Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:42

Farg‘ona narkodispanserida bemorga elektroshoker qo‘llagan feldsher vaqtincha ishdan chetlatildi (VIDEO)


Mast erkakka elektroshoker qo‘llaganlikda ayblangan feldsher yigit. (videodan skrinshot)
Mast erkakka elektroshoker qo‘llaganlikda ayblangan feldsher yigit. (videodan skrinshot)

Farg‘ona viloyat prokuraturasi mast holdagi shaxsga elektroshoker qo‘llagan shifokorga qarshi surishtiruv boshladi.

13 - mart kuni Farg‘ona viloyat narkologiya dispanseri shifokori bemorlardan biriga elektroshoker bilan tok urdirib azoblagani aks etgan video tarmoqlarda tarqalgandi.

Hozirda bemorga elektroshoker qo‘llagan feldsher yigit vaqtincha ishdan chetlatilgan.

Ozodlikka yo‘llangan 30 sekundlik videoda oq xalatli bir yigitning panjarali xonada bir erkak tanasiga qandaydir moslamani tekkizayotgani aks etgan.

Video boshida panjarali xona oldida ichki ishlar xodimi kiyimidagi shaxs ko‘rinadi.

Panjara ichkarisida esa oq xalatli bir yigit tuk turgani, uning yonidagi karavotda esa bir erkak o‘tirgani, boshqa karavotda bir kishi yotgani aks etgan.

Oq xalatli yigit qo‘lidagi moslamani o‘tirgan erkakka tekkizadi. Moslama erkakka har tekkanida qisirlagan ovoz va yorug‘lik chiqadi. Erkak moslama unga har tekkanida bir sapchib tushadi. Uning o‘ziga nisbatan oq xalatliga yoki boshqalarga hujum qilayotgani, qandaydir agressiv harakatlar qilayotgani ko‘rinmaydi.

Oq xalatli yigit 13 sekund ichida qo‘lidagi moslamani karavotda o‘tirgan erkakka ketma -ket uch marta: biqiniga, qorniga va yuziga tekkizadi.

Videoni Ozodlikka yo‘llagan va voqeaga guvoh bo‘lganini aytgan farg‘onalik manba oq xalatli yigit qo‘lidagi moslamani "elektroshoker" deb atadi.

  • Elektorshoker o‘zni himoyalash vositasi bo‘lib, uning yordamida jonli nishonga elektr toki bilan zarba beriladi. Elektroshoker noletal qurol hisoblanadi.
Фарғона вилоят наркология диспансерида беморга электрошокер қўллаш ҳолати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:30 0:00

16 - mart kuni Farg‘ona viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidan Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, ushbu voqea 13 - mart kuni kechqurun Farg‘ona viloyat narkologiya dispanserida sodir bo‘lgan.

Boshqarmaning Ozodlik suhbatlashgan mulozimiga ko‘ra, o‘sha kuni ichki ishlar xodimlari tomonidan narkologiya dispanserining “Hushyorxona”siga mast holda olib kelingan erkakka dispanser xodimi qo‘llagan moslama elektroshoker deb gumon qilinmoqda. "Hushyorxona"dagi holat mast holdagi erkak bilan birga kelgan shaxs tomonidan videoga olinib, tarmoqlarga tarqatilgan.

  • Narkologiya dispanserlarida “Mastlik holatini aniqlash xonasi” va “Mast holdagi fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya punkti” joylashgan bo‘lib, oddiy xalq tilida bu “Hushyorxona” deb ataladi.

“Voqea shanba kuni kechqurun bo‘lgan. Uchastkavoylar mast holdagi yigitni ushlab, “Hushyorxona”ga olib kelishadi. “Hushyorxona” xodimi mast erkakka nisbatan bir necha marta elektroshoker qo‘llaydi. Buni mastning yonida birga kelgan odam videoga olib blogerlarga beradi. Blogerlar Internetga chiqarib yuboradi. Shov-shuv to‘rt kundan beri davom etyapti. Lekin mast erkak ertasiga dispanserga kelib, “Hech qanday e’tirozim yo‘q”, deb yozib berib ketgan. Buni viloyat prokuraturasi tekshiryapti”, dedi Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mulozimi.

Farg‘ona viloyat narkologiya dispanseridan olingan ma’lumotga ko‘ra, elektroshoker ishlatgan dispanser xodimi 2012 - yildan buyon feldsher bo‘lib ishlab kelayotgan yigit bo‘lib, u vaqtincha ishdan chetlatilgan.

“O‘sha kuni feldsher yonida navbatchi vrach ham bo‘lgan. Tekshiruvlar davom etyapti. Bir prokuratura, bir ichki ishlar kelib, ketadi. To‘rt kundan beri tekshir-tekshir to‘xtamayapti. Batafsil ma’lumotni prokuraturadan olasiz”, dedi o‘zini tanishtirmagan dispanser xodimi.

Dispanser rahbariyati feldsher yigit qo‘liga elektoshoker qanday tushgani va u avval ham bemorlarga elektroshoker qo‘llab kelgan-kelmaganiga oid Ozodlik savollarini javobsiz qoldirdi.

Farg‘ona viloyat prokuraturasining Ozodlik bog‘langan xodimi narkologiya dispanserida elektroshoker qo‘llangani aytilayotgan holat bo‘yicha surishtiruv olib borilayotganini aytish bilan cheklandi.

Ayni paytda narkologiya dispanserida bemorga elektroshoker qo‘llangani voqeasini farg‘onalik blogerlar yaqindan kuzatmoqda. 13 - mart kuni elektrosher voqeasi Internetga chiqqach, bir guruh blogerlar yarim tunda dispanserga borib, aybdor shifokor jazoga tortilishini talab qilishgan.

Bloger Elyorbek Tojiboyev esa o‘zining Yutubdagi sahifasida Farg‘ona viloyat narkologiya dispanserida davolanib chiqqan sobiq bemorlardan biri bilan suhbat o‘tkazib, bu yerda bemorlarga nisbatan muntazam qiynoq qo‘llab kelinganini iddao qilgan. O‘sha qiynoqlar natijasida nogiron bo‘lib qolganini aytgan shaxs dispanserda bemorlarni oyoq – qo‘lini karavotga bog‘lab, turli xil ruxsat qilinmagan ukollar urilishi haqida ham gapirgan.

Farg‘ona viloyat narkologiya dispanserida bemorlarga nisbatan qiynoq qo‘llanilishiga oid iddaolarni hozircha hech bir mutasaddi tashkilot izohlaganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG