16 - fevral kuni Toshkentda 300 ga yaqin tadbirkor muzlatib qo‘yilgan bank hisoblarini ochish, nohalol kontragentlar to‘lamagan QQSni ulardan undirishni to‘xtatish talabi bilan Davlat soliq qo‘mitasiga bordi.
Shu kuni Biznes-ombudsman QQS yuzasidan tadbirkorlik subyektlariga yuborilgan xabarnomalarning qonuniyligini o‘rganishni boshlagani to‘g‘risida bayonot berdi.
Davlat soliq qo‘mitasi 10 mingta korxona bank hisobi muzlatib qo‘yilganini ularning 395 ta pul naqdlovchi firma bilan hamkorlik qilgani bilan izohlamoqda.
Davlat soliq qo‘mitasiga 16 - fevralda borgan tadbirkorlardan birining 17 - fevralda Ozodlikka bildirishicha, qo‘mita binosi oldida ertalab soat 11 gacha kamida 300 kishi yig‘ilgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, elektron texnika va boshqa shu kabi tovarlar bilan savdo qiluvchi tadbirkorlarning kichikroq guruhi bir kun oldin – 15 - fevralda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasiga borgan va bu haqda Ozodlik xabar qilgan edi.
Tadbirkorlarning Soliq qo‘mitasidagi mitingi
Ozodlik savollariga javob bergan tadbirkorning aytishicha, avvaliga DSQ mulozimlari ularga shahar boshqarmasiga borishni tavsiya qilgan. Keyin tadbirkorlarga beshta-beshtadan bo‘lib ichkariga kirish taklif qilingan, lekin ular bu taklifga ko‘nmagan:
“Shundan so‘ng oldimizga qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev chiqdi. Gapni rosa aylantirdi. Kodeksni o‘qishni boshladi. Lekin o‘ziga foydali joyini o‘qidi. Tadbirkorning himoyasi haqida yozilgan joyini o‘qimadi. Shuning uchun odamlar prezident administratsiyasiga boramiz, deyishni boshladi”, - dedi tadbirkor.
Uning aytishicha, Mubin Mirzayev yig‘ilganlarning bank hisoblari ochib berilishini aytgan. “Hammanikini emas, shu yerga kelganlarniki ochilishini aytdi”, -dedi tadbirkor. Uning tushuntirishicha, “barcha tadbirkorlar bank hisobi inkassaga qo‘yib qo‘yilgan, ya’ni hisobga tushadigan har qanday pul soliqchilar tadbirkor bo‘yniga ilib qo‘ygan pul miqdoriga yetguncha soliqqa o‘tib ketaveradi”.
Shu kunda barcha tadbirkorlarning tashvishi bitta
Bank hisobi inkassadan chiqarilishi uchun tadbirkorlar kameral tekshiruv o‘tkazilishiga rozi ekanligi to‘g‘risida tilxat yozib beradigan bo‘ldi. 16 - fevral kuni Davlat soliq qo‘mitasiga borgan 300 ga yaqin tadbirkor kunduz soat 1 larda tarqagan. Biroq Telegramdagi “Soliq to‘lab nohaq ayblanganlar” kanalidagi virtual miting maqola yozilayotgan soatlarda qizg‘in davom etayotgandi. Uch mingdan ziyod kishi a’zo bo‘lgan bu kanalda qoldirilayotgan postlardan butun mamlakatdagi tadbirkorlar shu kunda hamma ishini tashlab qo‘yib, kutilmagan QQS muammosini muhokama qilish bilan band ekanini ko‘rish mumkin.
DSQning ikki kun oldingi bayonoti
Yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati 15 - fevral, kechga yaqin e’lon qilgan bayonotida “Shubhali operatsiyalarni amalga oshiruvchi (“naqdlashtirish” bilan shug‘ullanuvchi) insofsiz soliq to‘lovchilar bilan moliyaviy operatsiyalarga ega bo‘lgan tashkilotlarning QQS summasiga ushbu hisobga olish ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitimga muvofiq amalga oshirilganligi uchun Soliq kodeksining 266-moddasiga asosan tuzatish kiritildi yoki hisobga olish bekor qilindi”, deyilgan.
DSQ har bir holat alohida ko‘rib chiqilishi, tekshiruvdan keyin, agar qonun buzilmagani aniqlansa, QQSning hisobga olinadigan summasi darhol qaytarilishini bildirgan.
