Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 02:38

Eronda 17 yoshli kelinning boshi tanasidan judo qilingani mamlakatni larzaga keltirdi


Boshi tanasidan judo qilingan 17 yashar Mona Haydariy.
Boshi tanasidan judo qilingan 17 yashar Mona Haydariy.

Sajjod Haydariy o‘zining 17 yoshli rafiqasi Mona Haydariyning boshini tanasidan judo qilganidan so‘ng, nomusli erkak ekanini isbotlash maqsadida marhumaning boshini Xuziston viloyati Ahvoz shahri ko‘chalarida ko‘z-ko‘z qildi. Sajjod tanasidan uzilgan boshni jilmayib qo‘lida ushlab turgani aks etgan dahshatli surat internetda ulashildi.

5 - fevral kuni jamoatchilik xabar topgan qotillik Eronda tez-tez sodir bo‘lib turadigan navbatdagi “nomus qotilligi”dir. Nomus qotilliklari asosan ayollarning erkak qarindoshlari tomonidan amalga oshiriladi. Bu vahshiylikka har qanday axloqiy kamchiliklar, jumladan, uydan qochish, zino qilish, ajrashish niyatini izhor qilish yoki hatto oilaning obro‘siga putur yetkazish kabi asossiz ayblovlar turtki bo‘lishi mumkin.

Ahvoz shahrida sodir etilgan qotillik eronliklarni dahshatga soldi va ayollarga nisbatan keng tarqalgan zo‘ravonlik va qonuniy himoya yo‘qligi haqidagi bahslarni yangidan alangalatdi.

Xabarlarga ko‘ra, Mona Haydariy o‘ldirilishidan bir necha oy oldin internetda tanishgan suriyalik erkak bilan yashash uchun Turkiyaga qochib ketgan. 3 yoshli o‘g‘il farzandga ega yosh ona qarindoshlari uyga qaytsa, xavfsiz bo‘lishini va’da qilishi ortidan vataniga qaytib borganidan bir necha kun o‘tib o‘ldirilgan.

Xabar qilinishicha, uning eri va jinoyatni sodir etishga yordam bergani aytilayotgan akasi ayni damda hibsda saqlanmoqda.

Xabarlarda aytilishicha, Mona Haydariy 13 yoshida o‘z amakivachchasiga majburan turmushga uzatilgan va 14 yoshida o‘g‘il ko‘rgan. Eron matbuoti xabarlariga ko‘ra, Haydariy erining zo‘ravonliklariga chidab kelayotgan bo‘lgan. Bundan tashqari, eri uning ajrashish taklifini qabul qilmagan.

Eronda ko‘pchilik islomiy qonunchilik tizimini, shuningdek, mamlakatning patriarxal madaniyati va urf-odatlarini bunday qotilliklarga yo‘l qo‘yiladigan muhitni yaratishda ayblamoqda.

Bundan bir yil oldin Eron shimolida 14 yoshli Romina Ashrafiy o‘z otasi tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilgan edi. Qotil 8 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Xabarlarga ko‘ra, farzandkush ota qizining tanasini boshidan judo qilishdan oldin qizini qanday jazolashi mumkinligi haqida huquqshunos bilan maslahatlashgan.

AQShda faoliyat yurituvchi sotsiolog Husayn G‘oziyon Ozodlik radiosiga Eronda ko‘pchilik erkak o‘z oilasidagi ayollarni o‘z mulki deb bilishini aytadi.

“Erkaklar ayollarning idroki va tanasiga egalik qiladi. Ular chiziq tortib, ayollarning sha’nini himoya qilishni jamiyat oldidagi burchlari deb bilishadi”, deydi G‘oziyon.

“Agar ular muvaffaqiyatsizlikka uchrasalar, nomuslarini isbotlashim kerak, deb o‘ylaydilar va [ko‘pincha] buni tanasi bulg‘angan ayollarni o‘ldirish orqali amalga oshiradilar”.

“Qonun yo‘q”

Ayol deputat Ilhom Ozod Eronda ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun “ijroiya kafolati bo‘lgan qonun yo‘q” ekanligini ta’kidladi.

U “Ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, qadr-qimmatini va xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilinishiga hamda kelajakda bunday dahshatli jinoyatlarning oldini olishiga umid izhor qildi.

