Toshkent shahridagi faollar hududida turarjoy majmuasi, mehmonxona va sport markazi qurilishi rejalashtirilgan “Anhor Lokomotiv” bog‘ini saqlab qolish uchun imzo yig‘ishga kirishishgan. Bu haqda Gazeta.uz nashri xabar qildi.
Bir hafta avval ijtimoiy tarmoqlarda bog‘ hududida Golden House shirkati tomonidan biznes va premium toifadagi ko‘p qavatli turarjoy binolari, biznes va savdo markazi, basseynli sport majmuasi va boshqa obyektlar qurilishi haqida ma’lumot tarqalgandi.
15-fevral kuni “Anhor Lokomotiv” bog‘ida qayta qurish rejasiga qarshi onlayn petitsiya e’lon qilingan.
“Bog‘ o‘rniga yangi majmua qurish va keyinchalik 10 mingdan ortiq daraxt hamda yashil maydonlarni ayovsiz kesib tashlash o‘tmishda eng ko‘kalamzor bo‘lgan shahar ekologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, bu bog‘da ishlaydigan yuzlab xodimlarning ish o‘rinlarini yo‘qotishiga ham olib keladi”, deyilgan petitsiyada.
Bog‘ hududida qurilish amalga oshirilishiga qarshi yana bir imzo yig‘ish kampaniyasi o‘tkazilmoqda.
Toshkent so‘nggi vaqtlarda bir necha bor havo ifloslanishi darajasi bo‘yicha dunyodagi yirik shaharlar orasida birinchi o‘rinni egallagan.
Jahon banki hisobotiga muvofiq, Toshkentda PM2,5 mayda zarrali changlar ta’siri oqibatida yiliga o‘rtacha 3042 kishi bevaqt vafot etadi.
Poytaxt havosi tobora ifloslanib borayotgan bir paytda shahardagi yashil hududlarni saqlab qolish o‘ta hassos masalaga aylangan.