Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:36

Farg‘onada Rossiya armiyasiga yollangan shaxs 5 yilga qamaldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Farg‘ona viloyatidagi jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tumani sudi 4-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-modda 1-qismi (Yollanish), 223-modda 2-qismi a-bandi, b-bandi bilan (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) ayblangan Alisher Xoliqovni 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi ma’lumot tarqatdi.

1-1512-2402/213-sonli jinoyat ishi materiallarini o‘rgangan Ozodlikning mobil muxbiriga ko‘ra, O‘zbekistonning 51 yoshli vatandoshi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etgan. U Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma asosida harbiy harakatlarda ishtirok etgan va dron orqali tashlangan snaryad portlashi oqibatida jarohat olgan.

Ish materiallariga muvofiq, Alisher Xoliqov o‘tgan yilning 26-mayida “Do‘stlik” bojxona maskani orqali Qirg‘izistonga chiqib, u yerdan O‘sh–Sankt-Peterburg reysida Rossiyaga uchib ketgan va keyinchalik harbiy harakatlarga safarbar qilingan.

Sud hukmida aytilishicha, Xoliqov 2023-yilning 24-noyabrida Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi bilan bir yil muddatga harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha shartnoma imzolagan va Ukrainadagi jangovar harakatlarga safarbar qilingan.

U Rossiya armiyasidagi 80 nafar shaxs bilan birga Rossiya–Finlyandiya chegarasi yaqinidagi “Kaminka” harbiy qismidagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. U Rossiya armiyasidagi jangovar harakatlari evaziga 500 ming rubl (64,6 million so‘m) miqdorida rag‘batlantirish olgani aniqlangan.

Ikki oy davomida Xoliqov “Kaminka” qismida jangovar tayyorgarlikdan o‘tib, o‘qotar qurol va o‘q-dorilar bilan ishlashni o‘rgangan. Keyin, 24-yanvar kuni u Belgorod viloyatining Mayskiy qishlog‘idagi harbiy poligonga o‘tkazilgan va u yerda o‘qishni davom ettirgan”, deyilgan ayblov xulosasida.

Sud hukmida bayon etilishicha, unga Belgorodda harbiy forma, guvohnoma, jeton va Kalashnikov avtomati berilgan. U yerda uch kun davomida Xoliqov boshqalar bilan birgalikda o‘q otishni mashq qilgan va turli harbiy mashqlarni bajargan.

Mazkur hodisani yoritgan Gazeta.uz nashriga ko‘ra, Alisher Xoliqov Rossiya Mudofaa vazirligining buyrug‘i bilan O‘zbekistonning biometrik pasportiga ega bo‘lmagan yana 79 nafar shaxs bilan birgalikda O‘zbekiston qonunchiligini buzib, harbiy xizmatchilar kuzatuvida Ukraina chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan. O‘zini Ukrainadan mustaqil deb e’lon qilib olgan Lugansk xalq respublikasi hududidagi janglarda Alisher Xoliqov drondan tushirilgan snaryad portlashi oqibatida boshining chap chakka qismidan, chap qo‘li, chap yelkasi va o‘ng oyog‘idan jarohat olgan. Yaralangan Xoliqov mart oyida Moskvadagi shifoxonada hushiga kelgan.

Shu yilning 4-iyulida Sankt-Peterburg — Toshkent reysida O‘zbekistonga qaytib kelgan Alisher Xoliqov sudda o‘z aybiga to‘liq iqror ekanini bildirgan.

Xoliqov Rossiya tomonida turib Ukrainada jang qilgan o‘zbekistonliklarning birinchisi emas. Ozodlik sentyabr oyida Toshkentda sud “Vagner” xususiy harbiy shirkatida xizmat qilgan 48 yoshli o‘zbekistonlik B. Z. ning 4 yilga ozodligini cheklash haqida hukm chiqargani haqida xabar qilgan.

Shuningdek, iyul oyi o‘rtalarida Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tuman sudi Rossiya armiyasida xizmat qilish uchun shartnoma imzolagan, biroq jangovar tayyorgarlikni tamomlagach, harbiy lagerdan qochib, O‘zbekistonga qaytgan fuqaroning ozodligini 3 yilga cheklash to‘g‘risida hukm chiqargani haqida xabar qilingandi.

Undan avval esa “Vagner” XHSH safida yarim yil mobaynida Ukrainada jang qilgan Shavkat Yo‘ldoshevga nisbatan Ohangaron tuman sudi tomonidan 2 yil-u 6 oĭ muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangani ochiqlangan edi.

XS
SM
MD
LG