Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:07

FTB rahbari: AQSHda “Krokus”dagi teraktga o‘xshash hujum xavfi bor


AQSH Federal tergov byurosi rahbari Kristofer Rey
AQSH Federal tergov byurosi rahbari Kristofer Rey

AQSH Federal tergov byurosi o‘tgan oyda Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida ko‘plab tomoshabin o‘limiga sabab bo‘lganga o‘xshash muvofiqlashtirilgan terror hujumi ehtimolidan xavotirda. Bu haqda Federal tergov byurosi direktori Kristofer Reyning AQSH Kongressi quyi palatasi qo‘mitasida 12-aprel kuni tinglanajak hisoboti matnida aytilgan.

“Huquq-tartibot organlaridagi butun faoliyatim davomida bir vaqtning o‘zida milliy va jamoat xavfsizligi uchun bu qadar ko‘p xavf-xatar yuzaga kelgan vaqtni eslashim qiyin”, deya urg‘ulagan Rey.

Qo‘shma Shtatlar rasmiylari Isroil va HAMAS guruhi (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) o‘rtasidagi urush qabatida kuchaygan kayfiyat bilan bog‘liq ravishda aholida odam yoki kichik guruh tomonidan uyushtirilajak muhtamal hujum xavfidan anchadan beri xavotirlanib kelishadi, deb yozgan “Amerika ovozi”. Biroq Rey hisoboti matnida “Krokus”dagi teraktga o‘xshash hujumdan tobora kuchayib borayotgan xavotirlar haqida so‘z boradi. Mazkur terakt uchun javobgarlikni “Islom davlati” terror guruhining Afg‘onistondagi bo‘linmasi – “Viloyati Xuroson” o‘z zimmasiga olgan edi.

“Amerika ovozi” qaydicha, Reyning maqsadi qonun chiqaruvchilarni gumonlanuvchilar ustidan kuzatuv dasturi muddatini uzaytirishga ishontirishdir. Mazkur dastur muddati joriy oyda tugaydi. Dasturdagi ayrim o‘zgartishlarga 11-aprel kuni Vakillar palatasida e’tiroz bildirilgan edi. Har ikki palatadan bo‘lgan deputatlardan bir qanchasi taklif qilingan chora-tadbirlar hukumatning bu sohadagi vakolatlarini yetarli darajada cheklamasligini iddao qilishmoqda.

Joriy yilning 22-mart kuni avtomatlar bilan qurollangan bir necha odam “Piknik” rok guruhi konserti bo‘lishi kutilayotgan Moskva chetidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zaliga bostirib kirishib, u yerga yig‘ilgan tomoshabinlarni o‘qqa tutgan va keyin zalga o‘t qo‘ygan edi. Yuzaga kelgan kuchli yong‘in natijasida bino tomi o‘pirilib tushgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur terakt chog‘ida 144 kishi halok bo‘lgan.

Hujum uchun mas’uliyatni “Islom davlati” terror guruhi o‘z zimmasiga olgan. AQSH va G‘arbdagi boshqa davlatlar bu taxminni haqiqatga eng yaqin deb hisoblaydilar.

Rossiya rasmiylari konsert zalidagi teraktga Ukraina aloqador bo‘lishi mumkin, degan fikrda. Kiyev buni qat’iyan rad etmoqda.

Yettinchi mart kuni AQSHning Rossiyadagi elchixonasi Moskvada terror xurujlari xavfi borligidan ogohlantirgan. O‘sha paytda hujum “yaqin ikki sutka ichida” amalga oshirilishi mumkinligi qayd etilib, amerikalik fuqarolarga odamlar ko‘p to‘planadigan joylarga bormaslik tavsiya etilgandi. Keyinroq yana boshqa bir necha mamlakat ham o‘z fuqarolari uchun AQSH elchixonasinikiga o‘xshash ogohlantiruv tarqatgan.

XS
SM
MD
LG