Xorijdagi bir qator siyosatchilar Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyga chiqarilgan qamoq hukmidan norozilik izhor qilingan bayonotlarni e’lon qilishdi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Qo‘shma Shtatlar Aleksey Navalniyning qamoq jazosiga mahkum qilinganidan chuqur tashvishda ekanligini bildirdi.
“Rossiyaning har qanday fuqarosi kabi, Navalniy ham Rossiya konstitutsiyasi taqdim etgan huquqlardan foydalanishi, Rossiya esa tinch uyushish va so‘z erkinligi huquqi hamda qonun oldida tenglik tamoyiliga amal qilish majburiyatlariga rioya etishi lozim”, deyiladi AQSh tashqi siyosiy idorasi rahbarining bayonotida.
Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab Moskva sudi chiqargan hukmni g‘ayritabiiy sudlov namunasi, deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukm zaharlashga mas’ullarni emas, zaharlash qurbonini nishonga olgan. Bu esa, jahon hamjamiyatining a’zosi sifatida Rossiya o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga rioya qilmayotganini namoyish qilmoqda.
Germaniya kansleri Angela Merkel Rossiya rasmiylarini Navalniyni ozod etish, tinch namoyishchilarni ta’qib qilishdan voz kechishga chaqirdi. Aleksey Navalniyga berilgan jazo har qanday huquqiy davlatning odil sudlovidan yiroq, deb aytgan Merkel.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas fikricha, Aleksey Navalniyga berilgan jazo Rossiyada asosiy erkinliklar va qonun ustuvorligiga jiddiy zarba bo‘lgan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Aleksey Navalniyni darhol ozod etishga chaqirdi. Siyosiy munozara hech qachon jinoyat bo‘lmagan, deya ta’kidladi u.
Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergisning aytishicha, YeI va Rossiya o‘rtasidagi dialog endilikda faqatgina sanksiyalar lisonida bo‘lishi mumkin. “Agarda YeI tezroq harakat qilmasa, Litva o‘zining milliy sanksiyalarini joriy etishi mumkin", degan u.
"Rejim muxolifat og‘zini yopishga kirishganini hisobga olganda, Navalniyning qamalganligi ajablanarli holat bo‘lmadi. Bu namoyishkorona sud mahkamasi bo‘lgani uchun Chexiya Navalniyni darhol ozod qilinishini talab etadi", degan Chexiya tashqi ishlar vaziri Tomas Petrichek. «Afsus, tariximizda bo‘lib o‘tgan bunday mahkamalarni biz hamon eslaymiz», degan Petrichek YeI bo‘yicha hamkorlarni sanksiyalar masalasini qayta ko‘tarishga chaqirdi.
"Bugungi qaror butun adolatga chaqiriq bo‘lib, mamlakat inson haqlari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga ziddir”, deb bayonot bergan Yevropa Kengashining inson huquqlari bo‘yicha komissari Dunya Miyatovich 2 - fevral kuni.
YeI tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrelning bayonotida aytilishicha, Aleksey Navalniyga tayinlangan qamoq jazosi Rossiyaning qonun ustuvorligi hamda asosiy erkinliklar borasidagi xalqaro majburiyatlariga zid. "Moskva sudining bu hukmi Yevropa inson huquqlari mahkamasining qaroriga ham ziddir", deya qo‘shimcha qilgan Borrel.
Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkilotining Moskva bo‘linmasi direktori Natalya Zvyaginaning bayonotida aytilishicha, “Navalniyning siyosiy sabablari bilan mahkum etilishi zulm va inson huquqlari poymol etilayotganiga qarshi chiqqan har kimni qamashga bel bog‘lagan Rossiyadagi boshqaruvning asl yuzini fosh qildi.”