Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:22

"Dubl 2": Prezident saylovi arafasida Toshkent kinochilarga qizil gilam to‘shadi


Prezident saylovlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston poytaxti Toshkent shu kunlarda yirik kino anjumaniga ham mezbonlik qilmoqda.
Prezident saylovlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston poytaxti Toshkent shu kunlarda yirik kino anjumaniga ham mezbonlik qilmoqda.

O‘zbekistondagi prezident saylovi arafasida poytaxt Toshkent yirik kino anjumaniga mezbonlik qilmoqda.

“Ipak yo‘li” durdonasi Toshkent xalqaro kinofestivali rasman sovet davrida O‘zbekiston poytaxtini “Sharq yulduzi” deya ko‘z-ko‘z qilgan “Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi” kinofestivalining davomi sifatida taqdim qilinmoqda.

37 davlatdan 400ga yaqin kinochilar tashrif buyurgan festival tashkilotchilarga ko‘ra, anjuman o‘zbek kinosi va O‘zbekistondagi yangilanishlarni dunyoga tanitishga xizmat qiladi.

Homiylik asosida o‘tkazilayotgani aytilgan anjuman xarajatlari ochiqlanmayapti.

Prezident saylovlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston poytaxti Toshkent shu kunlarda yirik kino anjumaniga ham mezbonlik qilmoqda
Prezident saylovlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston poytaxti Toshkent shu kunlarda yirik kino anjumaniga ham mezbonlik qilmoqda

28 - sentabr kuni Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishida Lyuk Besson, Franko Nero, Nikita Mixalkov, Mitxun Chakraborti,Filipp Kirkorov, mashhur turk seriallari yulduzlari O‘zkan Deniz, Melisa Pamuk, Sefa Zenginlar faxriy mehmonlar orasida ko‘rindi.

Festivalning bosh mehmoni esa, AQShda jinoiy javobgarlikdan qochib Rossiya vatandoshligini olgan aktyor Stiven Sigaldir.

Festivalning bosh mehmoni AQShda jinoiy javobgarlikdan qochib Rossiya vatandoshligini olgan aktyor Stiven Sigaldir.
Festivalning bosh mehmoni AQShda jinoiy javobgarlikdan qochib Rossiya vatandoshligini olgan aktyor Stiven Sigaldir.

Festivalning VIP-mehmonlari orasida soliq to‘lashdan qochib fransuz vatandoshligidan voz kechgan Jerar Depardye ham bor.

G‘arblik bu ikki kino arbobi so‘nggi yillarda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqinligi bilan ham tanilgan.

Toshkent xalqaro kinofestivali 1968 - yildan 1988 - yilgacha har ikki yilda o‘tkazib kelingan.

Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi xalqaro kinofestivali dunyodagi eng yirik kinoforumlardan biri bo‘lgan.

2021 - yilda Toshkent xalqaro kinofestivali “Ipak yo‘li durdonasi” nomi ostida qayta tiklandi va mamlakat mustaqilligi tarixidagi eng yirik kinoforum sifatida taqdim etilmoqda.

Kinofestival tashkilotchisi bo‘lgan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi matbuot kotibi Nozim Safarining Ozodlikka aytishicha, festivalda dunyoning 30 mamlakatidan 50 dan ortiq film namoyish etiladi.

“Chet el filmlaridan tashqari, o‘zimizning kinoijodkorlar ishlagan “101 Reys”, “Bir kunlik to‘y”, Rashid Malikovning “Tutqunlik” filmlari taqdim etiladi. Maqsad kino sanoatiga yangi nafas olib kelish, yangi shartnomalar imzolash. Mehmonlarni O‘zbekistonda kino olish mumkin bo‘lgan lokatsiyalar bilan tanishtirish. Ular O‘zbekistonni bilgani bilan qanday tabiiy dekoratsiyalar borligini bilmasligi mumkin”, - deydi Nozim Safari.

Toshkentda kinofestival o‘tayotgan ayni pallada poytaxtda “Shon-shuhrat alleyasi barpo etildi. U yerda ilk yulduz taniqli o‘zbek kinorejissyori Shuhrat Abbosov sharafiga qo‘yildi.

Toshkentdagi Shon-shuhrat alleyasida ilk yulduz taniqli o‘zbek kinorejissyori Shuhrat Abbosov sharafiga qo‘yildi.
Toshkentdagi Shon-shuhrat alleyasida ilk yulduz taniqli o‘zbek kinorejissyori Shuhrat Abbosov sharafiga qo‘yildi.

“Gastronomik tadbir"

Ozodlik suhbatlashgan kinomunaqqidlar Toshkentda ochilgan festivalning kino ravnaqiga xizmat qilishini savol ostiga olishdi.

Rossiyada ijod qilayotgan o‘zbekistonlik kinoaktyor va rejissyor Ulug‘bek Yo‘ldoshev Toshkentdagi festivalni “kino san’atiga aloqasi yo‘q oshpazlik va gastronomik tadbir" deb ataydi.

“O‘zbekistondagi qo‘shtirnoq ichidagi “o‘zgarayotgan voqealar”ni mehmonlarga ko‘rsatish maqsad qilingan gastronomik va turistik bir tadbir bu. Bugun ayrim mehmonlar Buxoro, Xivaga olib ketilyapti, u yerda oshxo‘rlik qilinadi. Buni kinoga umuman aloqasi yo‘q va kinofestival bunaqa o‘tkazilmaydi. Oldingi paytlar Toshkentda festivallar naf ko‘rish uchun o‘tkazilgan. Hozirgi festivalda esa, bor pulimizni sarflab, chet ellardan mehmonlarni olib kelib yo‘q narsani bor deb ko‘rsatyapmiz.

Kino yo‘q O‘zbekistonda. Murod Rajabov fotihasini o‘qib ketganlar va Murod akani fikriga qo‘shilaman. Hozirgi ishlanayotgan kinolar kino san’atining yaqinidan ham o‘tmaydi. Unga davlat byudjetidan pul sarflab, o‘n foizini ham qozonmasa nima keragi bor bunaqa kinolarni”, - deydi Yo‘ldoshev.

O‘zbekistonlik rassom Shuhrat Bobojon Toshkentdagi kinofestivalni kino san’atiga aloqasi yo‘q tadbir deb atadi.

"Toshkent kinofestivali tashkil qilingan paytda sovuq urush boshlangandi. SSSR o‘zini tarafdorlarini Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq Osiyodan izladi. Ular uchun kinofestival qilib berildi va buning uchun Toshkent tanlangan edi. A gruppadagi festivallarga kirib bilmaydigan kinochilar o‘shanda Toshkentga kelishgandi. U festivalni orqasida SSSR degan davlat bor edi. Maqsad kommunizmni yoyish va tarafdorlarni ko‘paytirish edi. Hozir kimlarnidir xohishi bilan o‘tkazilayotgan Toshkentdagi festival kino dunyosida o‘rni yo‘q bir tadbir. Kimdir buni nostalgiya uchun qilayotgan bo‘lishi mumkin, lekin kino san’ati uchun bu tadbirni foydasi yo‘q", - deydi Shuhrat Bobojon.

“Tanlovsiz festival”

Taniqli o‘zbekistonlik aktyor va multipikator Nozim To‘laxo‘jayev Toshkentdagi kinofestival tanlovsiz o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratdi.

“Go‘yoki qayta tiklangan hozirgi festival tanlovsiz o‘tkazilyapti. Tanlov yo‘q. Shuning o‘zi bema’nilik. Qanday qilib festival tanlovsiz, jyuri a’zolarisiz bo‘lishi mumkin? Mayli, pul mukofoti berilmasin, “Oskar” ham pul mukofoti bermaydi. Lekin tanlov bo‘lishi kerak! Nominatsiyalar bo‘lishi kerak. Bu yerda banketlar, tarixiy shaharlarga ziyorat. Chet ellik mehmonlarga tarixiy obidalarni ko‘rsatish ham kerakdir, lekin unda bu tadbirni kinofestival deb nomlamaslik kerak”, - deydi Nozim To‘laxo‘jayev.

Ozodlik Toshkentdagi festival nega tanlovsiz va jyuri a’zolarisiz o‘tkazilayotgani haqidagi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi matbuot kotibi Nozim Safariga berdi.

Safari festival doirasida ikki yo‘nalish bo‘yicha yosh rejissyorlar uchun mini tanlov o‘tkazilishi, tanlov g‘oliblariga 7 ming AQSh dollaridan 15 ming AQSh dollarigacha pul mukofoti belgilanganini aytdi.

“Bu yosh rejissyorlarning “Dunyo yoshlari kinosi Yangi O‘zbekistonda” qisqa metrajli filmlar festivali, “Kino besh kunda” konkurs dasturining «Yangi avlod kinosi». Tanlovlar uchun hay’at a’zolari shakllantirilgan. Hay’at raisi rejissyor va prodyuser Timur Bekmambetov. Mingdan ortiq ishlardan 25 ta nomzod tanlab olingan. Undan tashqari boshqa festivallarda g‘olib bo‘lgan, nominatsiyaga qo‘yilgan dunyo filmlari namoyishlari festival doirasidan o‘rin olgan. Yangi o‘zbek filmlari premyeralari ham shular jumlasidan”, - dedi Safari.

2000-yillar boshida O‘zbekistonning marhum birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Toshkentda o‘tkazib kelgan "Oltin gepard" kinofestivaliga chet ellik kino va shou-biznes yulduzlarini millionlab dollar gonorar evaziga taklif etgani uchun tanqid qilingandi.

Karimovaning xos tadbirlarida qatnashgan Sting, Xulio Iglesias, Monserat Kabalye, Rod Styuart, Tarkan¸ Xose Karreras kabi san’at yulduzlarining Toshkentga kelishi uchun ularning har biriga kamida 1 million yevrodan to‘langani aytiladi. Bu yulduzlarning ayrimlari O‘zbekistondagi inson huquqlarining ayanchli ahvoli sabab “diktator qizi” bilan aloqalari bois o‘z mamlakatlarida tanqidlar ostida qolgan.

Rejissyor Ulug‘bek Yo‘ldoshevga ko‘ra, bu safar Toshkentdagi festivalga o‘z mamlakatlarida jinoiy javobgarlikdan qochib, Rossiya prezidenti pinjiga yashiringan odamlar chaqirilyapti.

“Menga kelgan ma’lumot bo‘yicha bu festivalga prezident tomonidan 3 million dollar ajratilgan. Bundan tashqari, tijorat banklari, katta korxonalar sponsorlik qilmoqa. Toshkent shahri ham pul ajratgan, chunki mezbon shahar.

Chet ellik mehmonlar bepulga kelmaydi. Stiven Sigal Hollivudda “qora ro‘yxat”ga tushib, Rossiyada javobgarlikdan qochib yurgan bir aktyor. Hozir kino bilan shug‘ullanmaydi. Yoki Filip Kirkorov qo‘shiqchi bo‘lsa. Nima keragi bor falon pul to‘lab olib kelishni”, - deydi Yo‘ldoshev.

Britaniyada yashovchi o‘zbekistonlik tahlilchi Alisher Ilhomov Toshkentdagi festivalga taklif etilgan Stiven Sigalni tadbir tashkilotchilari emas, Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi kutib olganiga e’tibor qaratdi.

“AQShda jinoyat ishi ochilgan Stiven Sigal Toshkentga keldi, u Rossiya Federatsiyasini tamsil etmoqda. Aeroportda uni festivalning o‘zbek tashkilotchilari emas, balki Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi kutib oldi. Demak u o‘zini kinofestivalga taklif qilgan”, - deb yozdi Ilhomov o‘z Feysbuk sahifasida.

Kinofestival tashkilotchisi bo‘lgan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi matbuot xizmati boshlig‘i Nozim Safarining aytishicha, mehmonlarning tashrifi bilan bog‘liq xarajatlarni homiy tashkilotlar o‘z zimmasiga olgan.

Ularning puli homiy tashkilotlar tomonidan to‘lab berildi. Hammasi homiylar tomonidan. Bannerlarda qaysi homiylar ekani ko‘rsatilgan. Ochiq ma’lumot bu”, - dedi Safari.

Ayni paytda festival xarajatlari homiylarga qanchaga tushgan, degan savolga Safariy “aniq narsa aytolmayman” deb javob berdi.

Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi kinochilari ishtirokidagi Toshkent xalqaro kinofestivali 1968 - yildan boshlab 1988 - yilgacha o‘tkazib kelingan.

“Tinchlik, ijtimoiy taraqqiyot va xalqlar ozodligi uchun” degan shior ostida o‘tgan kinofestival 100ga yaqin mamlakatdan kelgan kinochilar anjumani sifatida shuhrat qozongandi.
Bu kinofestival ko‘pchilik o‘zbekistonliklar xotirasida Raj Kapur kabi hind va Turkon Shoray singari turk kinosi darg‘alarining ishtiroki bilani yodda qolgan.

Festival sobiq sovetlar mamlakati erishgan yutuqlarni ko‘z-ko‘z qilgani uchun unga dunyodan kommunist yoki boshqa so‘l qarashdagi ziyolilar taklif qilingan. Ular orasida vatanida turk yozuvchisi Aziz Nesin ham bor edi.

"Mirziyoyevni ikkinchi muddatga saylashga qaratilgan tadbir"

Bu safargi Toshkent kinofestivali mehmonlari orasida rossiyalik taniqli kinorejissyor Nikita Mixalkov ham bor. 2015 - yilda Ukraina Mixalkovni Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishini qo‘llab-quvvatlagani uchun Ukrainaga kirishini taqiqlagan.

Rejissyor 2007 - yilda prezident Putinga ikkinchi muddati nihoyasida prezidentlikdan ketmaslik so‘rab yozilgan xatga imzo chekkani uchun Rossiyadagi liberal ziyolilarning tanqidiga uchragandi. Mixalkov millatchilik va slavyanofil qarashlari uchun ham tanqid qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach Rossiya bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalar barobarida madaniy bordi-keldilar ham kuchaydi. Bundan avval rossiyalik ashaddiy millatchi Vladimir Jirinovskiy hamda g‘arb sanksiyasiga uchragan teleboshlovchi Dmitriy Kiselevlarning O‘zbekistonga tashrifi ijtimoiy tarmoqlarda munozaralarga sabab bo‘lgan edi.

Shu yil martida Rossiya prezidenti Vladimir Putin haqida film suratga olgan Moskvadagi "Masterskaya" kinostudiyasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev haqida film suratga olishni boshlagani xabar qilingandi.

Film tafsilotlaridan xabardor kinomunaqqid Akmal Rizayev “O‘zbekiston prezidenti haqidagi film Putin haqidagi filmga taqlidan suratga olinayotgani va O‘zbekistondagi prezident saylovlari arafasida namoyish qilish rejalanayotganini aytgan.

Toshkentdagi kinofestival tashkilotchisi bo‘lgan O‘zbekiston Kinematografiya agentligining joriy rahbari Firdavs Abduholiqov shu yil iyulida prezident Mirziyoyev islohotlari targ‘ibotiga bag‘ishlangan ko‘p milliard dollarlik teleloyiha tashabbuschisi bo‘lgan.

Abduxoliqov Islom Karimov davrida uning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova tadbirlarining yetakchi tashkilotchisi va targ‘ibotchilaridan biri sifatida tanilgan.

Karimova qamalishi bilan undan rasman yuz o‘girgan va o‘ziga qarashli matbuotda "Gulnoraning kirdikorlari"ni fosh qilgan Abduxoliqov¸ bir muddat tanaffusdan so‘ng Shavkat Mirziyoyev islohotlarining bosh targ‘ibotchisiga aylandi.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligining joriy rahbari, ayni paytda qator xususiy telekanal va axborot saytlari egasi - yirik media-magnat hamdir.

Tahlilchilarga ko‘ra, Toshkentdagi tadbir O‘zbekistonning amaldagi prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ikkinchi muddatga saylashga qaratilgan kampaniyaning bir qismidir. Prezident Mirziyoyevning festival qatnashchilariga yo‘llagan tabrigida "Yangi O‘zbekiston" yaqin va uzoq xorijdagi hamkorlarga quchoq ochayotgani urg‘ulangan.

XS
SM
MD
LG