Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:49

Giyohvand moddalar savdosida gumonlangan shaxs qanday qilib Japarovga kuyov bo‘layozdi?


Sadir Japarov.
Sadir Japarov.

Yaqinda vertolyotda Lazzat Nurkojoyevaga turmush qurishni taklif qilgan yigit giyohvand moddalar sotuvchisi bo‘lib chiqishi mumkin. Qirg‘iziston prezidentining jiyaniga uylanmoqchi bo‘lgan Aftandil Sabirbekov ushlanib, tergov izolatoriga joylashtirildi.

U va yana 12 nafar sherigi, IIV xabariga ko‘ra, giyohvand, psixotrop moddalar va ularning analoglarini ko‘p miqdorda sotish maqsadida noqonuniy ishlab chiqarishda ayblanmoqda. Bu borada Prezident ma’muriyati izoh berdi. Unda aytilishicha, Sabirbekov o‘ziga nufuzli homiy topish uchun davlat rahbari bilan qarindosh bo‘lishga uringan.

Bir necha hafta oldin deyarli butun mamlakatda davlat rahbarining qarindoshi, Sadir Japarovning ukasining qizi Lazzat Nurkojoyevaning Aftandil Sabirbekovga unashtirilgani muhokama qilinayotgan edi. Keyin kuyov juda dabdabali tadbir uyushtirdi. U Favqulodda vaziyatlar vazirligidan vertolyot ijara olib, buning uchun qariyb ikki ming dollar to‘lab, o‘z sevgilisini tog‘larga olib keldi va rang-barang feyerverklar fonida unga turmush qurishni taklif qildi. Qiz «roziman» dedi. U bu haqdagi videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdi.

Shunda ko‘pchilik hayron bo‘ldi: Prezidentning potensial kuyovi kim? Narkotiklarni nazorat qilish xizmati bu savolga bir kun avval kutilmagan javob berdi. Agentlik hibsga olinganlarning fotosuratlarini joylashtirgan holda, jinoiy guruh zararsizlantirilgani haqida xabar berdi. Ular orasida jurnalistlar prezidentning bo‘lajak kuyovini darhol tanidi.

Sabirbekovning hibsga olinganini prezident ma’muriyati ham tasdiqlagan. Unda kuyov «sobiq» deb atalgan va u o‘zining jinoyat ishlarini yashirish uchun Sadir Japarov bilan qarindosh bo‘lishga uringani aytilgan.

“Bu yigitning asosiy maqsadi o‘zining noqonuniy faoliyatini himoya qilish uchun hokimiyatdan odam («krisha») topish bo‘lgan, deyishga to‘liq asos bor. Sobiq kuyov va uning hamtovoqlarining noqonuniy qilmishlari tergov jarayonida aniq bo‘ladi”, dedi Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Askat Alagozov.

Giyohvand moddalar savdosi xizmati tarqatgan videoga qaraganda, bu guruh a’zolari, jumladan, prezidentning bo‘lg‘usi kuyovi ham o‘tgan qishda qo‘lga olingan. Dabdabali unashtirish bilan bog‘liq janjaldan so‘ng Sadir Japarovning o‘zi jiyani uchun uzr so‘radi, biroq kuyovning haddan tashqari isrofgarchiligini tanqid qildi. Giyohvandlikka qarshi kurashuvchilar bu ish bilan shug‘ullanayotganidan Sadir Japarov bexabar bo‘lgan chog‘i.

“Aslida, jiyan uchun hammasi xayrli tugadi, muhimi, to‘ygacha bormadi. Lekin bu yerda giyohvand moddalarga qarshi kurashuvchilarga savol tug‘iladi. Ular uni qo‘lga olgan bo‘lsa, nega prezidentga vaqtida xabar berishmagan? Nega ular jiyani o‘z hayotini juda yomon odam bilan bog‘lamoqchi ekanligini prezidentga xabar berishmagan, nega ular aytishmagan?” deydi bishkeklik fuqarolik faoli Urmat Janiboyev.

Ayni paytda advokatlar qayd etishicha, qonunga ko‘ra, tezkor xodimlar davom etayotgan operatsiya haqida o‘z boshliqlaridan birortasiga, hatto prezidentga ham xabar bermaslikka to‘liq haqli edi. Ammo, huquqshunos Tattuububu Ergeshboyeva fikricha, Qirg‘izistonda buni tasavvur etib bo‘lmaydi. Uning fikricha, jiyani va uning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan bo‘lgan bu voqea siyosiy asosga ega.

“Prezidentga uning yaqinlari bilan bog‘liq masala xabar berilmagan. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri obro‘-e’tibor masalasiga taalluqli bo‘lib, ularni odatda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining "to‘qqizinchi xizmati" tekshiradi va ko‘pincha ularning oldi olinadi Bu, ehtimol, siyosiy kuchlar o‘rtasidagi raqobat sabablidir”, deb taxmin qiladi u.

Biroq, bu janjalda kuzatuvchilar prezident ma’muriyati tomonidan qilinayotgan qandaydir piar bo‘lishi mumkinligini ham istisno etmayapti. Ular davlat rahbari qonunbuzarliklarni, hatto bu uning yaqin atrofidan kelgan bo‘lsa ham, ayab o‘tirmasligini ko‘rsatishmoqchi. Hatto bu uning kuyovi bo‘lsa ham. Hozir uni 12 yildan 15 yilgacha qamoq jazosi kutmoqda.

XS
SM
MD
LG