Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:30

"Faollar ovozini o‘chirish". Berlinda O‘zbekistondagi jazo psixiatriyasiga oid hisobot taqdim etildi


"O‘zbekistonda jazo psixiatriyasi, faollar ovozini o‘chirishga urinish" haqidagi hisobot Berlinda taqdim qilindi.
"O‘zbekistonda jazo psixiatriyasi, faollar ovozini o‘chirishga urinish" haqidagi hisobot Berlinda taqdim qilindi.

O‘zbekistonda faollarni majburan ruhiy shifoxonaga tiqish orqali ovozini o‘chirish Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ham kuzatilmoqda.

Germaniyadagi “O‘zbek forumi” inson huquqlari guruhi 21 - sentabr kuni Berlinda taqdim etgan hisobotda hukumat tanqidchilarini majburan ruhiy shifoxonaga joylashtirish bilan bog‘liq yettita holat tilga olingan.

Taniqli huquq faoli Yelena Urlayeva va mustaqil jurnalist Jamshid Karimov marhum Islom Karimov davrida bir necha marta ruhiy shifoxonaga majburan yotqizilgandi.
Taniqli huquq faoli Yelena Urlayeva va mustaqil jurnalist Jamshid Karimov marhum Islom Karimov davrida bir necha marta ruhiy shifoxonaga majburan yotqizilgandi.

“Afsuski, Mirziyoyevning yangi ma’muriyati davrida inson huquqlari himoyachilariga nisbatan qator suiiste’molliklar kuzatildi. Huquq faollarini ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy tiqishga oid bir necha xabarlar chiqdi”, deyiladi hisobotda.

“O‘zbekistonda jazo psixiatriyasi - faollar ovozini o‘chirish” deb nomlangan hisobot mulliflaridan biri, “O‘zbek forumi” rahbari Umida Niyozova jazo psixiatriyasi qo‘llanilgan holatlar aslida bundan ko‘p, deb ishonadi.

“Juda ko‘p xolatlarni o‘rgandik. Eng so‘nggi xolat ohangaronlik tadbirkor David Bagmanyan bilan bog‘liq. U 2019 - yilda oilasiga tegishli ikki imorati va do‘koni buzilishi ortidan Prezident xalq qabulxonasiga yozavergach vrachning emas, balki mahalliy hokim ko‘rsatmasi bilan ruxiy shifoxonaga majburlab yotqizilgan va bir oy ushlab turilgan. Sud Bagmanyan muomalaga layoqatsiz, deb qaror chiqaryapti va shu tariqa ovozi o‘chirilyapti. Bunaqa xolatlar juda ko‘p. Bunday jazoni boshdan o‘tkazganlarning ko‘pchiligi ismlari ochiqlanishini istashmadi. Shuning uchun hisobotga yettita holatni kiritdik,xolos”, - deydi Niyozova.

David Bagmanyan muloqotga layoqatsizligi haqidagi sud qarorini bekor qilishni so‘rab yuqori instansiyalarga arz qilib keladi.

Ohangaronlik faol David Bagmanyan.
Ohangaronlik faol David Bagmanyan.

Shu yil avgustida O‘zbekiston Oliy sudi uning bu haqdagi shikoyatini rad etgan va avvalgi sud qarorini o‘z kuchida qoldirgan.

“Yagona aybim Prezident qabulxonasiga yozganim. Hokimlikdagilar esa, qilgan jinoyatini yopish uchun meni jinnixonaga tiqishdi. Men o‘tmishda ruhiy kasal bo‘lmaganman, lekin ekspertiza shizofreniyani boshdan kechirgan deb xulosa beryapti. Endi, hozir Prezident qabulxonasiga yozamanmi yoki norozilik bildirib chiqamanmi, hech kim quloq solmaydi, chunki ruhiy xasta, deb yorliq bosilgan. Lekin soppa-sog‘man”, - deydi Bagmanyan.

Yana bir holat xorazmlik bloger Nafosat Olloshkurova bilan bog‘liq. Ikki yil avval u tarmoqlarda IIV vaziri bilan uchrashuv talab qilib, yaqinlari bilan Xorazmdan piyoda yo‘lga chiqqan shoir va jurnalist Mahmud Rajabning harakatlarini yoritgan edi.

Bloger Shabnam (Nafosat) Olloshkurova.
Bloger Shabnam (Nafosat) Olloshkurova.

Bu norozilik aksiyasi ortidan Mahmud Rajab va Nafosat Olloshkurovalar 10 sutkaga qamaldi.

Qamoq jazosini o‘tagach, Olloshkurova ruhiy shifoxonaga yotqizilgan. Hozir boshqa davlatda boshpana izlovchi maqomida yashayotgan Nafosat o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan jazo psixiatriyasi oqibatida sog‘ligini yo‘qotganini aytadi.

“U yerda qiynoq qo‘llanilganini isbotlashning imkoni yo‘q. Aslida qiynoq dahshatli bo‘ladi. Ukol yordamida, ba’zida u yerda yotganlarni sizga qarshi ishlatishadi. Meni o‘sha yerda yotgan ayollar, balki yollangan ayollar kaltaklagan edi. Menga har-xil ukollar qilishgan, hozir ham shuning asoratlari qolgan, oshqozon osti beziga shikast yetgan, hozir ham shundan aziyat chekaman”, - deydi Olloshkurova.

Суд блогер Нафосат Оллошукуровани руҳий беморлар касалхонасида қолдириш ҳақида ҳукм чиқарди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:02 0:00

Nafosat Olloshkurova Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon majburan ruhiy shifoxonaga yotqizilgan birinchi faol va umuman, O‘zbekistonning yangi tarixida ruhiy dispanserga joylashtirilgan birinchi bloger bo‘lgan.

Bunga qadar taniqli huquq faoli Yelena Urlayeva va mustaqil jurnalist Jamshid Karimov marhum Islom Karimov davrida bir necha marta ruhiy shifoxonaga majburan yotqizilgandi.

“Faollarni ruhiy kasallar shifoxonasiga majburan joylashtirishning ayrim holatlari Karimov prezidentligi davrida sodir bo‘lgan. Masalan, Yelena Urlayeva nafaqat 18 marta ruhiy kasallar shifoxonasiga tiqilgan, balki sud 2006 - yilda uni muomalaga layoqatsiz, deb topgan va sud qarori hozir ham o‘z kuchida qolmoqda.

Karimovning jiyani Jamshid Karimov 2006 - yildan buyon ruhiy shifoxonada majburan va maxfiy ravishda ushlab turildi va prezident tog‘asi o‘limidan so‘ng 2017 - yilda chiqarildi.

Lekin bu kabi huquq buzilishi bugun tugagan, deb bo‘lmaydi. Mahalliy va boshqa mulozimlar da’vo bilan chiqsa, o‘ziga yoqmagan odamni jinnixonaga yuborishi mumkin”, - deydi Niyozova.

Hisobotda, shuningdek, inson huquqlari himoyachilari Dilmurod Saidov va Xudoyor Matyoqubov, fermer Aliqul Sarimsoqovning ham majburan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilishiga oid ma’lumotlar keltirilgan.

"Bunday amaliyot O‘zbekistonning inson huquqlari to‘g‘risidagi bir necha shartnomalar bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarining buzilishidir", - deyiladi hisobotda.

Toshkentdagi “Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov jazo psixiatriyasi barcha diktatorlik jamiyatlarga xos ekanini aytadi.

Ammo Tashanovga ko‘ra, uning tashkiloti so‘nggi ikki yil ichida O‘zbekistonda bunday holatni O‘zbekistonda kuzatmagan.

“Oxirgi holat Olloshkurova bilan bog‘liq bo‘lgan va o‘zim shug‘ullanganman bu bilan. Lekin so‘nggi ikki yilda bunaqa holatni kuzatmadik”, - deydi Tashanov.

Germaniyadagi “O‘zbek forumi” inson huquqlari guruhi hisoboti yuzasidan O‘zbekiston rasmiy idoralaridan izoh olish imkoni bo‘lmadi.

2019 - yilda Jenevadagi tinglov chog‘ida BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Felis Gaer O‘zbekiston hukumat hay’atidan mamlakatda majburiy ruhiy muolaja kabi jazo turini qayta ko‘rib chiqish rejalanayotgani yoki yo‘qligi borasida izoh talab qilgan edi. Rasmiylarning bunga javobi ma’lum emas.

Muxoliflar va tanqidchilarni jazolash maqsadida psixiatriya yordamidan foydalanish, ya’ni odamni jinni, deb e’lon qilish, uni turli psixotrop dorilar yordamida chindan ham jinniga aylantirish sobiq SSSRda dissidentlarga qarshi keng qo‘llangani ma’lum.

XS
SM
MD
LG