Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:47

G‘arb qurollari Rossiyaning Donbassdagi hujumini to‘xtatishga yordam bera oladimi?


19-aprel. Ukraina sharqidagi ukrain harbiy xizmatchilari.
19-aprel. Ukraina sharqidagi ukrain harbiy xizmatchilari.

Rossiya kuchlari Ukraina sharqida keng qamrovli hujum boshlar ekan, G‘arb Kievni yanada ilg‘or va og‘ir qurollar bilan ta’minlashga intilmoqda.

Ukraina jang maydonida jiddiy qarshilik ko‘rsatdi va Rossiya kuchlari Ukraina shimolidan chekindi. Ekspertlarning fikricha, G‘arbning harbiy yordami ko‘lami urushning oxirini belgilashi mumkin.

Yaqinda Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qo‘shimcha 800 million dollarlik yordam paketini ma’qulladi. Slovakiyadan tortib Boltiqbo‘yi mamlakatlarigacha va Kanadagacha bo‘lgan boshqa davlatlar ham og‘irroq va uzoq masofali qurollarni, jumladan, gaubitsalar, zenit tizimlari, kemalarga qarshi raketalar, qurolli dronlar, zirhli yuk mashinalari, transport vositalari va tanklarni yuborishni boshladilar.

Ozodlik muxbiri Britaniya Konservativ partiyasining xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi va “Article7” konsalьting guruhi bosh direktori Garvan Uolsh bilan suhbatlashdi.

Ozodlik: Sharqiy Ukrainada urushning yangi bosqichi boshlanar ekan, logistika uchun ham kurash davom etmoqda. Biz G‘arb davlatlari Ukraina harbiylariga yanada ko‘proq harbiy texnika jo‘natayotganini ko‘ryapmiz, G‘arbning hozirgacha Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami darajasini qanday baholaysiz va Kiyev kerakli narsani olyaptimi?

Garvan Uolsh: Ukraina kerakli darajada yordam olmayapti. Ukraina armiyasi jihozlardan nihoyatda samarali foydalanayotgani uchun bu yetarlidek ko‘rinishi mumkin. Ularning ruhiyati juda yuqori, ularda yaxshi tayyorgarlikdan o‘tgan qo‘shin bor. Ular ko‘plab rus texnikasini qo‘lga kiritib, uni qayta ishga tushirmoqda. Ammo G‘arbning yordami haqiqatan ham juda sekin. Bu talab qilinadigan darajada emas.

G‘arb Ukraina uzoq vaqt turib berolmaydi deb o‘ylab hech narsa jo‘natmadi va nihoyat, ruslar harbiy yordamni provokatsiya deb qaramasligiga ishoch hosil qilgandan keyingina G‘arb og‘ir qurollar yuborishga kirishdi.

G‘arb Rossiya taktikasi va maqsadini noto‘g‘ri baholadi. Rossiya bosqinchilik urushini maqsad qilgani aniq edi. Buni Bucha va boshqa joylarda sodir etilgan qirg‘inlardan ko‘rish mumkin. G‘arb Ukrainaga kerakli hamma narsani berishi kerak.

Ozodlik: G‘arb Ukrainaga nisbatan tezroq yetkazib berishi kerak bo‘lgan narsa nima bo‘lishi mumkin?

Uolsh: AQSh bir necha kun oldin e’lon qilgan yetkazib beriladigan qurollarning turlari to‘g‘ri, biroq miqdor yetarli emas.

Ularga ruslarda yo‘q bo‘lgan juda ilg‘or artilleriya qurollari berilishi mumkin. Bu artilleriya qobiliyatini sezilarli darajada oshiradi. Ukraina artilleriyaga qarshi radarga ega bo‘lishi mumkin, bu ruslarning artilleriyasini aniqlab, tezda yo‘q qilishga imkon beradi. Ammo, ularga ko‘proq narsa kerak

(Ushbu intervyudan keyin Vashington Ukrainaga qo‘shimcha 800 million dollarlik harbiy yordam va og‘ir qurollar berishini e’lon qildi.)

Ukrainaga yetkazish uchun samolyotga ortilgan G‘arb harbiy texnikasi.
Ukrainaga yetkazish uchun samolyotga ortilgan G‘arb harbiy texnikasi.

Ozodlik: Urush sur’ati sekinlashmaganini inobatga olsak, Ukraina o‘zidagi qurollari tugagani sababli, NATO davlatlaridan yetkazib berilgan yangi qurollardan foydalanishni boshlaydi. Ukrain harbiylarini yangi qurollarni o‘zlashtirishi qanchalik qiyin?

Uolsh: Yerdagi qurollar haqida gap ketganda bu juda oson, ammo havo texnikalari borasida bu juda qiyin. Uchuvchilar hatto AQShda ishlab chiqarilgan F-16 yoki F-15 reaktivlarida to‘g‘ri mashq qilishlari uchun uzoq vaqt talab etiladi. Ukraina muhim logistik yordamga ham muhtoj. Ular har xil turdagi yoqilg‘i va ehtiyot qismlardan foydalanadi. Shuning uchun barcha turdagi kerakli narsalar ularda bo‘lishi kerak.

Ozodlik: G‘arb Ukrainaga o‘z vaqtida kerak bo‘lgan narsani yetkazish imkoniyatiga egami? Texnikalarni Ukrainaga va frontga olib borish haqida nima deyish mumkin?

Uolsh: Imkoniyat bor, lekin uni ishga solish kerak. Odamlarni o‘qitish, yangi yoqilg‘i bazalarini va yangi ta’minot zanjirlarini yaratish kerak. Biz bularning barchasini qila olamiz. Bu biroz vaqt talab etadi. G‘arb urush uzoqqa cho‘zilishini tushunishi kerak. G‘arb va Ukraina g‘alaba qozonishi mumkin, chunki Rossiya bilan solishtirganda G‘arb juda yuqori iqtisodiy imkoniyatlarga va yuqori sanoatga ega.

Moskva qo‘llab-quvvatlaydigan ayirmachilar 11-aprel kuni Donetsk viloyatida Ukraina qo‘shinlariga “Grad” raketalaridan zarba berdi.
Moskva qo‘llab-quvvatlaydigan ayirmachilar 11-aprel kuni Donetsk viloyatida Ukraina qo‘shinlariga “Grad” raketalaridan zarba berdi.

Ozodlik: Aftidan, ayrim G‘arb davlatlari, xususan Germaniya Ukrainaga kerak bo‘lgan og‘ir qurollarni yetkazib berishni istamayapti. Berlindan bu borada biror o‘zgarishni ko‘ryapsizmi?

Uolsh: Germaniya hukumati ichida tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va Yashillar partiyasidan bo‘lgan energetika vaziri Robert Xabek va Sotsial-demokratik partiyadan (SDP) bo‘lgan kansler Olaf Shols o‘rtasida shiddatli ichki kurash ketmoqda.

Ularning so‘nggi kansleri Gerxard Shryoder bo‘lgan va u hamon Rossiya energetika kompaniyasi Rosneft boshqaruv kengashida ishlamoqda. Shuningdek, [SDPdan] prezident Frank-Valter Shtaynmayer bor. Uni yaqinda Ukrainada qabul qilishmadi. Chunki u o‘tmishda rossiyaparast bo‘lgan. Bu Shols boshqarayotgan partiya. Menimcha, Shols buni o‘zgartirishga harakat qilmoqda, lekin u juda qattiq ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi.

Yashillar ancha tajovuzkor harakatlar qilmoqda. Bu uzoq vaqtdan beri energiya sanksiyalari va harbiy ta’minot bo‘yicha siyosat bo‘lib kelgan. Germaniyada o‘zgarishlarga umid bor, lekin ular kurashni davom ettirishlari kerak. Bu biroz vaqt oladi.

Qolaversa, nemislarning o‘zlari ham u qadar ko‘p harbiy texnikaga ega emaslar. Ular o‘zlarining qurolli kuchlarini to‘ldirish uchun 100 milliard yevrolik favqulodda fond tashkil qildi. [Bu Rossiya bosqinidan keyin e’lon qilindi]. O‘q-dori zaxiralari juda kam. Ularning tanklarida ehtiyot qismlar yo‘q.

Nemislar hozir qilishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi ish – Rossiyadan neft ta’minotini to‘xtatish. Annalena Berbok bu ish yil oxirigacha boshlanishini e’lon qildi. Germaniya Rossiya neftiga sezilarli darajada qaram emas, lekin Rossiya gaz emas, asosan neft sotishdan ko‘proq daromad oladi. Negaki neft ancha qimmat. Avval neft ta’minotini to‘xtatib, keyin gazdan voz kechish maqsadga muvofiq bo‘lardi, ammo bu ancha qiyinroq.

Germaniya qila oladigan yana bir yordam bu Ukrainani pul bilan ta’minlashdir. Bu orqali Ukraina kuchli qurollarga ega bo‘lgan va ularni yetkazib bera oladigan mamlakatlardan qurol sotib olishi mumkin.

Germaniya qurol eksporti uchun ruxsat olish jarayonini tezlashtirishi mumkin. Mamlakat juda ko‘p jihozlarni ishlab chiqarishga qodir bo‘lgan juda yaxshi jihozlangan mudofaa sanoatiga ega. Ammo, uskunalarni sotishni tasdiqlash jarayoni, ayniqsa, urush zonalariga nihoyatda uzoq va murakkab byurokratik jarayon. Nemislarning bu byurokratiyasi hozir Rossiyaga qo‘l kelmoqda.

XS
SM
MD
LG