Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:58

"Golden kesh": Jabrlanuvchidan ayblanuvchiga - moliyaviy piramidaga pul tikkanlar ham qamalyapti


“Golden kesh” ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida faol reklama qilingan.
“Golden kesh” ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida faol reklama qilingan.

O‘zbekistonda “Golden kesh” ustidan ish ochilganidan to‘qqiz oy o‘tib ushbu moliyaviy piramidaga minglab dollar pul tikkan 30 dan ortiq jabrlanuvchi hibsga olindi.

Toshkentdagi Justice advokatlik uyushmasi advokati Alisher Mamatovning Ozodlikka aytishicha, hozirgi kunga qadar jabrlanuvchi sifatida ko‘rilayotgan 34 kishi ustidan tergov jarayoni ketmoqda.

“Jabrlanuvchilar ayblanuvchiga aylantirilyapti. Eng ko‘p pul tikkanlar, ya’ni liderlarni qamashyapti. Bu tizimda qancha pul tiksa, reklama qilib, ko‘p odamni atrofiga to‘plasa lider bo‘ladi-da. Tergovning maqsadi shularni ham javobgarlikka tortish bo‘lyapti. Hozirga qadar menga ma’lum 34 kishi qamoqqa olingan”, - dedi Alisher Mamatov.

Jizzaxlik Saodat Sharipovaning Ozodlikka aytishicha, onasi Inobat Tursunova va ikki akasiga nisbatan shu yilning 19-iyul kuni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 188-moddasi, ya’ni Pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan va shu kuni ular hibsga olingan.

“Sakkiz oy jabrlanuvchi sifatida ko‘rilayotgandik, o‘n kuncha oldin bizni ayblanuvchiga chiqarishdi, jumladan meni ham. Yagona aybimiz “Golden kesh”ga pul tikkanimiz, oilamiz bilan. 50 ming 500 AQSh dollari tikkanmiz. Endi bizni ham shu piramida ishtirokchisi sifatida ayblashyapti”, - deydi Sharipova.

Advokat Alisher Mamatovning so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy piramidaga pul tikkanlarga ular go‘yo “Golden kesh” korxonasi bilan ishlab, uning kengayishiga xissa qo‘shgan, degan vaj bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

- Lekin “Golden kesh” televileniye, radio orqali ham reklama qilingan. Shahardagi shitlarda reklamalari turgan. Ular ham javobgarlikka tortiladimi? Endi xorijlik fuqarolar O‘zbekistonga kelib odamlarimizni chuv tushirgan ekan nega huquqni muhofaza qiluvchi organlarimiz xalqaro tizimlar orqali shu mablag‘larni qaytarish iziga tushmayapti, nima uchun bu bo‘ytcha ishlar qilinmayapti? Uni o‘rniga bular piramidachilarga ishonib pul tikkan liderlarni qamayapti, "simyog‘ochni ham ayblash" yo‘sinida ish olib boryapti, - deydi advokat Alisher Mamatov.

“Golden kesh” ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida faol reklama qilingan.
“Golden kesh” ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida faol reklama qilingan.

“Golden kesh” tilla do‘konlar tarmog‘i 2020-yil yanvar oyida tashkil topgan. Markaziy idorasi Farg‘onada bo‘lgan kompaniya mijozlariga bir oy uchun 40 foiz, bir yil uchun esa 262 foiz dividentli omonatlarni taklif qilgan.

Toshkent shahar Yunusobod tumani hokimligi litsenziyasi asosida faoliyat yuritgan “Golden kesh” ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida faol reklama qilingan.

"Pullar bank orqali aylangan"

Saodat Sharipovaning Ozodlikka aytishicha, "Golden kesh"ga pul O‘zbekistondagi ikkita yirik bank - "Kapitalbank" va "Hamkorbank" orqali tikilgan.

“Ikkita bank "Kapitalbank" bilan "Hamkorbank" orqali perechisleniye yoki plastiklardan pul aylanishi bo‘lganidan keyin, operatsiyalarda bank ishtirok etganidan keyin ishonasizmi? Yoki bo‘lmasa, Adliya vazirligi tomonidan sizga sertifikat taqdim etishsa ishonasizmi? Prokuratura tekshirgan, kameral nazoratdan o‘tgan, hammasi toza, desa ishonasizmi? Ana shu narsalar bizni ishontirdi”, - deydi Saodat Sharipova.

“Golden kesh” reklama tadbirlaridan biri.
“Golden kesh” reklama tadbirlaridan biri.

