Freedom House xalqaro inson huquqlari tashkiloti tomonidan 26-fevral kuni yoyinlangan yillik hisobotda O‘zbekiston yana “erkin bo‘lmagan” mamlakat o‘laroq e’tirof etilgan.
Hisobotga muvofiq, O‘zbekistondagi erkinlik ko‘rsatkichi 100 balldan 12 ballni, siyosiy erkinlik ko‘rsatkichi 40 balldan 2 ballni, internet erkinligi ko‘rsatkichi 100 balldan 27 ballni, fuqaroviy erkinliklar ko‘rsatkichi 60 balldan 10 ballni tashkil etgan va bu ko‘rsatkichlar mamlakatni “erkin bo‘lmagan” davlatlar qatoriga kirishiga asos bo‘lgan.
Freedom House saytida O‘zbekiston haqida tafsilotli hisobot keltirilgan emas.
“Garchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda prezidentlik lavozimiga kirishganidan buyon amalga oshirilgan islohotlar ayrim masalalarda ijobiy o‘zgarishlarga olib kelgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston hamon kichikroq demokratiklashish alomatlariga ega bo‘lgan avtoritar davlat bo‘lib qolmoqda. Mamlakatda biror-bir muxolifat partiyasi mashru’ faoliyat olib borolmayapti. Qonunchilik va sud hokimiyati fe’lan farmonlar vositasida islohot tashabbusi bilan chiqayotgan ijro hokimiyatining quroli sifatida xizmat qilyapti, ommaviy axborot vositalari esa avvalda bo‘lgani kabi rasmiylar tomonidan qattiq nazorat qilinmoqda”, deyilgan hisobotda.
Freedom House hisobotida dunyo aholisining 40 foizi “erkin bo‘lmagan” deya baholangan mamlakatlarda, yana 40 foizi “qisman erkin bo‘lgan” mamlakatlarda, faqat 20 foizigina “erkin” mamlakatlarda istiqomat qilayotgani qayd etilgan hamda saylov natijalarining soxtalashtirilishi, urushlar va insonlarning ifoda erkinligi cheklanishi asosiy muammolar o‘laroq sanalgan.
Freedom House reytingiga 195 ta mamlakat va 13 ta hudud kiritilgan bo‘lib, ulardagi erkinlik 25 ta ko‘rsatkich bo‘yicha baholangan. Siyosiy va fuqaroviy erkinliklar eng abgor joylar o‘laroq Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan Ukraina hududlari ko‘rsatilgan. Freedom House bahosiga ko‘ra, u yerda erkinlik darajasi manfiy darajagacha pasayib ketgan. Bundan sal yaxshiroq vaziyat Tibetda (0 ball), Janubiy Sudan va Turkmanistonda (1 balldan) qayd etilgan.
Jahondagi eng erkin mamlakat Finlyandiya bo‘lib chiqqan: bu mamlakat 100 ballga ega bo‘lgan. Norvegiya, Shvetsiya va Yangi Zelandiya 99 ball bilan ikkinchi o‘ringa chiqqan.
Freedom House qaydicha, umuman olganda dunyodagi erkinlik darajasi 19 yildan buyon to‘xtovsiz pasayib bormoqda.