Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:27

Eriell va Enter Engineering: Nafaqat ishchilar, professorlar ham maoshsizlikdan shikoyat qilmoqda


Enter Engineering va Eriell shirkatlarida ishchilarning oylik maoshlarini vaqtida bermaslik surunkali muammo.
Enter Engineering va Eriell shirkatlarida ishchilarning oylik maoshlarini vaqtida bermaslik surunkali muammo.

O‘zbekiston energetika sektorida ko‘p milliard dollarlik mega-loyihalarni amalga oshirayotgan Eriell Group va Enter Engineering shirkatining yuzlab ishchilari yana maoshlari berilmayotganidan shikoyat qilmoqda.

“Besh oydan beri oylik yo‘q. Har zamonda 400 ming so‘m plastikka tashlab qo‘yiladi, bo‘ldi. Boshqa pullarimizdan darak yo‘q. Dekabrnikini yanvarda berdi, uni ham bo‘lib-bo‘lib berdi. Hozir hisoblasak besh oylik haqimizni bermayapti”, - deydi ishdan haydalishi xavfi bois ismini ochiqlamagan Eriell Group ishchisi.

Ishchilarning so‘zlariga ko‘ra, Eriell Group va Enter Engineering shirkatlarida so‘nggi uch yil ichida oyliklar kechikishi doimiy tus olgan, biroq mehnat haqining 5 oy davomida berilmasligi ilk bor kuzatilmoqda:

“Oyliklarni to‘rt oylab kechiktirib kelmoqda, lekin bundan ham yomoni oyligimizni yozishda bizga ko‘rsatmasdan yozishadi. Ishbay ishlaymiz, qilingan ishga qarab oyning 25 chi chislosida oylik hisoblanib, vedomost tuziladi. Har bir ishchiga imzo qo‘ydirib, buxgalteriyaga topshirilishi kerak. Lekin ba’zi masterlar bunday qilmaydi, ular o‘zining qarindoshi yoki o‘zining odamlariga yaxshigina pul yozishadi men agar vedomost so‘rasam urishadi yoki boshqa proyektga jo‘natadi, ish haqimni esa urib qoladi”, - deydi Enter Engineering shirkatining ismi oshkor etilishini istamagan xodimi.

Олмалиқдаги Enter Engineering ишчилари иш ташлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:15 0:00

Ishchilarning aytishlaricha, ish haqini so‘rab rahbariyatga shikoyat qilganlarga ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinmoqda.

Ishchilar oylik maoshlari kechikishi bilan birga to‘lanadigan mehnat haqidagi ulkan tafovutdan ham norozi.

“Men svarshchik, jaziramada tinim bilmay ishlaymiz. 5 million so‘m oylik. Shuni ham ko‘p ko‘rishyapti. Qozog‘istonlik, hindistonlik, turkiyalik, rossiyalik ishchilar ham bor. Ularga to‘rt-besh baravar ko‘p beradi. Hozir ularning oyligi ham kechikyapti. Shikoyat qilib borsangiz, arizangni yoz, ketaver deydi”, - deydi Enter Engineering ​shirkatining xodimi.

Eriell Group ko‘magida 2023-yilda Samarqandda ochilgan Xalqaro texnologiya universitetining mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilari ham oyliksiz qolganliklarini aytishmoqda.

“Oylik kechikishi bu yil yanvar oyidan boshlandi. Yanvar oyida oylikni bir hafta, fevral oyida ikki hafta, mart oyida uch hafta kechikish bilan oldik. Hozir ikkita oyligimni ololmayapman. Men qatori bu yerda o‘ttizdan ortiq chet ellik o‘qituvchi bor ular ham oyliklarini ololmayapti. Bir qarasangiz pul yo‘q, oyliksiz o‘tiramiz. Keyin qayerdandir pul paydo bo‘ladi, bera boshlaydi. Eriell Group‘ga qarashli korxonalarda vaziyat bundan ham dahshat. U yerda oyliklar besh oydan beri kechikyapti”, - deydi Samarqand Xalqaro texnologiya universitetining xorijlik professori.

Eriell Groupning Ozodlik suhbatlashgan ishchilaridan birining aytishicha, korxona maoshlarni Qurbon Hayitiga qadar tushirib berishni va’da qilgan. Ammo ishchi bu "korxona rahbarlarining navbatdagi nayrangi" ekanligini iddao qildi:

“Ramazon Hayitida ham shu gapni aytishgandi. Qurbon Hayiti ham o‘tdi. Oyliklar berilmadi. Besh oydan beri surilib kelyapti”.

Eriell Group va Enter Engineering shirkatining O‘zbekiston bo‘ylab 200 dan ortiq obyekti bor. Katta-kichik bu obyektlarda qurilish, ta’mir, qayta ta’mir yoki modernizatsiya loyihalari amalga oshiriladi.

O‘zbekistonning turli hududlarida ishlayotgan shirkat ishchilari o‘zlarining Telegram kanalida besh oydan buyon maosh ololmayotganidan yozg‘irishadi.

Ozodlik oyliklar kechikayotgani sababini so‘rab Eriell Group shirkatiga bog‘landi. Shirkat xodimi Ozodlik savolini eshitishi bilan telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

Eriell Group ko‘magida ochilgan Samarqand Xalqaro texnologiya universiteti buxgalteriya bo‘limi xodimi oyliklarda kechikish bo‘lganini tasdiqladi. Lekin uning aytishicha, muammo hozirda hal bo‘lgan.

“Ikki kun oldin oyliklarni hal qilib berdik. Hammasi olishdi. Chet elliklar ham, mahalliy o‘qituvchilar ham. Ozgina kechikish bo‘ldi, lekin hal bo‘lgan”, deydi Samarqand Xalqaro texnologiya universiteti buxgalteriya bo‘limi xodimi.

Ammo, Samarqand Xalqaro texnologiya universiteti xodimlari ham, Eriel Group xodimlari ham oyliklarni olishmaganini aytishmoqda.

Ishchilariga oylab maosh bermayotgan har ikki kompaniya - Enter Engineering va Eriell Ozodlikning qator surishtiruvlari markazida bo‘lgan Kremlga yaqin oligarx Baxtiyor Fozilovga tegishli.

Bu shirkatlar O‘zbekistonning kon-metallurgiya, gaz va neft, turizm, turli ishlab chiqarish obyektlari modernizatsiyasi, ayrim yirik binolar ekspluatatsiyasi kabi 228 ta loyihani qo‘lga kiritgan.

2008-yilda Rossiyada faoliyatini boshlagan Eriell Group aksiyalarini "Gazprombank" sotib olgan, 2015-yil dekabrida Erield Group bu aksiyalarining bir qismini qayta sotib olgan. Guruh aksiyalarining 39,6 foizi, ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, hamon "Gazprombank"ga tegishli.

Rossiyaning neft-gaz sohasidagi yirik axborot portali - ROGTEC xabariga ko‘ra, 2023-yilning avgustida Eriel Group shirkatining Rossiyadagi bo‘linmasi MetallStroyService shirkatiga sotilgan.

Nashr bitimning prezident Putin ruxsati bilan amalga oshirilganini ta’kidlagan.

Mustaqil kasaba uyushmalari yo‘q mamlakat

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda ishchi-xodimlarning huquqlarini himoya qiluvchi mustaqil kasaba uyushmalarining yo‘qligi mehnat huquqlarining muntazam buzilishi va majburiy mehnatga sabab bo‘layotganini ta’kidlab keladilar.

“Fozilovning Eriell shirkati deysizmi yoki boshqa oligarxlarning shirkatlari - bular kreditlar hisobiga sarmoya kiritgan shirkatlardir. To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritmagan ular, hammasi kredit. Kreditlar yopilmasa, muammo kelib chiqadi. Bu shirkatlar go‘yoki milliardlab dollarlik ishlarni qilyapti, lekin ishchilarga beradigan puli yo‘q. Hamma muammo ham shunda”, - deydi Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva.

O‘zbekistonda oyliklardan qarzdorlik bo‘yicha statistik ma’lumotlar e’lon qilinmaydi, ammo ham davlat, ham xususiy sektor korxonalarida oylik maoshlarni vaqtida yoki to‘liq bermaslik surunkali muammoga aylangan.

O‘tgan yili O‘zbekistondagi eng yirik neft va gaz kompaniyalaridan biri “Jizzax petroleum” MCHJ (Jizzakh Petroleum) ishchilari maoshlari ikki baravar qisqartirilganiga norozilik bildirib, ish tashlash bilan tahdid qilgandi.

Andijondagi UzAuto Motors zavodi ishchilari ham oyliklarning qisqarishiga norozilik bildirib bir necha marta ish tashlagan.

Maoshlarning vaqtida berilmasligi 2022-yilning oktyabrida Qashqadaryoning G‘uzor tumanidagi Uzbekistan GTL zavodi qurilishida mehnat qilayotgan ishchilarning ommaviy ish tashlashi va tartibsizliklarga sabab bo‘lgan edi.

Amaldagi qonunchilikda "taqiqlangan ish tashlash" tushunchasi mavjud, ammo "qonuniy ish tashlash" tartibi belgilanmagan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 218-moddasi "taqiqlangan ish tashlashga rahbarlik qilish yoki favqulodda holat sharoitida korxona, muassasa yoxud tashkilotlar ishiga to‘sqinlik qilganlik uchun" eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.

Mamlakatda ishchi-xodimlar manfaatini himoya qiladigan yoki ularning ish tashlashlarini muvofiqlashtiradigan mustaqil kasaba uyushmalari mavjud emas.

“O‘zbekistonda mehnat huquqlari, jumladan oylik-maoshlar bo‘yicha ish beruvchilar zimmasiga javobgarlik yuklovchi, oyliklar kechiksa ishchilarga katta miqdorda kompensatsiya to‘lanishi ko‘zda tutilgan qonunlar qabul qilingan. Lekin, mustaqil kasaba uyushmalarining yo‘qligi qog‘ozdagi bu islohotlarni yo‘qqa chiqarmoqda. Mustaqil kasaba uyushmalari yo‘q O‘zbekistonda nimani ko‘ryapmiz, oyliklar berilmayapti, mehnat huquqlari buzilyapti. Ishchilar ishdan haydalishidan qo‘rqib hech bir joyga shikoyat qilolmaydi, shikoyat qilsa ishidan ayrilishini biladi. Hamma muammo mustaqil kasaba uyushmalarining yo‘qligidan kelib chiqyapti”, - deydi Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva.

O‘zini xalqaro neft servis guruhi deb taqdim etishiga qaramay¸ rasmiy saytida keltirilgan loyihalarga qaralsa¸ Eriel Group asosan ikki davlat – Rossiya va O‘zbekistonda ishlaydi.

Bugunga kelib “bolalab ketgan” Eriell ilk bor 1999-yili - Eriel Corporation s.r.o. shaklida Chexiya poytaxti Pragada ro‘yxatdan o‘tgan.

Kompaniyaning Chexiya hududida nima ish qilgani noma’lum¸ ammo 1999 – 2003-yillarda u asosan O‘zbekistondagi neft va gaz kompaniyalariga Rossiyada ishlab chiqarilgan burg‘ulash uskunalari va jihozlarni sotish bilan shug‘ullangan.

Eriell va Enter Engineering 2016-yil sentyabridan boshlab nafaqat "O‘zbekneftgaz" boshlagan yirik loyihalar¸ balki O‘zbekistonda paydo bo‘lgan “qo‘shma korxonalar”ga berilgan yirik investitsion loyihalar ijrosining tarkibiy qismiga aylanadi.

2020-yil yanvarida o‘z hisobotini taqdim etgan Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra¸ Eriell va Enter Engineering o‘z xizmati uchun bozor narxidan bir necha baravar qimmat narx qo‘yadi¸ ayni paytda¸ kontraktdagi asosiy ishni O‘zbekneftgazning o‘ziga qarashli korxonalarga arzoniga qildiradi.

XS
SM
MD
LG