Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:14

Eronlik ayollar mamlakat qamoqxonalaridagi jinsiy zo‘ravonliklar haqida so‘zlab berdi


Inson huquqlari himoyachisi Nargiz Muhammadiyning aytishicha, Eron qamoqxonalari ma’murlari mahbus ayollarning irodasini sindirish uchun muntazam ravishda jinsiy zo‘ravonlik va tazyiqlardan foydalanadi. Muhammadiyning o‘zi ham bunday zo‘ravonlik qurboni bo‘lganini so‘zladi.

Qo‘rquv, uyatga qolishdan qochish va sukut saqlash madaniyati tufayli ko‘plab zo‘ravonlik qurbonlari o‘z boshidan kechirganlari haqida ochiq gapirmaydi.

Ammo 27 - may kuni Muhammadiy va Eronda hibsga olingan boshqa mahbuslar “Clubhouse” ijtimoiy media dasturida guruh muhokamasini o‘tkazib, qamoqda boshdan kechirganlari bilan o‘rtoqlashdilar. Onlayn yig‘ilishda surgundagi eronlik Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Shirin Abadiy ham qatnashdi.

“Men o‘zimni mashinaga uloqtirilgan qo‘yday his qildim”, dedi Muhammadiy 2019 - yilda Tehron qamoqxonasidan Zanjon shahriga zo‘rlik bilan ko‘chirilgani haqida hikoya qilar ekan.

Uning aytishicha, qamoqxona boshlig‘i uni mashinaga itarib siqqan, so‘ngra oyoqlari ustiga o‘tirib, sigaretasini yoqishni buyurgan.

Nishonga olingan mahbus ayollar

“Men buni faqat jismoniy tajovuz, deb ta’riflay olmayman”, dedi Muhammadiy guruhda.

“Ular mahbuslarni jinsiga qarab [nishonga oladi]”.

Muhammadiy qamoqda boshqa mahbus ayollarga nisbatan tazyiq va jinsiy zo‘ravonliklar haqida xabar topganini aytib berdi. Jumladan, u tergovchi tegajog‘lik qilganidan keyin jiddiy ruhiy muammolarga duch kelgan ayol haqida so‘zlab berdi.

“Men [sud mahkamasi boshlig‘i Ibrohim] Raisiyning o‘zidan qamoqxona boshlig‘i uchun sigaret yoqishim shart ekani yoki yo‘qligini so‘rashim kerak”, dedi Muhammadiy.

Inson huquqlari himoyachisi Nargiz Muhammadiy
Inson huquqlari himoyachisi Nargiz Muhammadiy

Muhammadiy Abadiy bilan birgalikda “Inson huquqlari himoyachilari markazi”ga asos solgan. Tashkilot ayni damda Eronda taqiqlangan.

Inson huquqlarini himoya qilish faoliyati tufayli 10 yilga qamalgan Muhammadiy 2020 - yil oktabr oyida muddatidan ilgari ozod qilindi.

Muhammadiyning ozod qilinishiga uning salomatligi haqidagi xavotirlar hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va xalqaro inson huquqlari guruhlarining chaqiriqlari sabab bo‘ldi.

Ammo oradan bir yil ham o‘tmay u Eron diniy idoralariga qarshi “targ‘ibot qilish”, “tuhmat” va “qamoqxona ma’murlariga qarshi isyon” ayblovlari bilan 30 oylik qamoq hamda 80 ta qamchi zarbasi jazosiga mahkum qilinishi mumkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hukm u qamoqlardagi huquqbuzarliklar haqida sukut saqlamagani uchun jazodir.

Muhammadiy o‘zi kabi tanilgan shaxs shunday yomon muomalaga duchor bo‘layotganini e’tiborga olib, jamoatchilik tanimagan ayol mahbuslar taqdiri yanada ayanchli ekanidan xavotirda.

“Men 48 yoshli ayolman. Odamlar meni taniydi. Menga qanday munosabatda bo‘lishganini ko‘rganimda, ular odamlarga tanish bo‘lmagan va yakka tartibda saqlanayotgan yoshroq (ayollarga) qanday munosabatda bo‘lishlari haqida o‘ylay boshladim”, dedi u.

Muhammadiyning aytishicha, ko‘pincha qamoqxona ma’murlari hibsga olingan yosh ayollar bokiraligini tekshiradi.

So‘nggi yillarda boshqa ayol mahbuslar ham tergovchilarni jinsiy va psixologik zo‘ravonlikda aybladi.

