O‘zbekiston tashqarisida faoliyat yuritib kelayotgan Eltuz.com nashrining YouTube videoportalidagi kanali o‘chirib qo‘yildi.
Nashr bosh muharriri Qudrat Bobojonga ko‘ra, YouTube kanalida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov haqida yoyinlangan tanqidiy materiallardan so‘ng “oldiniga turli arzimas sabablar bilan shikoyat qilingan”, jurnalistlar bu shikoyatlar asossizligini isbotlagani ortidan kiberhujum yo‘li bilan “kanalga porno va terror mazmunidagi kontentlarni yuklab, kanalni vaqtincha o‘chirishga muvaffaq bo‘lingan".
Qudrat Bobojon mazkur YouTube kanalining “O‘zbekistonda bolalar mehnati haqida turkum lavhalar qilgan, mavjud rejim ichidagi korrupsionerlarni revizor dasturi orqali fosh qilgan, “Avtobus” kabi hajviy dasturlar va har juma beriladigan multiplikatsion programmalarda” mushtariy bilan birga mushohada yuritadigan kanal bo‘lganini qayd etgan.
Nashr iddaosiga ko‘ra, kanalga qarshi uyushtirilgan hujumlarga “bosh vazir Abdulla Aripovning korrupsiyasi fosh qilingan kontentlar” sabab bo‘lgan.
Shvetsiyada ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Eltuz” nashri 2015-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Muassislarga ko‘ra, nashr “liberal-demokratik qadriyatlar¸ so‘z va ifoda erkinligi, taraqqiët tarafdorlari va jamiyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish istagida bo‘lganlar uchun minbar” vazifasini o‘tash maqsadida tashkil etilgan. Ayni paytda nashr sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi, xususan, Feysbuk va Telegramdagi sahifalari ishlab turibdi.