Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:01

Suriyadagi vatandoshlarning qaytarilishiga salbiy munosabat “xavfli simptom” deb ataldi


Xalq ta’limi vaziri ingliz tilida so‘zlashuvchi o‘quvchilarda kuchli aksent sezilayotganidan tashvish bildirdi. Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov adolat peshvolarining pora olishi masalasiga munosabat bildirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Vazir Shermatov: “Ingliz tilida so‘zlashuvchi o‘quvchilarda kuchli aksent sezilmoqda”

O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Telegramdagi sahifasida ota-onalar va o‘qituvchilarga murojaat qilib, bolalarni til o‘rganish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan foydalanishga chaqirdi, deb xabar beradi bir qator matbuot nashrlari.

Vazir ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan ham o‘rtoqlashgan.

“Tanish-bilishlardan ancha qidirib bitta kasseta topsak, qanday xursand bo‘lib, rosa eshitib o‘rganar edik. Shuncha qiynalib bo‘lsa ham, repetitorsiz TOEFL topshirib, AQShda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lgandik. Hozirgi yoshlarda til o‘rganish uchun imkoniyatlar juda ko‘p. Lekin joylardagi yuqori sinf o‘quvchilari bilan suhbatlashganimda, ular bunday imkoniyatlardan yetarlicha foydalanmayotgani bilinib qolmoqda. Ular bilan muloqot paytida nafaqat ingliz tilida so‘zlashishga qiynalishayotgani, balki mahalliy aksenti ham qattiq sezilyapti”, - deydi Sh.Shermatov.

Qayd etilishicha, ingliz tili darslari amerikalik o‘qituvchi tomonidan o‘tilishiga e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, yanvar oyida O‘zbekistonga AQShdan bir necha o‘qituvchi kelishi va ingliz tili televizion darslari native speaker tomonidan olib borilishi kutilmoqda.

“Interneti bor oilalarda yoshlarimizni vaqtini bekor o‘tkazmasdan, ko‘proq ingliz tilini o‘rganishga sarflashiga undasak, juda katta imkoniyatlar bor. Masalan, katta qizim maktabida 10-sinfni tugatib, yozgi ta’til paytida uy ishlari bilan band paytida ham TED talks seriyalarini eshitib yurib, IELTS Listening qismidan 9 olgan edi”,- degan ta’lim vaziri.

Sh.Shermatovga ko‘ra, ingliz tilini bilgan maktab bitiruvchisining kelgusida muvaffaqiyatga erishish imkoniyati til bilmaydigan tengdoshinikiga nisbatan ancha yuqori bo‘ladi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘zbek jamiyatidagi xavfli simptom haqida gapirdi

8 - dekabr kuni “Mehr-3” operatsiyasi doirasida Suriyaning jangovar harakatlar kechayotgan hududlaridan 98 nafar o‘zbekistonlik, jumladan, 25 nafar ayol va 73 nafar bola vatanga qaytarildi.

Fransiyada istiqomat qiluvchi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov O‘zbekistonda “Mehr-3” aksiyasiga salbiy munosabat hayratlanarli darajada ko‘p ekaniga e’tibor qaratdi va bu holatni “xavfli simptom” deb atadi.

“Odatda boshqalarga achinishni bilmaydigan, vaziyatni to‘g‘ri qabul qilishni inkor etadigan qatlam keng bo‘lsa, buning ijtimoiy va siyosiy oqibatlari yaxshi bo‘lmaydi”, - deb yozadi K.Rabbimov.

Siyosatshunosga ko‘ra, O‘zbekistonning Suriya va Iroqdagi, umuman, xorijdagi vatandoshlarining qaytishiga ruxsat berishi, qaytarishi — fundamental o‘zgarishdir.

“Karimovning yondashuvi – muammolarni tan olmaslik, boshqalarni ayblash, vaziyatni kuch va zo‘rlik bilan boshqarish, mahrum qilish va kurashish, eshitmaslik va muloqot qilmaslik yo‘li edi. Har qanday boshqacha qarash, yuqori dindorlik, muxolif kayfiyat va qarashlarning joyi aniq uchta edi: yoki qabr, yoki qamoq, yoki qochqinlik. Hokimiyatga nomaqbul vatandoshlarni mamlakatdan chiqarib yuborish – davlat siyosatining ongli yondashuvi edi”, - deb yozadi u.

Ta’kidlanishicha, hukumatning o‘z fuqarolarining vatanga qaytarishi davlat tafakkuri va boshqaruv siyosati o‘zgara boshlaganini anglatadi.

“Davlat bu vatandoshlarni qaytarishi bilan diktatura va repressiyalardan voz kechgani, diniy ehtiyojlar va erkinliklarga yo‘l ochish niyatida ekanini ko‘rsatdi”, - deb hisoblaydi K.Rabbimov.

Sudyalarning pora olishiga munosabat bildirildi: “Gap maoshda emas, ma’naviyatda!”

Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov adolat peshvolarining pora olishi masalasiga munosabat bildirdi (www.qalampir.uz, 10 - dekabr).

Kengash rahbariga ko‘ra, sudyalarning maoshi muntazam oshirilmoqda, biroq tizim vakilining korrupsiyaga qo‘l urishi faqat ish haqining kamligiga bog‘liq emas.

“Biroq gap birgina maoshni oshirishda emas. Aytishadi-ku, kim boy deganda, qanoati bor odam boy, deb. Fikrimcha, gap – ma’naviyatda. Sudya birovni haqqidan qo‘rqishi kerak. Adolat tarozisini tortayotganda, kim nima berar ekan, deb o‘tirishga uning haqqi yo‘q. Shuning uchun biz korrupsion omillarni oldini olish, tizimda sudyalarni halol, pokligini ta’minlashimiz kerak. Bunda hammasi ma’naviyatga, odobga bog‘liq. Bugungi kunda sudyalarimizning maoshi farzandlarini boqishga ham, o‘ziga ham yetarli darajada”, - degan X.Yodgorov.

Kengash raisi sudya lavozimiga nomzodlar psixologik testdan o‘tkazilishi, ichkilikka va korrupsiyaga moyilligi aniqlanishi haqida ham gapirgan.

XS
SM
MD
LG