Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:24

Eski va yangi Jaloliddin. Urganchda Karimov ochgan haykal olinib yangisi o‘rnatiladi


Urganchda quriladigan yangi haykal bosh qismi va 22 yil oldin qo‘yilgan haykal
Urganchda quriladigan yangi haykal bosh qismi va 22 yil oldin qo‘yilgan haykal

Moskva viloyatining Jukovskiy shahridagi “Lit-Art” haykaltaroshlik kombinatida rossiyalik haykaltaroshlar Aleksandr Ustenko va Vitaliy Kazanskiy tomonidan yaratilayotgan Jaloliddin Manguberdi haykali bitish arafasida.

"Bu ulkan haykalni yaratish ustida ikki yildan ko‘proq ishladik. Nihoyat, ishning asosiy qismi bitdi. Ikki oyga qolmay, bu ulug‘vor bronza haykalni Urganchda o‘ranatamiz. Bu haykal Moskvada o‘rnatilgan nasroniy patriarxlar haykalidan ham ancha ulug‘vor va salobatli bo‘ladi", deya bildirdi muxbirimiz bilan suhbatda “Lit-Art” haykaltaroshlik kombinati vakili.

Urganchdagi Manguberdi haykali tunnel ko‘prigi ustiga 25 metr balandlikda quriladi
Urganchdagi Manguberdi haykali tunnel ko‘prigi ustiga 25 metr balandlikda quriladi

Me’mor va munaqqid Abdumalik Turdiyevning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur rahbarligida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari, haykaltarosh Jasvant Annazarov va Bahrom Norboyev haykal yaratish jarayonida maslahatchi maqomida ishtirok etishmoqda. Ular buning uchun Rossiyaga maxsus xizmat safari bilan borishgan.

O‘zbek rassomlari Jasvand Annazarov¸ Bahrom Norboyev va Akmal Nuriddinov haykalni ko‘zdan kechirmoqda
O‘zbek rassomlari Jasvand Annazarov¸ Bahrom Norboyev va Akmal Nuriddinov haykalni ko‘zdan kechirmoqda

Rasmiy matbuotning yozishicha, Jaloliddin Manguberdining mahobatli haykalini o‘rnatish tashabbusi prezident Shavkat Mirziyoyevga tegishli.

"Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xorazmga tashrifi chog‘ida Urganch shahrida markaziy maydon barpo etish va unda Jaloliddin Manguberdining mahobatli haykalini o‘rnatish, shuningdek shaharda 1000 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy san’at saroyini qurish tashabbusini bildirgan edi. Qisqa fursatda majmua qurilishi uchun joy tanlanib, loyiha hujjatlari tayyorlandi", deb yozdi shu yilning 21 - yanvar kuni "Xalq so‘zi" nashri.

Haykal maketi va eskizlarini ko‘rgan urganchlik haykaltarosh Soliy Qodirov Ozodlik muxbiri bilan suhbatda ba’zi tafsilotlarni aytib berdi. Qodirovga ko‘ra¸ 25 metrlik haykal shahar markazida, Qirg‘iz yop kanali bo‘yidagi kurant o‘rnida baro qilinadi. Haykaltaroshga ko‘ra¸ otda ketayotgan ulug‘ sarkarda Jaloliddin haykali shaharning barcha tomonidan ko‘rinib turadi.

Urganchlik haykaltarosh Soliy Qodirov
Urganchlik haykaltarosh Soliy Qodirov

Haykal uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 - yil 22 - martdagi 199-F-son farmoyishiga binoan, davlat byudjetidan katta mablag‘ ajratilgan.

Farmoyishda Xorazm viloyatining Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi haykalini o‘rnatish belgilangani aytilgan bo‘lsa ham, qancha mablag‘ sarflanishi aniq aytilmagan.

Sulton Jaloliddin haykalining bosh qismi
Sulton Jaloliddin haykalining bosh qismi

Fransiyada istiqomat qiluvchi o‘zbek rassomi Sergey Ignatyevga ko‘ra, balandligi 25 metrdan baland bronza haykalni o‘rnatish narxi ikki million AQSh dollaridan qimmatroqqa tushadi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi mulozimi haykal 3 milliard so‘mga narxlangani, ammo bu summaga 10 ta bo‘lkadan iborat ulkan haykal parchalarini Moskvadan Urganchga keltirish bilan bog‘liq logistika xarajatlari kirmasligini bildirdi.

O‘rnatilajak haykaldagi ot kallasi o‘zbek mulozimi bo‘yidan ham baland
O‘rnatilajak haykaldagi ot kallasi o‘zbek mulozimi bo‘yidan ham baland

Urganchlik ziyoli¸ "Oltin meros" jamg‘armasi Xorazm viloyat bo‘limi rahbari Komil Nurjon Ozodlik bilan suhbatda masalaning yana bir jihatiga e’tibor qaratdi. Komil Nurjonga ko‘ra¸ xozir yangi haykal o‘rnatish uchun qurilish ishlari ketayotgan maydondan sal narida Jaloliddin Manguberdining 14 metrlik ulug‘vor haykali turibdi.

1999 - yili Urgachda o‘rnatilgan Manguberdi haykali
1999 - yili Urgachda o‘rnatilgan Manguberdi haykali

"Bu qurilayotkan xaykal byudjet uchun juda qimmatga tushayotganidan xabarim bor. Shu mamlakat ziyolisi sifatida men bundan noroziman. Mana, shahar markazida Manguberdining 14 metrlik haykali qad ko‘tarib turibdi. Shuning o‘zi yetadi. "Puli ko‘paygan tandir buzib quradi", deyishadi. Bunga ketadigan millliardlarni shahar obodonchiligi¸ kommunikatsiya va infratuzilmani yangilashga¸ qariyalar va aholining nochor qatlamini qo‘llab-quvvatlashga ajratilsa yaxshi bo‘lardi", -deydi Komil Nurjon.

Urganchdagi Manguberdi majmuasi buzib tashlanadi
Urganchdagi Manguberdi majmuasi buzib tashlanadi

Urganch markazidagi haykal 1998 - yilgi hukumat farmoniga ko‘ra¸ O‘zbekiston xalq rassomi¸ haykaltarosh Ilhom Jabborov tomonidan yaratilgan edi. Qattiq materialdan ishlangan bu haykalniing usti mis bilan qoplangan.

Haykaltarosh Ilhom Jabborov va SSSR Xalq rassomi Rahim Ahmedov
Haykaltarosh Ilhom Jabborov va SSSR Xalq rassomi Rahim Ahmedov

1999 - yilda bu haykal ochilishida qatnashgan san’atshunos Abdumalik Turdiyevga ko‘ra¸ o‘sha paytda haykal Islom Karimovning jiddiy nazorati ostida yaratilgan:

«22 yil oldin, aniq xotiramda, 5 - noyabr edi. Urganchda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligiga bag‘ishlangan katta tantanalar bo‘lib o‘tgan. Shaharda yubiley uchun maxsus bunyod etilgan Shovot kanali qirg‘oqlarini birlashtirgan ansambl markazida Jaloliddinning ulug‘vor haykalini Karimovning o‘zi ochgan edi. Ochilish marosimida Karimov bu haykal o‘rnatilishiga hissa qo‘shganidan mamnunligini izhor qilgandi. Haykalning Amir Temur siymosini yaratgan Ilhom Jabborovga topshirilishi ham prezident amri bilan bo‘lgan. Dastlabki variantda Jaloliddin ot ustida turgan edi. Karimov bunga qarshi chiqib, «ot bu davlat timsoli», mamlakatda faqat Amir Temurning otliq haykali bo‘lishi kerak, deb plastilin Jaloliddinni otdan tushirib qo‘ygan edi. Lekin Ilhom Jabborov yaratgan haykal otsiz holida ham ulug‘vor va timsoliy bo‘lib chiqdi¸ Ilxom Jabborov haykaliniing olib tashlanishini ma’qullamayman", deydi san’atshunos.

O‘zining aytishicha, u "o‘rtamiyona va hech kim tanimaydigan rus haykaltaroshlari - Aleksandr Ustenko va Vitaliy Kazanskiy yasagan haykal suratlarini ko‘rgan".

"Nari borsa, qabr toshlari yasaydigan ustaning o‘rtamiyona hunarmandligi, xolos. Nega har 20 yilda ayni odamga oldingisidan ham yomonroq haykalni davlat puliga yaratilayotganini tushunmayman".

Islom Karimov 1999 - yilda navbatdagi obida qurilishini nazorat qilmoqda
Islom Karimov 1999 - yilda navbatdagi obida qurilishini nazorat qilmoqda

Xorazm viloyati qurilish shirkatida muhandis bo‘lib ishlaydigan Quromboy Yo‘ldoshevning Ozodlikka aytishicha, 1999 - yilda davlat hisobiga obod qilinib, Jaloliddin haykali o‘rnatilgan maydon "ko‘p qavatli elita binolar quradigan qudratli mulozimga nol qiymatda berilgan". Ozodlikda ushbu iddaoni tasdiqlovchi smeta hujjatlari mavjud emas.

Haykal qurilishi uchun rasmdagi kurant buzib tashlandi
Haykal qurilishi uchun rasmdagi kurant buzib tashlandi

Xorazm viloyat hokimligi Kapital qurilish bo‘limi mulozimi shahar markazidagi binolar buzilib, yangi haykal uchun joy xozirlanayotganligini tasdiqladi va eski haykal turgan maydonning kelajagi haqida ma’lumoti yo‘qligini bildirdi.

XS
SM
MD
LG