Rossiya Davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn keyingi hafta oxiriga borib mamlakat hududida YouTube videoxostingida video yuklash tezligi 70 foizga pasayishini e’lon qildi. Bu haqda u o‘z telegram-kanali orqali bildirdi.
Xinshteyn iddaosicha, bu kabi choralar faqatgina videoxostingning desktop versiyasiga taalluqli bo‘ladi, mobil versiyaga daxl qilinmaydi. Deputatga ko‘ra, Rossiyada YouTube ishining sun’iy ravishda sekinlashtirilishi “majburiy qadam” bo‘lib, u resurs ma’muriyatining “qonunchilikni hech bir jazosiz buzayotgani va e’tiborsiz qoldirayotgani” bilan bog‘liq.
“Sodir bo‘layotganlarning hammasi pozitsiyasi g‘arb nuqtayi nazaridan farqli bo‘lgan jamoat arboblarimiz (blogerlar, jurnalistlar, artistlar) kanallarini bosqichma-bosqich o‘chirib tashlayotgan xostingning aksilrossiya siyosatining mahsuli bo‘lib hisoblanadi”, deya qayd etgan Xinshteyn.
Iyul oyi boshida YouTube ma’muriyati Ukrainadagi urushni faol dastaklab kelayotgan rossiyalik qator qo‘shiqchi va artistlarning kanallarini bloklagan. Ular orasida Shaman (Yaroslav Dronov), Grigoriy Leps, Polina Gagarina, Oleg Gazmanov va Yuliya Chicherina kabilar bor. Blokirovkaga sanksiyalarning 14-paketi doirasida AQSH va Yevropa Ittifoqi tomonidan rossiyalik qo‘shiqchilarga qarshi kiritilgan cheklov choralari sabab bo‘lgan.
Deputat Xinshteyn Rossiyada Youtube ishining sekinlashishiga rossiyalik rasmiylarning aloqasi bo‘lganini ochiq-oydin tasdiqlagan ilk rasmiy shaxs bo‘ldi. Avvalroq muammolar texnik xarakterga ega ekani ta’kidlangan edi. Bunday iddao, jumladan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov tomonidan ham tilga olingan.
Rossiya hududida videoxosting ishidagi ilk uzilishlar haqida ilk bor 11-iyul kuni xabar berilgan. “Rostelekom” shirkati “Google shirkatiga tegishli bo‘lgan jihozlar ishida texnik muammolar” mavjudligiga oid xabarnoma yoyinlagan. “Meduza” nashrining telekommunikatsiya sohasidagi manbasi Rossiyada rasmiylar YouTube ishini cheklashni boshlagan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
“Gazeta.ru” nashri esa prezident ma’muriyatiga yaqin bo‘lgan o‘z manbasidan olingan ma’lumotga tayangan holda, sentyabr oyiga borib Rossiyada YouTube blokirovka qilinishi, iyul-avgust davomida esa “qandaydir degradatsiya kuzatilishi, ya’ni ayrim hududlarda YouTube ishi yomonlashib borishi” mumkinligini iddao qilgan.
Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududlariga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan keyin Rossiyada qator ijtimoiy tarmoqlar va ommabop saytlar blokirovka qilingan. Biroq o‘sha paytda YouTube bloklanmagan edi. Bu holat, jumladan hozircha Rossiyada mazkur videoxostingga maqbul muqobil servis yo‘qligi bilan izohlangan edi.