Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:56

Germaniya: AQSH raketalarining joylashtirilishi “Putinni tiyib turish”ga yordam beradi


AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining USS Laboon esminetsi quruqlikdagi nishonni yo‘q qilish uchun Tomahawk raketasini uchirmoqda (illyustrativ surat)
AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining USS Laboon esminetsi quruqlikdagi nishonni yo‘q qilish uchun Tomahawk raketasini uchirmoqda (illyustrativ surat)

Germaniyada AQSHning uzoq masofali raketalarining joylashtirilishi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni “tiyib turish vositasi” o‘laroq lozim. Bu haqda “Nemis to‘lqini” Germaniya TIV rahbari Annalena Berbokka tayangan holda xabar qildi.

Mahalliy matbuotga 4-avgust kuni bergan izohida Berbok Berlin hozirgi paytda YI va NATO doirasida hamda mamlakat darajasida “o‘z xavfsizligi va qudratiga sarmoya kiritayotgani” Germaniyani muhofaza qilishini urg‘ulagan.

“Bu choralar o‘z ichiga Germaniyada AQSHning uzoq masofali raketalarini joylashtirishni ham oladi”, deya qo‘shimcha qilgan vazir.

Unga ko‘ra, GFR Rossiyaga nisbatan “ishonchli tiyib turish” tizimini shakllantirishi zarur. Bu qadamlar "Rossiya bilan bevosita chegaradosh bo‘lgan va so‘nggi oylarda chegarada gibrid choralarning portlovchi ta’sirini o‘z boshidan kechirgan" Polsha, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Finlyandiyani ham himoyalashi kerak, deya qayd etgan Annalena Berbok.

Iyul oyida Vashingtonda o‘tkazilgan NATO sammitida Qo‘shma Shtatlar va Germaniya GFR hududiga AQSHning uzoq masofali raketalari yo‘llanishi haqida e’lon qilishgan. AQSH 2026-yildan boshlab GFRda SM-6 zenit raketalari, “Tomagavk” qanotli raketalari va eksperimental gipertovushli qurol-aslaha tizimlarini joylashtirishni rejalamoqda. Bu qurol-aslahalar, Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, “hozirda Yevropada mavjud bo‘lganidan ko‘ra ancha uzoq masofadagi nishonni urish imkoniyatiga ega”.

AQSH raketalarining GFRda joylashtirilishiga oid qaror Bundestagning ko‘plab a’zolari uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi, deyilgan “Nemis to‘lqini” maqolasida.

Qator siyosatchilar masalani parlament muhokamasiga qo‘yishga chaqirishgan. Ustiga ustak, bu kabi chaqiriqlar hukmron koalitsiyaga kiradigan Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) deputatlari orasida ham yangramoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 28-iyuli kuni, agar Germaniyada Rossiya hududiga zarba berishga qodir AQSH raketa majmualari joylashtiriladigan bo‘lsa, Moskva ham o‘rta va qisqa masofali raketalarini yoya boshlashini bildirgan.

XS
SM
MD
LG