Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:55

G‘azoning 75 yillik musibati tarixiga nazar


Isroil va falastinliklar. G‘azo bo‘lgasi. Illyustrativ surat.
Isroil va falastinliklar. G‘azo bo‘lgasi. Illyustrativ surat.

G‘azo – O‘rta yer dengizi sohili bo‘ylab qadimiy savdo va dengiz yo‘llari chorrahasida joylashgan hududdir. Qurshovdagi bu anklav 1917-yilgacha Usmoniylar imperiyasi tarkibida bo‘lgan va o‘tgan asr davomida Britaniyadan Misrga, undan esa Isroil nazoratiga o‘tgan. Hozirda G‘azo bo‘lgasida 2 milliondan ortiq falastinliklar yashaydi.

Quyida, uning yaqin tarixidagi muhim bosqichlarni esga olamiz.

1948-yil – Britaniya hukmronligining tugashi

1940-yillar oxirida Britaniyaning Falastindagi mustamlakachilik hukmronligi barham topgach, yahudiy va arablar o‘rtasida zo‘ravonlik rivojlanib borib, 1948-yil may oyida yangi tashkil etilgan Isroil davlati va unga qo‘shni arab davlatlar o‘rtasidagi urushga ulanib ketdi.

Qochqinga aylangan va uylaridan haydalgan o‘n minglab falastinliklar G‘azodan boshpana izladi. Bosqinchi Misr armiyasi Sinaydan Ashkelondan janubgacha cho‘zilgan 40 km tor qirg‘oq chizig‘ini egallab oldi. Qochqinlar oqimi natijasida G‘azo aholisi uch barobarga oshib, taxminan 200 ming kishiga yetdi.

OzodNazar: Исроил-Фаластин зиддияти ечими нимада?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:45:43 0:00

1950-1960-yillar – Misr harbiy hukmronligi

Misr G‘azo sektorini yigirma yil davomida harbiy gubernator nazoratida ushlab, falastinliklarga Misrda ishlash va o‘qish imkonini berdi. Qurollangan falastinlik «fidoiylar» Isroilga qarshi hujumlar uyushtirib, Isroilning qarshi javoblariga ham sabab bo‘ldi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Falastin uchun qochqinlar agentligini tashkil etdi, u bugungi kunda G‘azo sektorida ro‘yxatga olingan 1,6 million falastinlik qochqinga, shuningdek, Iordaniya, Livan, Suriya va G‘arbiy Sohildagi falastinliklarga xizmat ko‘rsatadi.

1967-yil – urush va Isroil harbiy ishg‘oli

Isroil G‘azo sektorini 1967-yilgi Yaqin Sharq urushida bosib oldi. O‘sha yili Isroil aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, G‘azo aholisi 394 000 kishini tashkil etgan edi, ularning kamida 60 foizi qochqinlar edi.

Misrliklar ketganidan so‘ng, ko‘plab g‘azolik ishchilar Isroildagi qishloq xo‘jaligi, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishga joylashdilar, ular o‘sha paytda Isroilga oson kira olardi. Isroil qo‘shinlari G‘azoni boshqarish va keyingi o‘n yilliklarda qurilgan yahudiy aholi punktlarini qo‘riqlash uchun joylashtirildi. Bu falastinliklar orasida norozilik kuchayishiga sabab bo‘ldi.

1987-yil – Birinchi Falastin qo‘zg‘oloni. Hamas tuzildi

1967-yilgi urushdan 20 yil o‘tib, falastinliklar birinchi intifada yoki qo‘zg‘olonni boshladilar. Bu 1987-yil dekabr oyida G‘azo sektoridagi Jabaliya qochqinlar lagerida Isroil yuk mashinasi falastinlik ishchilar ketayotgan mashinaga urilib, to‘rt kishi halok bo‘lgandan keyin boshlangan. Toshbo‘ron namoyishlari, ish tashlashlar, korxonalarning yopilishi boshlandi.

Ushbu norozilikdan foydalanib, Misrda joylashgan "Musulmon birodarlar" harakati G‘azo sektorida Hamasning Falastindagi qurolli bo‘linmasini tuzdi. Isroilni yo‘q qilish va Falastinning bosib olingan hududida islomiy boshqaruvni tiklashga qasd qilgan Hamas Falastin Ozodlik Tashkiloti yetakchisi Yosir Arofatning dunyoviy Fath partiyasiga raqib bo‘ldi.

ҲАМАС-Исроил уруши | 8-кун. Исроил огоҳлантируви ортидан фаластинликлар жанубга қочмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:04 0:00

1993-yil – Oslo kelishuvlari va Falastin yarim muxtoriyati

Isroil va Falastin 1993-yilda tarixiy tinchlik shartnomasini imzoladi va bu Falastin ma’muriyati tuzilishiga olib keldi. Muvaqqat kelishuvga ko‘ra, dastlab falastinliklarga G‘azo sektori va G‘arbiy Sohildagi Yerixo ustidan cheklangan nazorat berildi. Arofat o‘n yillik surgundan so‘ng G‘azoga qaytdi.

Oslo jarayoni yangi tashkil etilgan Falastin ma’muriyatiga bir oz muxtoriyat berdi va besh yil ichida u davlat bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Lekin unday bo‘lmadi. Isroil falastinliklarni xavfsizlik kelishuvlarini buzganlikda aybladi. Falastinliklar esa o‘z hududida Isroilning turar-joy qurilishidan g‘azabda edi.

Hamas va Islomiy jihod guruhlari tinchlik jarayonini izdan chiqarishga urinish maqsadida portlashlar uyushtirdi, natijada Isroil falastinliklarning G‘azo sektoridan chiqishiga qo‘shimcha cheklovlar joriy qildi. Hamas Arofatning yaqin doiralaridagi korrupsiya, qarindosh-urug‘chilik va iqtisodiy xato boshqaruvni tanqid qilishni kuchaytirdi.

2000-yil – Ikkinchi Falastin intifadasi

2000-yilda ikkinchi Falastin intifadasi boshlanishi bilan Isroil-Falastin munosabatlari eng past darajaga tushdi. Bu falastinliklarning xudkushlik hujumlari va suiqasdlar, Isroilning havo hujumlari, qamal va komendantlik soatlari bilan davom etdi.

Bu vaqtda falastinliklarning iqtisodiy mustaqillikka bo‘lgan umidi, ularning tashqi dunyo bilan aloqasini ta’minlab turgan, Isroil yoki Misr tomonidan nazorat qilinmagan G‘azo xalqaro aeroporti yo‘q qilindi. 1998-yilda ochilgan aeroportni Isroil xavfsizlikka tahdid deb hisobladi va 2001-yil 11-sentabrda AQSHga qilingan hujumlardan bir necha oy o‘tib, uning radar antennasi va uchish-qo‘nish yo‘lagini yo‘q qildi.

Bu vaqtda yo‘q qilingan yana bir narsa G‘azoning baliqchilik sanoati bo‘lib, u o‘n minglab odamlarning daromad manbai edi. G‘azoning baliqchilik zonasi Isroil tomonidan qisqartirildi, bu cheklov qurol kontrabandasi oldini olish uchun deya izohlandi.

2005-yil – Isroil G‘azodan aholi punktlarini evakuatsiya qildi

2005-yil avgust oyida Isroil o‘zining barcha qo‘shinlari va fuqarolarini G‘azodan evakuatsiya qildi. Bu vaqtga kelib Isroil G‘azoni tashqi dunyodan butunlay to‘sib qo‘ygan edi.

Falastinliklar isroilliklardan qolgan tashlandiq binolar va infratuzilmalarni buzib tashladi. Yahudiy aholi punktlarining olib tashlanishi G‘azo sektorida harakatlanish erkinligini kengaytirdi, qurolli guruhlar, kontrabandachilar va tadbirkorlar Misrga o‘tish uchun yerosti yo‘llari qazishi natijasida “tunnel iqtisodiyoti” gullab-yashnadi.

Ammo ba’zi g‘azoliklar ishlagan zavodlar, issiqxonalar va ustaxonalar ham yo‘qoldi.

2006-yil – Hamas boshqaruvi

2006-yilda Hamas Falastindagi parlament saylovlarida kutilmagan g‘alaba qozondi va keyin G‘azo sektorini to‘liq nazoratga oldi. Arafotning vorisi prezident Mahmud Abbosga sodiq qo‘shinlar ag‘darildi.

Xalqaro hamjamiyatning aksariyati Hamas nazoratidagi hududlarga yordamni to‘xtatdi, chunki ular Hamasni terrorchi tashkilot deb bilishardi.

Isroil o‘n minglab falastinlik ishchilarning mamlakatga kirishini taqiqlab, muhim daromad manbasini uzib qo‘ydi. Isroil havo zarbalari G‘azo sektoridagi yagona elektr stansiyasini ishdan chiqardi, bu esa elektr ta’minotida keng ko‘lamli uzilishlarga sabab bo‘ldi. Xavfsizlik xavotirlari vaji bilan Isroil va Misr G‘azo o‘tish joylariga qattiqroq cheklovlar kiritdi.

Hamasning G‘azo iqtisodiyotini sharqqa, Isroildan uzoqroqqa yo‘naltirish bo‘yicha katta rejalari boshlanmay turib barbod bo‘ldi.

2014-yilda hokimiyatga kelgan Misr yetakchisi Abdul Fattoh as-Sisi G‘azo sektori bilan chegarani yopdi va yerosti yo‘llarining ko‘p qismini portlatib yubordi. G‘azo iqtisodiyoti yana yakkalanib qoldi.

To‘qnashuvlar sikli

G‘azo iqtisodiyoti Isroil va Falastin jangari guruhlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar, hujumlar va qasoslar siklida bir necha bor zarar ko‘rgan.

Eng dahshatli janglar 2014-yilda sodir bo‘ldi. O‘shanda Hamas va boshqa guruhlar Isroilning markaziy shaharlariga raketa otgan edi. Bunga javoban Isroil havo hujumlari va artilleriyadan o‘qqa tutdi, G‘azodagi mahallalarni vayron qildi. 2100 dan ortiq falastinlik, asosan tinch aholi halok bo‘ldi. Isroil o‘zining qurbonlar sonini 67 askar va 6 nafar tinch aholi vakili deb hisobladi.

2023-yil – Kutilmagan hujum

Isroil G‘azo ishchilarini iqtisodiy rag‘batlantirish orqali urushdan charchagan Hamasni tiyish mumkin deb ishonardi, ammo bu vaqtda guruh jangchilari yashirincha mashg‘ulotlar o‘tashdi.

7-oktabr kuni Hamas jangarilari Isroilga kutilmagan hujum uyushtirib, aholi punktlariga bostirib kirdi, yuzlab odamlarni o‘ldirdi va o‘nlabini garovga olib, G‘azoga olib ketdi. Isroil bunga javoban G‘azoni havo hujumlari bilan bombalamoqda va 75 yillik to‘qnashuvdagi eng dahshatli hunrezlikda butun boshli mahallalar yo‘q qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG