Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:02

Gaz-svet: Mirziyoyevning Jizzaxga safari arafasida yo‘l to‘sganlar sudlandi. Ular qamoqda tahqirlanganini aytmoqda


11 - yanvar kuni Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida gaz-svet talab qilib yo‘lni to‘sib qo‘ygan namoyishchilar - video skrinshoti
11 - yanvar kuni Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida gaz-svet talab qilib yo‘lni to‘sib qo‘ygan namoyishchilar - video skrinshoti

Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga safar qilgan 11 - yanvar kuni gaz va elektr yo‘qligidan norozilik bildirib, yo‘l to‘sgan namoyishchilarning bir guruhi sudlandi.

Norozilikka chiqqanlardan 9 nafari sudlangan, ulardan 5 nafari 5 sutkaga qamalgan, 4 nafariga ogohlantirish berilgan.

Qamalgan navbahorliklar iddaosiga ko‘ra, qamoqda ularga bosim qilinib, tahqirlashgan.

Jizzax viloyat IIB navbahorliklar da’vosini rad qilib, ularga nisbatan “ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan hech qanday ruhiy tazyiq yoki jismoniy kuch ishlatilmagan”ini iddao qildi.

11 - yanvar kuni Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidagi "Navbahor" mahalla fuqarolar yig‘inida (MFY) yashovchilar energetik taqchillikka norozilik bildirib, Navbahor-Uchtepa-Jizzax yo‘lini to‘sib qo‘ygandi.

Jizzax viloyat hokimi o‘rinbosari hamda Paxtakor tuman hokimi norozilar bilan uchrashgan va o‘sha kuniyoq aholiga arzon narxda ko‘mir yetkazib berilgan edi.

Hodisa qishki ta’tildan qaytgan prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga safar qilgan kunga to‘g‘ri kelgan.

Prezidentning Jizzaxga safari kuni gaz so‘rab, yo‘l to‘sgan norozi aholi vakillari ustidan ikkita sud jarayoni bo‘lib o‘tgan.

25 - yanvar kuni Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, sudlarning biri 12 - yanvarda, ikkinchisi 17 - yanvarda bo‘lgan. Ikkala sudda jami 9 kishi sudlangan.

Ozodlikda to‘qqiz sudlanuvchiga oid yetarli ma’lumot mavjud, biroq ular iltimosiga ko‘ra, sudlanuvchilar shaxsi ochiqlanmayapti.

Birinchi sud: 5 yigit 5 sutkaga qamaldi

Sudlangan navbahorliklardan biri sudga oid tafsilotlarni Ozodlikka so‘zlab berdi.

Anonim qolishni so‘ragan navbahorlik yigitga ko‘ra, birinchi sudda faqat erkaklar sudlangan:

“Bizni norozilikka chiqqan kunimizning o‘zida tuman IIBsiga chaqirib, tushuntirish xati olishdi. Ertasiga ertalab meni va yana 4 mahalladoshimni majburlab, mashinaga bosib, IIBga olib kelishdi. Ertalab soat 10dan kechgacha och o‘tirdik. Avval IIBda so‘roq qilib, kechki soat 6larda bizni sudga olib borishdi. Sudda na advokat, na prokuror bor edi. Sudya va uning kotibi hamda bizni olib borgan IIB xodimlari bor edi xolos”.

Sudga oid hujjatlarga ko‘ra, besh sudlanuvchining hammasi Ma’muriy-javobgarlik kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan:

  • 194-modda. Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, 1-qismi;
  • 195-modda. Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish;
  • 201-modda. Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish, 1- qismi;

Sudlangan yigitga ko‘ra, sud yarim soatcha bo‘lgan va beshovlon 5 sutkaga qamalgan:

“Hammamiz e’tiroz bildirdik, biroq inobatga olishmadi. Norozilikka oid videolarni ko‘ring, biz biror jinoyat qilganimiz yo‘qku, dedik. Eshitishmadi. Hukm o‘qilgach, qo‘llarimizga naruchnik taqib, bitta-bitta olib, chiqib, mashinaga bosib, Jizzaxdagi qamoqxonaga olib ketishdi. Qamoqxonadan chiqayotgan kunimiz yana IIB xodimlari kelib, biz bilan tushuntirish o‘tkazdi. “Boshqa gaz so‘rab, ko‘chaga chiqmayman”, deb tilxat yozdirib olishdi. 5 sutka o‘tirib, 17 - yanvar kuni kechqurin uyga qaytdik.”.

Ikkinchi sud: 4 ayol ogohlantirildi

Advokatsiz sudlanganini aytgan navbahorlik ayolning aytishicha, besh yigit qamoqdan qaytgan kuni to‘rt ayol 201-moddada ayblanib sudlangan:

“Avval bizni IIBda “Nimaga gaz so‘rab, chiqding”, deb so‘roq qilishdi. Keyin sudga olib kelishdi. Bizga bu yopiq sud, deb aytishdi. Bizga sudya “Hammangiz 3 sutkadan 5 sutkagacha qamalasiz yoki 13 million 800 ming so‘m jarima to‘laysiz”, dedi. Oramizda bir homilador ayol, bir yosh bolali ayol, bir yoshi katta ayol ham bor edi. Biz hammamiz, yig‘lab, yalindik. Boshqa norozilik bildirib, ko‘chaga chiqmaymiz, bizni kechiring deb yig‘ladik. Keyin sudya “Gaz so‘rab, umuman ko‘chaga chiqmayman”, deb hammamizdan tilxat yozdirib oldi. “Agar chiqsanglar, hammangiz qamalasiz, ikkinchi marta kechirmaymiz”, dedi. Ogohlantirish berib bizni chiqarib yubordi”.

Sudlanuvchilar: Bizni tahqirlashdi

Sudlangan yigitlar Ozodlik bilan suhbatda ularga qamoqda payti kuch qo‘llanganini iddao qildi:

“Qamoqxonaga borgan kunimiz, bizni bittama-bitta chaqirishdi. Bitta xonada 3 kishi o‘tirgandi. Bittasi formali, ikkitasi formasiz edi. Qamoqxonadagilar ularni viloyat IIBsidan kelganini aytishdi. Oralarida podpolkovnik ham bor edi. Lekin ular o‘zini tanishtirmadi. Uchalasi ham meni haqorat qildi, so‘kdi, tahqirlab, urdi ham. Qo‘limga kitob berib, Ma’muriy-javobgarlik kodeksining 201-moddasini o‘qi dedi. O‘qidim. Keyin “tushundingmi o‘qiganingni”, deb kitob bilan avval turtdi, keyin qornimga urdi. So‘ngra tiz cho‘kib, polga o‘tirasan, dedi. Men tiz cho‘kmayman, muomalangizni to‘g‘rilang, desam, meni haqorat qildi. Odam o‘rnida ko‘rmadi. Qo‘llarini bigiz qilib qornimga urdi. Keyin yomon so‘zlar bilan so‘kdi. Onamdan so‘kdi. Qo‘t...q so‘zini ishlatib ham bir necha marta so‘kdi”. “Sen davlatga nima manfaat keltirgansan o‘zi, ko‘chaga gaz so‘rab, chiqasan”, deb haqorat qildi”.

Sudlangan boshqa to‘rt yigitning yaqinlariga ko‘ra, ularga ham qamoqxonada bosim bo‘lgan. Yigitlarning o‘zi Ozodlikka bu haqda gapirishni istamadi.

“Yigitlarni urishgan. Ular qamoqdan chiqqach, gaz kelmasin iloyim, mayli sovuqda o‘lib ketaylik, boshqa norozilik bildirib, ko‘chaga chiqmaymiz, deb yig‘lashdi. Ularni ichkarida juda ezishibdi”,- dedi ismini ochiqlamayotganimiz navbahorlik.

IIB inkori

Ozodlik navbahorlik sudlanuvchilar iddaosi borasida izoh so‘rab, Jizzax viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga bog‘landi.

