Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:32

Fashistlarning Leningrad qamalini ko‘rganlar Rossiyaning Ukrainadagi urushiga qarshi chiqdi


Mariupoldagi Rossiya armiyasi bombalagan turar-joy binosi. Ukraina hukumati birgina Mariupol shahrining o‘zida kamida 2300 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Mariupoldagi Rossiya armiyasi bombalagan turar-joy binosi. Ukraina hukumati birgina Mariupol shahrining o‘zida kamida 2300 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

90 yoshli Anna Klementyeva urush nima ekanligini yaxshi biladi. U Leningradda – hozirgi Sankt-Peterburgda tug‘ilgan. 1941-yil yozida nemis qo‘shinlari Sovet Ittifoqiga bostirib kirganidan so‘ng, u maktabdoshlari bilan Yaroslavlga evakuatsiya qilingan. Biroq u qattiq betob bo‘lib qolgach, sentabr oyida o‘z ona shahriga jo‘natilgan.

“1941-yil 8-sentabr kuni poyezdimizga ikki fashist bombardimonchisi hujum qildi, – deb eslaydi u Ispaniyadagi uyidan turib yozgan maktubida. – Bizning poezdimiz Leningradga kirgan oxirgi poyezd bo‘ldi. Yo‘l yopilib, qamal boshlangan edi”.

“Men urushda yetim qolganman”, deb yozadi Klementyeva.

"Oila a’zolarimning hammasi urushda o‘lgan. Ammo men tirikman. Urushga qarshi chiqishga hammadan ko‘ra men haqliman va bu ular oldidagi mening burchim".

Anna Klementyeva: “Mening urushga qarshi chiqishga haqqim bor va bu ular oldidagi burchim.”
Anna Klementyeva: “Mening urushga qarshi chiqishga haqqim bor va bu ular oldidagi burchim.”

Klementyeva 900 mingga yaqin tinch aholining o‘limiga sabab bo‘lgan 900 kunlik Leningrad qamalidan omon qolgan. Rossiya kuchlari 24-fevralda keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan beri Ukraina shaharlarini qamal qilib, tinch aholi yashash manzillarini, maktablar, teatrlar, ko‘p qavatli uylar va savdo majmualarini bombaladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1000 ga yaqin tinch aholining o‘limini qayd etgan bo‘lsa-da, aslida haqiqiy qurbonlar soni bundan ancha yuqoriligini istisno qilmayapti.

Ukraina hukumati qamaldagi Mariupol port shahrining o‘zida kamida 2300 kishi halok bo‘lganini, o‘n minglab odamlar suv, oziq-ovqat va yoqilg‘i kabi asosiy ehtiyojlardan uzilib qolganini aytdi.

“Rossiya fuqarolari, sizning Mariupol qamali Ikkinchi jahon urushidagi Leningrad qamalidan nimasi bilan farq qiladi?” Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 17- mart kuni qilgan bayonotida gapirdi. “Bosqinchilar tomonidan hayoti tortib olingan hech kimni unutmaymiz”, deya ta’kidladi u.

Leningrad qamalidan omon qolgan 87 yoshli Margarita Morozova so‘nggi oltmish yil davomida Ukraina shimoli-sharqidagi, ikkinchi yirik shahar Xarkovda yashagan.

“Men qarigan chog‘imda yangi urush boshlanishini tasavvur ham qila olmasdim, – deydi u 20-mart kuni “Reuters” agentligiga bergan intervyusida. – Hatto eng dahshatli tushimda ham bunday qirg‘inlar takrorlanishini tasavvur qilmagan bo‘lardim”.

Lyudmila Vasilyeva
Lyudmila Vasilyeva

1941-yil aprelida Leningradda tug‘ilgan Lyudmila Vasilyeva qamal boshlanganda taxminan 5 oylik edi. Oradan 80 yildan ko‘proq vaqt o‘tib, u urush boshlanganidan beri uch marta, birinchi marta 25-fevralda norozilik bildirgani uchun politsiya tomonidan hibsga olingan.

“Ular meni hibsga olishganida, pasportimni so‘rashdi, men: “Qayerda va qachon tug‘ilganimga qarang”, dedim. Ular pasportga qarashdi va biroz xavotirlanishdi. Keyin meni o‘z mashinalarida uyimga olib borib qo‘yishdi. Ertasi kuni ular meni ilgari hibsga olinmaganimni aytib, go‘yoki hech narsa bo‘lmagandek shunchaki uyga ketishni taklif qilishdi."

Vasilyeva 6-mart kuni uchinchi marta hibsga olingan, biroq politsiya zobitlari bilan suhbatdan so‘ng uni mahkamaga olib ketmasdan qo‘yib yuborishgan va u uyiga metroda yo‘l olgan.

“Men ularga doim jinoiy buyruqlarni bajarmanglar, bu sizni javobgarlikdan ozod qilmaydi deb aytaman”, deydi Vasilyeva.

Politsiya undan hibsga olinganligi to‘g‘risidagi dalolatnomaga imzo chekishni so‘raganida, u rad etgan.

83 yoshli Vera Somina butun umrini Sankt-Peterburgda o‘tkazdi.

“Bolaligimda urush va qamaldan omon qolganman va bundan keyin bu takrorlanmasligiga ishonchim komil edi”, deydi Ozodlik bilan suhbatda u. “Mening davrimdagi avlod buni boshidan kechirishga to‘g‘ri keldi, lekin endi mening bolalarim va nevaralarimning avlodlari uchun bunday dahshat takrorlanayotganga o‘xshaydi”.

Ispaniyada yashasa-da, Klementyeva Rossiyadagi voqealarni yaqindan kuzatib boradi va Rossiya davlat televideniyesini tomosha qiladi.

“Televizordagi barcha nafratga to‘la chehralarni ko‘rganimda va “Biz buni yana qila olamiz” shiorini eshitganimda, (Kreml shioriga ishora qilib) men fashizm virusi hali ham tirik ekanligini anglayman. Biz fashizmni mag‘lub etdik, lekin o‘zimizga ham uni yuqtirdik.”

“Ha, ular yana shunday qilishmoqda, – dedi u. – Urush boshlandi, uni boshlaganlarni la’natlayman. Urush qanday tugashini bilaman. Hozir 9 yoshda bo‘lgan qaysidir qiz 90 yoshga kirganda mening ushbu so‘zlarimni takrorlaydi: la’nat sizlarga! Yo‘q, siz allaqachon la’natlangansiz.”

XS
SM
MD
LG