O‘zbekiston bilan Qozog‘iston chegarasida uzunligi 310 metr keladigan tunnel aniqlangan.
Mazkur tunnel O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Chegara qo‘shinlari va “Toshkent-Aero” IBK harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida aniqlangani aytilmoqda.
Iddaoga ko‘ra, mazkur yerosti yo‘li orqali transchegaraviy jinoiy guruh Hindistondan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga katta miqdorda sifati kafolatlanmagan dori vositalarini noqonuniy olib kirish bilan shug‘ullangan.
“Xususan, jinoiy guruh tomonidan navbatdagi dori vositalari “Dehli-Toshkent-Olmaota” aviayo‘nalishi orqali tranzit tarzda “Olmaota” xalqaro aeroportiga olib kelinib, Qozog‘istonning Turkiston viloyati Sariyog‘och tumani “Do‘stlik” aholi yashash punktiga yetkazilgan va yashirin yerosti yo‘li orqali Toshkent viloyatining Toshkent tumani “O‘rikzor” MFY hududiga o‘tkazilgan”, deyilgan xabarnomada.
Qayd etilishicha, tezkor tadbir chog‘ida jinoiy guruh a’zolaridan jami 1 milliard 94 million 342 ming so‘mlik jami 107 nomdagi 17 ming 48 dona dori vositalari musodara etilgan. Mazkur dori-darmonlar orasida Hindistonda ishlab chiqarilgan Albumin, Remdesivir, Meropenem kabi preparatlar bo‘lgani aytilgan.
“Hozirda holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”, deyilgan xabarnomada.
Avvalroq Ozodlik o‘zbek-qirg‘iz chegarasida kontrabandachilar tomonidan foydalanib kelingan bir necha tunnel topilgani haqida xabar qilgan edi.