Boshqarmadan olingan javobda jumladan, shunday deyiladi:

“Ushbu besh nafar fuqarolar Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasiga qarashli ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qamoqxonada 5 (besh) sutka ma’muriy qamoq jazosini o‘tagan. Jazoni o‘tash jarayonida ushbu fuqarolarga nisbatan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan hech qanday ruhiy tazyiq yoki jismoniy kuch ishlatilmagan”.

Boshqa viloyatlardagi norozilar vaziyati qanday?

O‘zbekistonda so‘nggi bir oy ichida aholi noroziliklarining yoyilishi Jizzaxdan boshqa hududlarda ham kuzatildi.

Jumladan, Xorazm viloyatining Xonqa va Urganch tumanlari, Buxoro viloyatining Buxoro hamda Qorako‘l, Surxondaryoning Muzrabot, Andijon shahri, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon va Oltiariq tumanlarida ham aholi gaz muammosi tufayli yo‘l to‘sdi.

Ozodlikda hozircha bu hududlardagi norozilarga nisbatan bosim qilingani haqida ma’lumot yo‘q.

Ozodlik 25 - yanvar kuni yuqoridagi ruyxatda tilga olingan ayrim hududlar bilan bog‘lanib, ularda Jizzaxdagi kabi sudlovlar bo‘lmaganini aniqladi.

Jumladan, Xorazmning Urganch tumani Cholish shaharchasida 19 - yanvar kuni gaz va elektr taqchilligiga norozilik bildirib, Cholish-Urganch trassasini to‘sib qo‘yganlar safida bo‘lgan yigitning aytishicha, hozircha unga yoki qo‘shnilariga nisbatan biror tazyiq kuzatilmagan.

Jizzax viloyati Paxtakor tumani IIB xodimi, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda tumandagi sudlovlarni prezident tashrifi bilan bog‘ladi:

“Hozir nafaqat bizda butun mamlakat bo‘ylab gazga norozilik bo‘lyapti. O‘zimning uyimda ham gaz yo‘q. Navbahor mahallasida norozilik bildirib yo‘l to‘sganlarning sudlangani o‘sha voqeaning aynan prezidentimiz kelgan kunga to‘g‘ri kelgani bo‘ldi. Shu voqea bo‘lgan kuni prezidentimiz Jizzaxda edi. Shu kuni Toshkentdan boshliqlar kelgandi. Ular oldida viloyatdagi rahbarlarimiz yuzi qora bo‘ldi. Hamma qo‘rqib qoldi. Viloyat hokimi vaziyatni o‘zi nazoratga oldi. Norozilar sudi ham UVD nazoratida bo‘ldi. Biz tumandagilar faqat buyruqni bajarib turdik. Agar Navbahardagi norozilik boshqa kuni bo‘lganda, sud ham bo‘lmasdi”.

Energetik bo‘hron

Ayni paytda mamlakatning deyarli barcha hududida energetika inqirozi davom etmoqda.

Hukumat bu inqirozdan chiqish borasida aniq rejani e’lon qilganicha yo‘q.

Mutasaddilar norozi aholini ko‘mir tarqatish yoki boshqa vaqtinchalik chora hamda turli va’dalar bilan tinchlantirmoqda.

Ayni paytda O‘zbekiston 2020 - yilda 50,4 millon dollarlik gaz import qilgani ma’lum bo‘ldi. Gazeta.uz nashri Davlat Statistika qo‘mitasi keltirgan raqam 2019 - yildagidan 237 barobar ko‘pligiga e’tibor qaratgan. Nashrning o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, gaz Turkmanistondan sotib olingan.

16 - dekabr kungi hukumat yig‘ilishida prezident Mirziyoyev mamlakatda sutkasiga 20 million kubmetr gaz taqchilligi mavjudligini aytgan edi. U gaz eksporti hajmini kamaytirish va kuniga 7-8 million kubmetr qo‘shimcha gazni aholi ehtiyojlari uchun yo‘naltirish haqida hukumatga topshiriq bergan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG