Ukraina AQSHning urushda 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifini qabul qildi, Qo‘shma Shtatlar esa harbiy yordam, jumladan, razvedka ma’lumotlarini almashishni to‘xtatishni darhol bekor qilishini ma’lum qildi.
11-mart kuni Jiddada o‘tkazilgan to‘qqiz soatlik muzokaralar AQSH prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi tortishuvdan ikki hafta o‘tmay kutilmagan burilish yasadi.
Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ziddiyat AQSH yordami to‘xtashi va razvedka ma’lumotlari almashish cheklanishidan oldin yuz berdi. Qo‘shma Shtatlar bu choralar Ukrainaning tinchlikka intilishiga shubha tufayli qo‘llanganini ta’kidladi.
"Prezident bu urush tezda tugashini istaydi... Shuning uchun umidimiz shuki, rossiyaliklar imkon qadar tezroq "ha" deb javob berishadi, shunda biz bu jarayonning ikkinchi bosqichiga – haqiqiy muzokaralarga o‘ta olamiz," dedi AQSH davlat kotibi Marko Rubio kelishuv e’lon qilinganidan so‘ng jurnalistlarga.
Ikki davlat tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda aytilishicha, Ukraina AQSHning zudlik bilan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi taklifini qabul qilishga "tayyorligini" bildirgan. Bu muddat "tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan uzaytirilishi mumkin va Rossiya Federatsiyasi tomonidan qabul qilinishi hamda bir vaqtning o‘zida amalga oshirilishi kerak."
Tramp Vashingtonda jurnalistlar bilan suhbatda Rossiya tomoni bilan uchrashuv 11-mart kuni kechroq yoki ertasi kuni bo‘lib o‘tishini aytdi.
Saudiya Arabistonidagi muzokaralarda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts bilan birga qatnashgan Rubio, o‘t ochishni to‘xtatish rejasi Rossiyaning harakatiga bog‘liqligini ta’kidladi.
"Biz ularga stol ustida nimalar borligini aytamiz, – dedi u Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumati haqida. – Ukraina o‘t ochishni to‘xtatib, muzokaralarni boshlashga tayyor. Endi "ha" yoki "yo‘q" deyish ularning ixtiyorida."
Rossiya rasmiy vakillari o‘t ochishni to‘xtatish yoki boshqa vaqtinchalik kelishuv emas, balki keng qamrovli tinchlik bitimi tuzilishini istashlarini bir necha bor ta’kidlashgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yaqin kunlarda AQSH rasmiylari bilan muloqot bo‘lishini istisno qilmasligini aytdi, biroq boshqa izoh bermadi.
AQSH va Ukraina delegatsiyalari, shuningdek, tinchlik jarayoni doirasida, xususan, o‘t ochishni to‘xtatish davrida gumanitar yordam ko‘rsatish, jumladan, harbiy asirlarni almashish, fuqarolarni ozod qilish va majburan ko‘chirilgan ukrainalik bolalarni qaytarish muhimligini ham muhokama qilganini ma’lum qildi.
"Menda Qo‘shma Shtatlarning xavfsizlik sohasidagi yordami tiklangani haqida tasdiq bor," - dedi Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari, delegatsiya a’zosi Pavlo Palisa Facebook'dagi postida.
"Kelishuvlar amalga osha boshladi."
Bundan tashqari, Ukraina va Qo‘shma Shtatlar Ukraina muhim minerallari va boshqa resurslarini birgalikda o‘zlashtirish to‘g‘risidagi bitimni imkon qadar tezroq tuzishga kelishib oldilar.
Bu kelishuv 28-fevral kuni Oq uyda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda imzolanishi kutilgandi, biroq Zelenskiy Oval kabinetdagi bahsdan so‘ng vaqtliroq ketib qoldi, natijada kelishuv noma’lum muddatga qoldi.
Muzokaralar butun Yevropa bo‘ylab diqqat bilan kuzatildi, chunki Vashingtonning Kreml bilan yangilangan aloqalari Kiyev va Bryusselni tinchlik jarayonidan chetlatib qo‘yishidan xavotirlar paydo bo‘ldi.
Yaqinda Tramp bilan uchrashish uchun Oq uyga borgan Britaniya bosh vaziri Kir Starmer AQSH va Ukraina delegatsiyalarini tabriklab, endi jang harakatlarini to‘xtatish Moskvaga bog‘liq ekanini aytdi.
