masimov va uning Abishdan tashqari o‘rinbosarlari davlat to‘ntarishiga urinish va hokimiyatni suiiste’mol qilishda ayblanib, 3 yildan 18 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Ko‘p o‘tmay Abishga Qantar paytida "hokimiyatni suiiste’mol qilganlik" aybi qo‘yildi. O‘tgan yilning mart oyida u sakkiz yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilingani ma’lum bo‘ldi.
Qonli voqealarda Abishning roli noma’lumligicha qolmoqda: u ham yopiq sud jarayonida hukm qilingan, bu ishda davlat sirlari mavjudligi bilan tushuntirildi.
Britaniyalik tadqiqotchi, PRISM siyosiy xatarlar va biznes tahlillari bo‘yicha konsalting agentligi eksperti hamda Chatham House tahlil markazining Rossiya va Yevroosiyo bo‘yicha mutaxassisi Keyt Mallinson 2024-yilda yanvar voqealari sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning oila a’zolari 2022-yil yanvarda amalga oshirgan to‘ntarishga urinish bo‘lganini yozgan edi. U bunday xulosalarga kelishga asos bo‘lgan manbalarni ko‘rsatmagan.
Yanvar voqealaridan keyin ko‘plab imtiyozlardan mahrum bo‘lgan va kamdan-kam hollarda omma oldida ko‘rinadigan sobiq prezident Nursulton Nazarboyev Abishning hukmiga izoh bermadi.
U Abishning ukasi, iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, olti yilga qamalgan, Qayrat Satibaldi ustidan o‘tkazilgan suddan so‘ng qisqacha izoh bergan (Satibaldi allaqachon muddatidan oldin ozodlikka chiqarilgan).
2022-yil noyabrda Nazarboyev hukm "adolatli deb o‘ylash kerak, agar kimdir bu qarorga rozi bo‘lmasa, bahslashishi kerak. Bunday masalalar sud tizimi vakolatiga kiradi", degan edi.
"Yovvoyi Arman" ishi bo‘yicha sud jarayoni videoyozuvlari Youtube'ga joylashtirildi. Ayrim parchalarning davomiyligi bir soatdan oshadi.
Videoda Jumageldiyev, Iskakov, boshqa sudlanuvchilar va ish bo‘yicha guvohlarning chiqishlari qayd etilgan. Jumageldiyevning himoyasi uning Youtube kanalini yaratishga aloqasi yo‘qligini, chunki u Milliy xavfsizlik qo‘mitasi izolatorida ekanligini va internetga kirish imkoniyati yo‘qligini aytdi.
Prokuratura yopiq sud videosining tarqalishini tekshirayotganini ma’lum qildi va jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Biroq ayblanuvchilar sobiq yuqori martabali amaldorlar, jumladan, Abishni bir necha bor tilga olgan ushbu videoyozuvlarni kim va nima maqsadda joylashtirgani haqidagi tafsilotlar hali ham yo‘q.