Shu yilning 19-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi U. Xolov O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli M. Subxanovning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-aprelidagi 204-sonli qarorini qisman bekor qilishga oid arizasini qanoatlantirmasdan qoldirdi.
“Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb nomlanadigan mazkur qarorning 2-ilovasida aholi uchun bir oyda (bir xonadon) iste’mol qilinadigan elektr energiyasi va tabiiy gazning bazaviy me’yorlari belgilangan.
Mazkur qarorga muvofiq, shu yilning may oyidan e’tiboran har bir xonadon uchun elektr energiyasining imtiyozli narxdagi ulushi 200 kVt qilib belgilangan.
Shuningdek, tabiiy gaz limiti isitish mavsumida 500 kub metr, boshqa vaqtda esa 100 kub metr taqsimoti nazarda tutilgan.
Huquq faollari iddaosicha, hukumat qarorida bu miqdorning qanday va qayerdan kelib chiqqani asoslab berilmagan. Shu bilan birga, mamlakatda istitish mavsumi qachondan boshlanishi va tugashiga oid normativlar mavjud emas.
Bundan tashqari, huquq faollari nazarida, O‘zbekistonda tabiiy gaz ta’minotidagi taqsimotning notengligi limitlarni belgilashda inobatga olinmagani aholining gaz bilan to‘laqonli ta’minlanmagan qatlamini diskiriminatsiya qilishdir.
“Hukumatning bu qarori aholining gaz bilan ta’minlangan va ta’minlanmagan qatlamlari uchun teng sharoit va imkoniyatlarni inkor etadi.
Hozirda jamoatchilik tomonidan limitlarning kamligiga oid masala bu keyingi masaladir. Avval hukumat qaroridagi diskiriminatsion omilni bartaraf etish lozim”, dedi “Ezgulik” faoli M. Subxanov Ozodlik bian suhbatda.
Huquq faollari o‘z arizasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Fuqarolik va siyosiy huquqlari to‘g‘risida”gi pakt talablaridan kelib chiqqan holda, hukumat qarorining elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti borasida o‘rnatilgan limitlarni bekor qilishni so‘rashgan.
Oliy sud sudyasi U. Xolovga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hukumati, qonun chiqaruvchi organlari va boshqa idoralarning bajarilishi majbur bo‘lgan normativ hujjatlarining qonunga muvofiqligini Konstitutsiyaviy sud ajrim qiladi, shu bois shikoyat ish yurituviga qabul qilinmagan.
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud faqatgina qonunchilik tashabbusiga ega idoralarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi. Amalda hukumat qarorlarining Konstitutsiyaga mosligi borasida fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqilmaydi.
Faollar Oliy sud sudyasi U. Xolovning qarori ustidan yuqori instansiya sudiga apellyatsiya shikoyati berishgan.