O‘zbekistonlik faollarga ko‘ra, mamlakatda abgor inson huquqlari vaziyatini yaxshilash va’dasi bilan hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev hukumati, yakuniga yetayotgan 2022-yilda ham bu borada tub islohotlar qilishga shoshilmadi.
Hozirda Fransiyada yashayotgan huquq faoli, Markaziy Osiyo inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayeva, O‘zbekistonda hanuz sudlar erkin emas, xalqaro hajamiyat talabi bilan ozod qilingan sobiq siyosiy mahkumlar hanuz oqlangani yo‘q, avvalgi prezident Islom Karimov davrida xorijga quvg‘in qilingan minglab siyosiy muhojir hanuz yurtiga qayta olmayotir, deb ta’kidladi.
Atayeva, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 21-22-noyabr kunlari Fransiyaga rasmiy tashrifi arafasida ayni talablar bilan Parijning Sent-Avgustin maydonida aksiya o‘tkazdi.
Ozodlik, ana shu norozilik aksiyasi chog‘ida - shu yilning 20-noyabrida Atayeva bilan suhbatlashib, O‘zbekistondagi inson huquqlarining ahvoli haqida suhbatlashdi.
Ozodlik: O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifiga to‘g‘rilab o‘tkazilayotgan bu aksiyadan maqsad nima?
Nadejda Atayeva: Mirziyoyev saylanganiga besh yilcha bo‘lib qoldi. U iqtidorga kelarkan, huquqiy islohotlar o‘tkazishga quyuq va’dalar bergan edi. Nazarimizda, sarhisob qiladigan vaqt keldi...
2017-yilda huquqiy islohotlar haqida rosa og‘iz ko‘pirtirishgandi. Barchamiz sud tizimi o‘zgarishini, siyosiy sabablarga ko‘ra qamalganlar ishlari qayta ko‘rib chiqilishini kutgandik. Biz sobiq siyosiy mahkumlarning taqdiri nima bo‘larkin, deya uzoq kuzatdik.
Xalqaro hamjamiyat o‘nlab faollarni siyosiy qochqin va vijdon tutquni deb tan olgan. Lekin afsuski, sanoqli mahkumlargina reabilitatsiya qilindi, ular ham qay bir tarzda hokimiyat bilan til topishgani uchun ozodlikka chiqdilar. Boshqa mahkumlar esa reabilitatsiya qilinmadi, ular hatto o‘z sog‘liqlarini tiklash imkoniga ega emaslar, chunki chet elga chiqishlari taqiqlab qo‘yilgan.
Siyosiy migrantlar mamlakatga kela olishmayapti, ushbu huquqiy islohotlar natijasida fuqaroligini yo‘qotgan shaxslargina qaytishmoqda, kelayotganlar esa o‘z yurtlarida o‘zlarini sayyoh kabi his etishni bo‘yinlariga olib, kelishyapti. Bizningcha, bu ishlar to‘g‘ri emas.
Biz hukumat Karimov boshqaruvi davrida avj olgan qatag‘onlar uchun tavba qilishi kerak, deb hisoblaymiz. O‘zgarishlarni ko‘rmas ekanmiz, islohotlar muvaffaqiyati haqida gapira olmaymiz. Biron bir o‘zgarish sezilmayotgan soha bu – sud tizimi. Biz huquqbonlar nimani kutgan edik, bilasizmi? Sud tizimida ochiq sud muhokamalari bo‘lishi uchun tobora kengroq shart-sharoit yaratilishini kutgandik.
Biroq yangi hokimiyat yangi milliy mexanizmlarni o‘ylab topdiki, natijada yuqori martabali mulozimlarga, hozirgi hukumat yetakchilarini iqtidorga keltirgan shaxslarga u yoki bu tariqa aloqador bo‘lgan ishlar va, umuman, 2005-yilgi Andijon fojiasidan so‘ng mamlakatni qamrab olgan korrupsiya bo‘yicha guvohlik berishi mumkin bo‘lgan barcha kishilarga doir ishlar yopiq tarzda ko‘rilmoqda. Ular qamalganlar, ammo biz ularning salomatligi ahvolini bila olmaymiz, jamoatchilik ularning aynan nega qamalganidan bexabar.
Ilgarigi MXX, hozirda DXX deb ataluvchi jazolash institutining isloh qilinishi ham yolg‘on bo‘lib chiqdi, u huquqiy maydonda isloh qilinish o‘rniga badtar korrupsiyalashdi. Davlat xavfsizligi xizmati raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Mirziyoyevning qudasi – katta kuyovining otasi tayinlanishi shundan dalolat beradi. Kichik kuyov esa prezidentni qo‘riqlash xizmati boshlig‘i. Ya’ni, bu ikki kuyov mamlakatimizni o‘z ta’sir doiralariga bo‘lib olganlar.
O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya bormayapti, chetdan faqat kredit olinmoqda, natijada mamlakat aholisi qarzga botgan. Bu oddiy fuqarolarning turmush darajasida aks etmoqda.
Ozodlik: Mushtariylarimizdan hukumatning yuqori eshelonlaridagi korrupsiya, bunga prezident oilasi vakillari mansubligi xususida ko‘plab murojaatlar bo‘ladi. Huquq faolisiz, sizda prezident ikki kuyovining korrupsion ishlarga aloqadorligiga doir iddaolarni tasdiqlovchi biror fakt bormi va agar bo‘lsa, Ozodlikka taqdim qila olasizmi?
Nadejda Atayeva: Shubhasiz. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona viloyatidagi ko‘plab korxonalarni kichik kuyov nazorat qiladi. To‘ng‘ich kuyov esa o‘z biznesini o‘zbek aslli rossiyalik oligarx Alisher Usmonov bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘ymoqda. Mirziyoyevning katta kuyovi hamda katta qizi Usmonov bilan juda yaqinligiga rad etib bo‘lmas dalillar bor, umuman olganda ular buni yashirishmaydi ham.
Yaqinda to‘ng‘ich kuyov bir yopiq to‘y bazmida Alisher Usmonov bilan raqsga tushgani aks etgan suratlar qo‘limizga tushdi. Bu kuyov Gulnora Karimova yo‘lidan boryapti. Bunaqa yopiq bazmlar jamiyat qanday bo‘linayotgani, qaysi oligarxlar qaysi mulozimlarga xizmat qilishini ko‘rsatadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda qurilish biznesi va banklar katta kuyovning izmida. Ba’zi muhim aktivlar ikkovining o‘rtasida qo‘ldan qo‘lga o‘tyapti...
Ozodlik: Akkreditatsiya olish yoki O‘zbekistonda rasman faoliyat olib borish uchun ro‘yxatdan o‘tish maqsadida Adliya vazirligiga murojaat qilganmisiz?
Nadejda Atayeva: Hozircha yo‘q, ammo akkreditatsiya olish uchun albatta murojaat qilamiz. Buning uchun avvalo tashkilotimizni mazkur missiyaga tayyorlashimiz lozim. Tashkilotimiz qaroriga binoan, kelgusi yilning aprelidan so‘ng shu ishlar bilan shug‘ullanamiz.
Lekin shu o‘rinda bir gapni aytishim kerak. Biz Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan o‘z takliflarimizni O‘zbekiston parlamentiga yuborgan edik. Ulardan javob keldi. Bizga minnatdorlik bildirishibdi. Bunaqa munosabat ko‘rish biz uchun ajablanarli hol bo‘ldi. Endilikda esa parlamentning ayrim vakillari yangi Jinoyat kodeksi yuzasidan izoh va Jinoyat-protsessual kodeks bo‘yicha takliflar berishimizni so‘rashyapti. Ekspertlarimiz advokatlik faoliyati yo‘nalishida ham ish olib borishmoqda.
Umuman olganda, biz faqat tanqid bilan cheklanmaymiz, e’lon qilingan islohotlar juda keng qamrovli ekanini tushunib turibmiz, ular qandaydir umumiy mavzularga aloqador. Shu bois biz mazkur rasmiy tashrif munosabati bilan o‘zimiz uchun yangi bir aksiyani boshladik. U “Bizni eshiting” deb nomlanadi. Biz murojaatchilarimizga yuzlanib, amaldagi hokimiyatga o‘z ahvollari xususida qanday aytar gaplari borligini so‘radik.
Biz ular bilan ish olib boryapmiz, albatta. Ulardan ayrimlari maxsus tartib-taomillar bo‘yicha BMTga arizalarini tayyorlab qo‘yishgan, biz o‘zimizning muqobil hisobotlarimizda ularga oid ishlarni yoritamiz, biroq ularning o‘zlarini tinglash juda muhim, toki biz bo‘rttirmayotganimizni, bu ularning ovozi va murojaatlari ekanini bilishsin.
Bu 50 ovoz asosan ommaviy “snos”lar mavzusi bilan bog‘liq, chunki ushbu siyosat oqibatida ko‘pchiligi boshpanasiz qolib xonavayron bo‘lishgan. Qolaversa, bu murojaatlar tanqid qilgani uchun jabrlangan jurnalist va blogerlar taqdiriga ham aloqador.
Jinoyat kodeksidan “Tuhmat qilish” moddasi chiqarib tashlandi, biroq ayni chog‘da keskin fikr yoki tanqid uchun ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutuvchi boshqa moddalar paydo bo‘ldi. Shu bois, islohotlar odamlarga gapirish imkoniyatini berishi biz uchun juda muhim, qolaversa, hukumatdagi byurokratiya samarali mexanizmga aylanishi kerak.
Biz o‘z murojaatchilarimizga minbar berishga va bir necha haftadan so‘ng, natijalarni muhokama qilish uchun yana to‘planishga qaror qildik. Chunki biz o‘z so‘rovlarimizni O‘zbekistonga yo‘llaganimiz kabi, O‘zbekistondagi islohotlarning qanchalik samaradorligini ko‘rsatish va korrupsion sxemalar ishtirokchisiga aylanish xavfidan ogoh etish uchun Fransiya hukumatiga ham yo‘llaymiz...
Tushunaman, 30 millionli mamlakatdan atigi 50 murojaat bu misoli dengizdan tomchi, lekin, mayli, loaqal murojaatlardan boshlaylik. Murojaatlarni o‘zbek va rus tillarida olgan bo‘lsak, keyin fransuz va ingliz tillariga o‘girdik, ularning arzlari tinglanishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz. Va o‘z navbatida Shavkat Mirziyoyevga mujda berishni istaymiz: u Fransiya hukumatiga ishonchli hamkor bo‘lishni va’da qilarkan, bu va’dani bajarishi uchun jamiyat uni qo‘llab-quvvatlashi kerakligini tushunishi lozim.
Nadejda Atayeva bilan suhbatni quyidagi videoda to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil 21-22-noyabr kunlari Fransiyaga rasmiy tashrif bilan borgandi.
Bu tashrif jarayonida, tomonlar o‘rtasida qator sohalarda hamkorlik, ko‘proq sarmoyaviy hamkorlik haqida gap bordi.
Xususan, fransuz shirkatlari O‘zbekistonning energetika sohasiga katta miqdorda sarmoya kiritishi haqida kelishuvlarga erishilgani aytidi.
Bundan tashqari, Parijda O‘zbekistonga oid ikki ko‘rgazma ochildi. Bular Luvr muzeyidagi “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” hamda Arab dunyosi institutida «Samarqandga yo‘l, ipak va oltin mo‘’jizalari» nomli ko‘rgazmalardir.
Luvrdagi ko‘rgazmaga 2023-yilning 6-martigacha, Arab dunyosi institutidagi ko‘rgazma 4-iyunigacha davom etadi.