Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 16:34

FRB: Floridadagi hodisa Trampga suiqasd urinishi bo‘lishi mumkin


Huquq-tartibot organlari xodimlari Floridadagi otishma sodir bo‘lgan joyda
Huquq-tartibot organlari xodimlari Floridadagi otishma sodir bo‘lgan joyda

AQSH Federal qidiruv byurosi 15-sentyabr kuni Florida shtatining Vest-Palm-Bich shahridagi golf maydonida sodir bo‘lgan otishma bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma’lum qildi. O‘sha paytda AQSH sobiq prezidenti va respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp o‘sha yerda bo‘lganini bildirgan tergovchilar siyosatchiga nisbatan suiqasdning oldi olinganini aytishmoqda.

Qayd etilishicha, suiqasdda gumonlangan shaxs ushlangan. Matbuot xabarlariga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs 58 yoshli Rayan Rut bo‘lib, u avval bir necha marta huquqbuzarlik sodir etgani ma’lum.

Rut 2023-yilda The New York Times gazetasiga intervyu berib, sobiq afg‘on armiyasi askarlarini Ukraina Qurolli Kuchlarida xizmat qilish uchun yollashga harakat qilgani va 2022-yilda bir necha oy Ukrainada bo‘lgani haqida gapirgan.

Gumonlanuvchining suiqasdga undagan sabab nima ekani hozircha noma’lum. Associated Press agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2020-yilda u ijtimoiy tarmoqlarda Donald Trampni dastaklashi haqida yozib kelgan, biroq so‘nggi paytlarda Jo Bayden va Kamala Harris tarafdoriga aylangan.

Suiqasdning maxfiy xizmat agenti golf maydonini o‘rab turgan butalar orasidan avtomat tumshug‘i chiqib turganini ko‘rgach, o‘sha tomonga ogohlantiruvchi o‘q uzgani ortidan oldi olingan. Donald Tramp o‘sha paytda to‘rt yuz metr narida golf o‘ynayotgan edi. Gumonlanuvchi mashinada qochishga uringan, biroq tez orada guvohlar ko‘magida qo‘lga olingan. Butalar orasidan yarim avtomatik merganlar miltig‘i hamda videokamera topilgan.

Buning ortidan AQSHdagi bir necha OAVning huquq-tartibot idoralaridagi manbalari hodisa sobiq prezidentga suiqasdga urinish o‘laroq tergov qilinayotganini tasdiqlashgan.

Donald Tramp o‘z tarafdorlariga yozgan elektron xatida hayoti uchun xavf yo‘qligi, o‘zini yaxshi his qilayotgan va “hech qachon taslim bo‘lmasligi”ni bildirgan.

Trampning prezidentlik poygasidagi raqibi, vitse-prezident Kamala Harris “Amerikada zo‘ravonlikka joy yo‘q” deya bayonot bergan. AQSH prezidenti Jo Bayden esa sobiq prezident xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan barcha resurslarni ajratish haqida topshiriq bergan.

Donald Trampga qarshi 13 iyul kuni Pensilvaniyadagi saylovoldi tashviqoti mitingi chog‘ida ham suiqasd uyushtirilgan bo‘lib, o‘shanda u qulog‘idan yengil jarohat olgan edi. O‘shanda suiqasdni uyushtirgan Pensilvaniya shtatida yashovchi Tomas Mettyu Kruks ekani aytilgan, biroq u otib o‘ldirilgani uchun suiqasdni nima sababdan uyushtirgani noma’lumligicha qolgan. Kruks otib o‘ldirilishidan oldin mitingga tashrif buyurganlardan birini o‘ldirishga va yana bir necha kishini yaralashga muvaffaq bo‘lgandi.

XS
SM
MD
LG