Yevropa Ittifoqi komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv va AQSHning razvedka ma’lumotlarini almashish hamda xavfsizlik bo‘yicha yordamini qayta tiklash taklifi ijobiy hodisa ekanligini ta’kidladi.
"Bu Ukraina uchun keng qamrovli, adolatli va barqaror tinchlik sari qadam bo‘lishi mumkin. Endi navbat Rossiyaga," deya qo‘shimcha qildi u.
Jiddadagi muzokaralar 11-mart kuni kechasi Moskva viloyati va Rossiyaning boshqa hududlariga Ukraina dronlarining keng ko‘lamli hujumidan so‘ng bo‘lib o‘tdi.
AQSHning Ukrainadagi sobiq elchisi Jon Herbst qo‘shma bayonotdan oldin razvedka hamkorligini tiklash Kiyev uchun ijobiy natija sifatida baholanishi kerakligini aytdi.
Shuningdek, u kelgusi muzokaralarda bosqichma-bosqichlik juda muhim bo‘lishini ta’kidladi. Erta o‘t ochishni to‘xtatish kelajakdagi tinchlik jarayonining asosiy qismi bo‘lishi mumkin, ammo uning fikricha, undan keyin Ukrainaga harbiy yuklarni yetkazib berishni davom ettirish, demilitarizatsiya qilingan hudud yaratish va Yevropa davlatlari, jumladan ularning tinchlikparvar kuchlari uchun ko‘proq rol ajratish kabi uzoq muddatli tinchlik bitimiga olib boruvchi qo‘shimcha qadamlar qo‘yish muhim.
"Bularning barchasi jiddiy taklif etilgan g‘oyalar," dedi Herbst.
"Bu adolatli tinchlik bo‘lmasligi mumkin, chunki adolatli tinchlik Ukrainaning hududidan voz kechishini talab qilmaydi, ammo u baribir Rossiyaning tajovuzni qayta boshlashini juda qiyinlashtiradigan barqaror tinchlik bo‘lishi mumkin."
Tinchlik muzokaralarida Rossiya va Yevropa qanday rol o‘ynaydi?
Ukraina va AQSH vakillari Saudiya Arabistonida uchrashayotgan bir paytda, e’tibor urushning qanday yakunlanishini hal qiladigan boshqa ikki asosiy o‘yinchiga qaratildi: Rossiya va Kiyevning Yevropadagi ittifoqchilariga.
30 dan ortiq davlatning yuqori harbiy amaldorlari 11-mart kuni Parijda Ukraina uchun xalqaro xavfsizlik kuchlarini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun to‘plandi.
Bu kuchlar Britaniya va Fransiya tomonidan taklif etilmoqda. Ularning maqsadi Ukrainani himoya qilish va har qanday vaqtinchalik tinchlikdan so‘ng Rossiyaning yana bir keng ko‘lamli hujumi oldini olishdir. Bu kuchlar tarkibiga Ukraina mudofaasiga yordam berish uchun bir necha soat yoki kunichida tezda yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan og‘ir qurollar va qurol-yarog‘ zaxiralari kirishi mumkin.
Rossiya hozircha kelishuv doirasida Yevropa harbiy kuchlarining Ukrainada bo‘lishiga qarshi ekanligini bildirdi.
Kreml, shuningdek, tinchlik jarayoni doirasida, jumladan, bir oy oldin AQSH va Rossiya vakillari muzokara o‘tkazgan Saudiya Arabistonida, G‘arb sanksiyalarini bekor qilish haqida gapirdi.
Sobiq fransuz diplomati va Yevropa tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Mari Dyumolinning fikricha, bu Jiddadagi muzokaralardan so‘ng Yevropa hukumatlariga ma’lum darajada ta’sir kuchini beradi.
Uning aytishicha, Yevropa poytaxtlarida Rossiyaning yon berishga tayyorligiga shubhalar saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, Yevropa Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari taklifi va Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarini bekor qilish imkoniyatidan Moskva va Vashingtondagi muzokaralarga ta’sir vositasi sifatida foydalanishi mumkin.
"Bu Ukrainaga muzokaralar stolida yana bir nechta qo‘shimcha imkoniyat beradi, – dedi Dyumolin "Ozodlik" radiosiga. – Bular Ukrainaga taklif qilinayotgan kelishuv yetarlicha yaxshi yoki yo‘qligini aytish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratishi mumkin."