Qamoqdagi ekolog Nilufar Bayoniy rasmiylarga maktub yozib, 1 200 soat davomida so‘roq qilingani, so‘roq davomida qanday qiynoqqa solinganini batafsil bayon qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tergovchilar uni zo‘rlash va o‘ldirish bilan tahdid qilgan, yovvoyi hayvonlar ovoziga taqlid qilishga, o‘zlarining jinsiy o‘yinlarida qatnashishga majbur qilishgan.

Sukunat hech narsani o‘zgartirmaydi

“Clubhouse” ilovasi eronliklar uchun keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilish, ba’zan esa real vaqtda muhokamalarda qatnashayotgan rasmiylarga qarshi chiqish uchun yangi platformaga aylangan.

27 - may kuni bo‘lib o‘tgan “Clubhouse” yig‘ilishida Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Abadiy ayollarga huquqbuzarlar ismlarini ochiq aytishni va ularni sharmanda qilishni tavsiya etish kerakligini ta’kidladi.

“Ko‘pchilik obro‘si to‘kilishidan qochib yoki adolatdan umid yo‘qligiga ishongani uchun bu narsalar haqida gapirishga tayyor emas”, dedi Abadiy.

“Nargiz (Muhammadiy) baland ovoz bilan gapirgani va boshqalarga gapirish uchun jasorat bergani uchun olqishlanishi kerak. Sukunat hech narsani o‘zgartirmaydi”, dedi u.

Jinsiy qo‘rqitishlar

2014 - yilda o‘zining inson huquqlari faoliyati tufayli qamalgan huquq himoyachisi Maryam Shafipurning so‘zlariga ko‘ra, tergovchilardan biri unga:

“Men seni shu yerda ushlab turishim va sen bilan xohlagan ishimni qilishim mumkin”, deb tahdid qilgan. Natijada faol doimiy xavotirga tushib qolgan.

“U tanasining pastki qismini mening stulimga tekizib, har xil ovoz chiqarardi”, dedi Shafipur.

O‘qituvchi va shoira Mahvash Sobitiy Erondagi bahoiylar bilan bog‘liq faoliyati uchun Tehronning Evin qamoqxonasida qariyb 10 yil o‘tirgan. 2017 - yilda qamoqdan ozod qilingan Sobitiy qamoqda muntazam ravishda jinsiy kamsitishlarga duchor bo‘lganini so‘zlab berdi.

“So‘roqlarning barcha bosqichlarida bizga ayol, ikkinchi jins vakili sifatida qarashardi”, deya tushuntirdi u.

Eski yaralar

Eng og‘riqli hikoyalarni Eronda 1979 - yilda sodir bo‘lgan islomiy inqilobidan ko‘p o‘tmay qamalgan ayollar so‘zlab berdi.

Bonu Sobiriy 1982 - yilda Eronning Isfahon shahri yaqinidagi cho‘lda islomiy qonunlarni ta’sis qilish vazifasi yuklanganini iddao qilgan uch kishi tomonidan zo‘rlangani haqida gapirib berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1986 - yilda hibsga olingandan so‘ng, tergovchilar zo‘rlanganidan foydalanib, u va uning oilasiga, shu jumladan, 1988 - yilda qatl etilgan eriga bosim o‘tkazishgan.

“Ular erimga mening fohisha ekanimni aytishdi va men [zo‘rlash] da’vosini oila qurganimizda bokira emasligimni yashirish uchun o‘ylab topganimni aytishgan edi”, - deb esladi u.

Sobiriy hibsdan bo‘shatilganidan keyin ham Eron rasmiylari uni muntazam ravishda chaqirib, haqorat qilishganini aytdi.

U ayni damda AQShda yashaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt oldin Eron qamoqxonasida boshdan kechirgan psixologik zo‘ravonlikdan hali-hanuz aziyat chekadi.

Qamoqda o‘tkazgan 1981–1991 - yillari to‘g‘risida memuar yozgan sobiq siyosiy mahbus Munira Barodaron tergovchi uni kaltaklayotganida boshidan chodiri tushib ketganini gapirib berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tergovchisi uning sochlarini ko‘rib, g‘azab otiga mingan. 1979 - yilgi inqilobdan keyin Eronda tatbiq etilgan islom qonunlariga ko‘ra, ayollar jamoat joylarida sochlari va tanalarini yopib yurishlari kerak.

XS
SM
MD
LG