Joriy yilning 21-dekabr kuni Farg‘ona shahridagi solidol va litol ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘ldi.
Viloyat FVB matbuot xizmati yoyinlagan xabarnomaga muvofiq, soat 14:13 da favqulodda vaziyatlar bo‘limiga Mustaqillik mahallasi Kimyogar ko‘chasida joylashgan sexda yong‘in kelib chiqqani haqida xabar kelib tushgan.
O‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga 14:21 da yetib borgan va soat 14:32 da yong‘in batamom o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida bir kishi voqea joyida halok bo‘lgani aytilmoqda.
Yong‘inning kelib chiqishi sababi va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanayotganini bildirgan FVB boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan.
Bu so‘nggi kunlarda Farg‘ona shahrida ro‘y bergan va insoniy talafotlarga olib kelgan ikkinchi texnogen fojiadir.
Rasmiylarga ko‘ra, 17-dekabr kuni Farg‘ona shahri Ahmad Yassaviy ko‘chasida joylashgan “Petrolium” propan gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan. Ammo Ozodlik manbalari portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni ancha ko‘p ekanini iddao qilishgan.