Biznes-ombudsman ogohlantirdi
16 - fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil - Biznes ombudsman QQS yuzasidan tadbirkorlik subyektlariga yuborilgan xabarnomalarning qonuniyligini o‘rganishni boshlagani to‘g‘risida bayonot berdi.
Ushbu bayonot Soliq qo‘mitasining hisobchilardan boshqa odam tushunishi qiyin bo‘lgan bayonotini biroz “tushuntiradi” ham:
“Avvalroq, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovlarini noqonuniy ravishda kamaytirish maqsadida shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan 396 ta tadbirkorlik subyektlarining ro‘yxati e’lon qilingan va ular bilan munosabatlarga kirishgan tadbirkorlarga QQS summasiga o‘zgartirish kiritish va qayta aniqlashtirilgan hisobotlarni taqdim etish yuzasidan xabarnomalar yuborilgan.
Soliq organlarining ushbu xarakatlari tadbirkorlar orasida keskin noroziliklarni keltirib chiqarayotganligini inobatga olgan holda, Biznes-ombudsman devoni Davlat soliq qo‘mitasining mas’ul mansabdor shaxslari ishtirokida ushbu harakatlarning qonuniyligini o‘rganib chiqilmoqda”.
Muammo qayerdan paydo bo‘ldi?
Davlat soliq qo‘mitasi joriy oy boshidan “Lozim darajada ehtiyotkorlik” xizmatini ishga tushirgan edi.
Qo‘mita rasmiy saytidagi bu xizmatda soliq miqdorini noqonuniy kamaytirishga qaratilgan shubhali bitimlarni amalga oshirgan 396 ta tadbirkorlik subyekti ro‘yxati mavjud.
16 - fevralda DSQga borgan 300 tadbirkordan birining aytishicha, uning hamkasblari Soliq qo‘mitasi harakatlaridagi mantiqni tushuna olmayapti:
“Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: halol emas biznesmenlar ro‘yxati fevralda paydo bo‘lgan bo‘lsa, ular bilan hamkorlik qilganmizmi -yo‘qmi, bundan qat‘inazar nega har bir tadbikor yana qo‘shimcha soliq to‘lashi kerak? Ikkinchidan, nima uchun fevraldan joriy etilgan tartib talablari o‘tib ketgan yil uchun ishlashi kerak?!”
Tadbirkorlarning bu savollariga DSQ bayonotida javob yo‘q. Qo‘mita matbuot xizmati 15 - fevralda Ozodlik savollariga javob berishni istamagan edi, 17 - fevralda esa, qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.
"Istisno tariqasida"
Maqola yoo‘ilayotgan paytda DSQ matbuot xizmati yana bir bayonot e’lon qildi. Qo‘mita saytining o‘zbek tilidagi sahifasida rus tilida e’lon qilingan bayonotda DSQ yuzaga kelgan vaziyatni tushuntirishga urinadi, pul naqdlovchi firmalarga qarshi kurash olib borilayotganini bildiradi.
Qo‘mitaning tan olishicha, yaqin paytlargacha bunday kurash bo‘lmagan. Bayonotda aytilishicha, 395 ta pul naqdlovchi firma aniqlangan bo‘lib, ularning xizmatidan 10 mingta kompaniya foydalangan.
DSQ matbuot xizmatiga ko‘ra, "pul naqdlovchi firmalar" tovarlarni sotmaydi va xizmatlarni ko‘rsatmaydi, balki pul mablag‘larini naqdlashtiradi hamda soxta hujjatlarni rasmiylashtiradi.
Misol uchun, 100 million so‘mlik bitta hisobvaraq — faktura bilan «pul naqdlovchi korxonalar» noqonuniy ravishda 15 million so‘m pul ishlaydi. Vaholanki, vijdonli tadbirkor bunday daromad olish uchun bir oy yoki undan ham ko‘proq vaqt mehnat qilishi kerak.
DSQ bayonoti bilan mana bu yerda to‘liq tanishishingiz mumkin.
Xabar qilinishicha, DSQda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda istisno tariqasida 17 - fevral, soat 10.00 dan boshlab 1 - martgacha 2960 ta xo‘jalik yurituvchi subyektning bank hisoblariga qo‘yilgan inkassa topshiriqlari bekor qilingan.