Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:32

"Endi ro‘molni tojikcha o‘raysan!" Tojikistonda hijob taqiqlandimi?


Tojikiston, hijob. Illustrativ surat.
Tojikiston, hijob. Illustrativ surat.

Tojikiston parlamenti “Tojikiston Respublikasida urf-odatlar, bayramlar va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritdi va “milliy madaniyatga zid bo‘lgan kiyim” kiyishni taqiqladi.

Bu kiyimlar qonunda ko‘rsatilmagan, biroq ekspertlar fikricha, shu kungacha amalda bo‘lgan siyosatga qaralsa, bu musulmon ayollar kiyimi bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Bundan tashqari, nafaqat hijob, balki satr ham taqiqlangan.

Qonunga ko‘ra, endilikda Tojikistonda bunday kiyim-kechaklarni mamlakatga olib kirish, sotish va jamoat joylarida kiyish rasman taqiqlanadi, qonunbuzarlar jarimaga tortiladi. Taqiqni buzgan shaxslar 7920 somoniy yoki amaldagi kurs bo‘yicha 733 AQSH dollari miqdorida jarimaga tortilishi mumkin, mansabdor shaxslar esa 39600 somoniy yoki 3668 dollar miqdorida jarimaga tortiladi.

O‘zgartirishlar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmasdan qabul qilingan.

Tuzatishlar hali qonuniy kuchga kirgani yo‘q, biroq qonun qabul qilingandan so‘ng darhol ijtimoiy tarmoqlarda video tarqala boshladi. Unga qaraganda, u tibbiyot muassasalaridan biriga kiraverishda suratga olingan. Videoda muassasa xodimi ayollarni satr – muslimalar bosh kiyimi uchun 3,5 ming somoniy jarima bilan tahdid qilmoqda.

"Bu yoqqa kel, endi ro‘molni tojikcha o‘raysan!" deydi xodim videoda boshi yopilgan ayollarga.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, tuzatishlar "milliy madaniyatga zid kiyim" iborasi nimani anglatishini aniq ko‘rsatmaydi. Bundan tashqari, Tojikistonda "milliy kiyim" haqida aniq fikr yo‘q.

“Milliy liboslarning yevropa liboslaridan asosiy farqi shundaki, unda tojik milliy bezaklari bor, – deya tushuntiradi Tojikiston milliy liboslari dizayneri Romish Odinazoda – Yana bir farq, kiyim qisqa yoki uzun bo‘lmasligi kerak”.

“Milliy kiyimlarimiz doimiy o‘zgarib turgan, unga turli unsurlar qo‘shildi, masalan, sovet davrida ruscha unsurlar qo‘shildi, – deydi madaniyatshunos Munira Shahidiy, – agar men Yevropaga borsam, bir kun milliy kiyim kiyaman, ikkinchi kuni yevropacha. Qanday kiyinish erkin bo‘lishi kerak. Ma’lum chegaralardan tashqari chiqishga yo‘l qo‘yilmaydigan qat’iy qoidalar yoki qonunlarni qabul qilishimiz kerak degani emas».

Tojikistonlik ayollar ham o‘zlariga yoqqan kiyimni kiyishni xohlashadi va buni qandaydir tarzda tartibga solish kerak emas deb hisoblashadi.

"Shaxsan men kamtarona kiyinishni xohlayman", deydi biri.

“Tojikistonlik ayol uchun hijob va satr uning bo‘ynini yopish degani, lekin ba’zilar o‘zlarini haddan tashqari burkab oladi”, deydi yana biri.

"Menga yoqadigan narsa – har kim o‘ziga yoqqan kiyimni kisin", deydi boshqa bir ayol.

Тожикистон ҳижобга қарши кураш бошлайди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:37 0:00

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Tojikiston rasmiylarini musulmoncha libos kiygan ayollarga bosim o‘tkazayotgani va ularni kamsitgani uchun bir necha bor tanqid qilgan. O‘tgan davrda huquq-tartibot idoralari diniy libos kiygan ayollar, shuningdek, soqol qo‘ygan erkaklarga qarshi ommaviy reydlar o‘tkazgan. Ularni politsiya bo‘limlariga olib ketishgan, diniy kiyimlarini tashlab ketishga majburlaganlar, erkaklarning esa soqollari olingan.

XS
SM
MD
LG