Bugun Germaniyada navbatdan tashqari parlament saylovi o‘tkazilmoqda. Saylov o‘tgan yil oxirida bundestag kansler Olaf Sholsga ishonchsizlik votumi bildirganidan so‘ng 23-fevralga tayinlangan edi. Ishonchsizlik votumiga esa byudjetni moliyalash bilan bog‘liq kelishmovchilik tufayli iqtidordagi koalitsiyaning parchalanishi sabab bo‘ldi.
Shu tariqa, hukumat rejalanganidan yarim yil oldin iste’fo beradi: hukumat inqirozi bo‘lmaganida navbatdagi saylov 2025-yil sentyabrda o‘tkazilgan bo‘lur edi.
Parlamentdagi o‘rinlar uchun kurash yettita peshqadam va 22 kichik partiyalar o‘rtasida kechadi. Eng ko‘p ovoz to‘plagan partiya federal kansler lavozimiga nomzod ko‘rsatadi (odatda partiya raisi nomzod bo‘ladi), keyin uni prezident Frank-Valter Shtaynmayer tasdiqlashi kerak.
Shundan so‘ng bundestagga o‘tgan partiyalar boshqaruv koalitsiyasini tuzadi. Koalitsiya odatda 2-3 partiyadan tashkil topadi. Koalitsiyaga kirmaganlar esa parlament muxolifati bo‘lib qoladi.
Saylovdan bir necha kun oldin ZDF telekanali o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, saylovda XDI/XSI konservativ bloki yetakchi bo‘lishi mumkin – unga saylovchilarning 28 foizi ovoz berishga tayyor.
U holda XDI rahbari, 69 yoshli Fridrix Mers kanslerlikka nomzod bo‘ladi. XDI/XSI, xususan, Germaniya iqtisodiy o‘sishini jadallashtirish va soliqlarni kamaytirishga va’da bermoqda.
So‘rovlarga ko‘ra ikkinchi o‘rinni “Germaniya uchun alternativa” (GuA) o‘ng populistik partiyasi egallaydi. GuA 21 foiz ovoz to‘play olishi aytilmoqda. Partiya o‘z dasturida ko‘proq migratsiya qonunlarini kuchaytirishga va xavfsizlik masalalariga urg‘u beradi.
Shuningdek, GuA Rossiya bilan hamkorlik aloqalarini tiklashni talab qilib kelmoqda. GFR maxsus xizmatlari GuA deputatlarining Kremldan mablag‘ olganiga doir shubhalar vajidan bir necha marta tekshiruv o‘tkazgan edi.
Uchinchi o‘rinni, 16 foiz qo‘llov bilan Sotsial-demokratik partiya (SDP) egallashi kutilyapti. Kansler Olaf Shols xuddi shu partiyaga mansub. SDP infratuzilma loyihalari va ijtimoiy dasturlarga davlat byudjetidan ko‘proq mablag‘ ajratish tashabbusini ilgari surmoqda.
ZDF so‘roviga qaraganda, 14 foiz saylovchilar “Yashillar” uchun ovoz berishadi. Ushbu so‘l partiya dasturida ekologiya muammolari va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash loyihalariga keng o‘rin berilgan.
So‘rovda qatnashganlarning 8 foizi “So‘llar”ga ovoz berishini bildirgan. Ular mudofaa xarajatlarini oshirishga qarshi chiqishmoqda: “so‘llar”ga ko‘ra soliq to‘lovchilarning pullarini avvalo ijtimoiy dasturlar va infratuzilmalarga yo‘naltirish lozim.
Byudjet va davlat qarzi ustidan qattiq nazorat o‘rnatishni o‘zi uchun ustivor vazifa qilib olgan Erkin demokratik partiya 4,5 foiz ovoz to‘plashi taxmin qilinmoqda.
Mudofaa byudjetini qisqartirish, Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatishga qarshi chiqayotgan va Rossiya bilan yaqinlashish tarafdori bo‘lgan “Sara Vagenknext ittifoqi” nomli yangi so‘l partiya ham qariyb shuncha ovoz yig‘ishi mumkin.
Bu ikki partiya parlamentga kirish uchun zarur 5 foizlik to‘siqdan o‘tishi ehtimoli katta.
So‘rovda ishtirok etganlarning 4 foizi kichik partiyalarga ovoz berishini aytgan.