2021 - yilning yanvarida o‘sha paytdagi prezident Hasan Ruhoniy hukumati tomonidan qabul qilingan, endilikda parlament tomonidan qabul qilinishi kutayotgan qonun loyihasi ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, jumladan, ayollarga “jismoniy yoki ruhiy zarar yetkazuvchi” harakatlar yoki xatti-harakatlar uchun jinoiy javobgarlikni belgilaydi.

“Human Rights Watch” (HRW) tashkilotiga ko‘ra, taklif etilayotgan qonun loyihasida “qator ijobiy moddalar” bo‘lishiga qaramay, u xalqaro standartlarga mos kelmaydi.

Eronning ayollar va oila masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Aniseh Hazaliy “Twitter”da Mona Haydariyning qotilligi ortidan qonun loyihasi parlament kun tartibida yuqori o‘ringa qo‘yilgani haqida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasidagi ayrim “kamchiliklar” bartaraf etilgan.

Hazaliy, shuningdek, adliya tizimi Sajjod Haydariy va uning sherigiga nisbatan eng og‘ir jazoni tayinlashini aytdi, ammo boshqa tafsilotlarni keltirmadi.

“Hech qanday natijaga erishmadik”

Ashrafiyning shov-shuvli ishini olib borgan huquqshunos Ibrohim G‘adam o‘sha paytda sudda qilgan chiqishida Eron qonunlari bunday qotilliklar oldini ololmasligini aytgandi.

G‘adam Ashrafiyning otasi yosh bolani o‘ldirgani uchun olishi mumkin bo‘lgan eng og‘ir jazoga hukm qilinmaganini ta’kidladi. Qotil qizchaning mahrami bo‘lgani uchun “qasos” qonunidan, ya’ni o‘lim jazosidan ozod qilingan.

Shuningdek, G‘adam sud qo‘shimcha jazo o‘laroq qotilni mamlakat ichida surgun qilishdan bosh tortganini urg‘uladi. Eron qonunchiligiga binoan, ichki surgun qo‘shimcha jazo o‘laroq qo‘llanilishi mumkin.

“Rominaning onasi o‘z xavfsizligidan qattiq qo‘rqqan bo‘lishiga qaramay... xavotirlarini sudda ko‘p marta izhor qilgan bo‘lsa-da, biz hech qanday natijaga erishmadik. Nega? Chunki qonunchilikda bu sohada muammolar bor”, dedi G‘adam.

Shuningdek, u ayol qarindoshlarini o‘ldirganlarga yengil jazo tayinlanishi bunday qotilliklar takrorlanishiga yo‘l ochishni aytdi.

“Ular bu ishni va shafqatsiz qotillikni [boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun] tegishli ravishda ko‘rib chiqishmaganiga guvoh bo‘ldik. Natijada ikki yil o‘tmay yana bir fojiali voqeaga, yana bir o‘limga guvoh bo‘lib turibmiz”, - dedi u.

Qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan “Eronda inson huquqlari markazi”ning ijrochi direktori Hadi G‘aymiy Haydariy o‘limi uchun Eron hukumati uning qotillari kabi mas’ul ekanini ta’kidladi.

“Agar Eron hukumati yosh bolalarni nikoh qilish kabi shafqatsiz amaliyotga qarshi hamda oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha qonunlarni qabul qilganida edi, boshi kesilgan kelin bugun tirik bo‘lishi mumkin edi”, debi yozdi u Twitterda.

Eronda nomus qotilliklari haqida ishonchli statistik ma’lumot yo‘q. Bunday holatlar haqida ko‘pincha jamoatchilik xabar topmaydi va ular odatda bosdi-bosdi qilinadi.

Ijtimoiy faol Atefeh Baravieh o‘tgan oy “Andishaiy Puya” mahalliy nashriga bergan intervyusida so‘nggi ikki yil ichida Xuziston viloyatida 60 nafar ayol “nomus qotilligi” qurboni bo‘lganini, jinoyatchilarning birortasi ham javobgarlikka tortilmagani va marhumlarning oila a’zolari sudga da’vo qilishmaganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan qotilliklarning haqiqiy soni aslida ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG