Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Dog‘iston muftiyati niqobga vaqtincha taqiq joriy etdi


Dog‘iston muftiyati fatvo bo‘limi qarori asosida respublika hududida niqobni vaqtincha taqiqlagan. Bu haqda respublika muftiyati telegram-kanalida aytilgan.

Avvalroq fatvo bo‘limi niqobni yoppasiga taqiqlash uchun yetarli asos yo‘qligi, biroq bunday taqiq xavfsizlik mulohazasidan kelib chiqqan holda muayyan maskan uchun joriy etilishi mumkinligini bildirgan edi. “Aniqlangan xavf-xatar bartaraf qilinib”, yangi fatvo chiqarilguniga qadar niqobga vaqtincha taqiq kiritilishiga Dog‘iston milliy siyosat va din ishlari bo‘yicha vazirligining murojaati asos bo‘lgan.

Avvalroq Dog‘iston muftiysi Ahmad Abdullayev “mintaqada to‘la tinchlik va osoyishtalik” o‘rnatilguniga qadar niqobga taqiq vaqtincha chora bo‘lishi mumkinligi haqida gapirgan edi. Muftiy bu chorani koronavirus epidemiyasi chog‘ida kiritilgan cheklovlar bilan qiyoslagan. Shu tariqa, fatvo bo‘limining nuqtayi nazari muftiyning aytganlari bilan ko‘p jihatdan o‘xshash.

Ozodlikning “Kavkaz. Realii” loyihasi xabariga ko‘ra, Ahmad Abdullayev niqob taqiqiga oid fatvo chiqishi mumkinligi haqida respublika rahbari Sergey Melikovning fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvi chog‘ida bildirgandi. Mazkur uchrashuv 23-iyun oqshomida Mahachqal’a, Darband va Moskvada cherkov va sinagogaga hujumlar ortidan o‘tkazilgan. Bu hujumlarda ishtirok etgan shaxslar erkak kishilar bo‘lib, ular orasida hech kim niqob taqmagan edi.

Niqobga qarshi dastavval Dog‘iston rahbari Sergey Melikov chiqish qilgan edi. Mulozim bu kabi kiyim-bosh “erkaklarga ro‘mol ostiga yashirinish, ayollarga esa keng-mo‘l ro‘dapo ostida taqiqlangan buyumlarni tashish imkonini beradi”, deya iddao qilgan. Shunga o‘xshash fikrni Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin ham bildirgan.

Bastrikinning bu gapiga javoban Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bu kabi bayonotlarni berishda “o‘ta ehtiyotkor bo‘lish”ga chaqirgan. Moskva jome’ masjidi bosh imomi Ildar Alyautdinov esa niqobni taqiqlash Rossiya jamiyatida taranglikka olib kelishi mumkinligini bildirgan.

XS
SM
MD
LG