“Golden kesh” shirkati O‘zbekiston Moliya vazirligining Davlat asillik darajasini belgilash palatasi hamda Toshkent shahar Yunusobod tumani hokimligi bergan litsenziya asosida faoliyat yuritgan.

“Golden kesh” shirkati Toshkent shahar Yunusobod tumani hokimligi bergan litsenziya asosida faoliyat yuritgan.
“Golden kesh” shirkati Toshkent shahar Yunusobod tumani hokimligi bergan litsenziya asosida faoliyat yuritgan.

Bundan tashqari, shirkat Rossiya Federatsiyasi sertifikatlash markazi tarafidan berilgan “Halol” sertifikatiga ham ega bo‘lgan.

"Golden kesh" shirkati Rossiya Federatsiyasi sertifikatlash markazi tarafidan berilgan “Halol” sertifikatiga ham ega bo‘lgan.
"Golden kesh" shirkati Rossiya Federatsiyasi sertifikatlash markazi tarafidan berilgan “Halol” sertifikatiga ham ega bo‘lgan.

Toshkent shahar Yunusobod tumani hokimligi tomonidan 2021-yil 25-may kuni berilgan litsenziyada “Golden kesh” shirkatining faoliyat turi “zargarlik buyumlari va qimmatbaho toshlarni sotish ekani qayd etilgan.

Ayblov xulosasida shirkat zargarlik buyumlari va qimmatbaho toshlarni sotish niqobi ostida moliyaviy piramida bilan shug‘ullangani ta’kidlanadi.

“Semirtirib so‘yamiz”

O‘tgan yilning noyabr oyida “Golden kesh” huquq-tartibot idoralari nazariga tushdi. Shirkat yopilib, ikki nafar ukrain va uch nafari tojik fuqarolari bo‘lgan ta’sischilar firibgarlikda gumonlanib qamoqqa olindi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, kompaniya faoliyatidan bir necha ming fuqaro jabr ko‘rgan, ular shirkatga 100 dan 10 ming dollargacha bo‘lgan oltin va kumush buyumlarni taqdim qilgan.

Jami 2065 kishidan bir yilda 63 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ to‘plangan.

“Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti Abdurahmon Tashanovning aytishicha, “Golden kesh” ishidan birinchi navbatda oddiy fuqarolar jabr ko‘rmoqda:

“Qiziq tomoni davlatning o‘zi shunday kompaniyalarga litsenziyalarni berib, moliyaviy piramida kattalashgandan keyin jinoyat ishi ochib, uning ishtirokchilari ustidan ish ochishi yoki qamashi xuddi “semirtirib so‘yamiz”, degan aqidani esga soladi. Ahmadboy piramidasida ham boshqa piramidalarda ham shunday xolat kuzatilgan edi. Bu yerda birinchi navbatda fuqarolar jabr ko‘ryapti. Foyda ko‘ramiz deb pul tikadi, banklarda bunaqa katta foyda yo‘q. Shuni evaziga odamlar katta zararlarga tushishadi”, - deydi “Golden kesh” ishi doirasida jabrlanganlar huquqlarini himoya qilayotgan “Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti Abdurahmon Tashanov.

Korxonaning bank hisobida 3.5 milliard so‘m borligi aniqlangan. Ammo, hozirgacha mijozlarning dividend uchun to‘lab qo‘ygan pullari qaytarilish-qaytarilmasligi borasida rasmiy ma’lumot berilmagan.

Advokat Alisher Mamatovning aytishicha, "Golden kesh” faoliyatidan kuch ishlatar tizimlari xodimlari ham xabardor bo‘lgan, ba’zilari shirkat bo‘limlarining ochilish marosimlarida faxriy mehmon sifatida qatnashgan.

“Qiziq tomoni “Golden kesh” O‘zbekistonda belgilangan davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lgan, soliqlarni to‘lab kelgan, yana bundan tashqari buni ochilish marosimida, viloyatlardagi bo‘limlarini ochilish marosimlarida ichki ishlardan tortib barcha kuch ishlatar tizimlari rahbarlari qatnashgan., - deydi advokat Alisher Mamatov.

“Янги Аҳмадбой”: “Голден кэш” судда, мижозлар пулларнинг қайтарилишини талаб қиляпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:55 0:00

Moliyaviy piramidalar

"Moliyaviy piramida - eng keng tarqalgan firibgarlik turlaridan biri. Bu allaqachon yig‘ilgan mablag‘lardan olingan daromad yangi ishtirokchilar hisobidan to‘lanadigan sxema. Firibgarlar odatda yaxshi manipulyator bo‘lib, odamlarga mohirlik bilan ta’sir qiladi, yangi usullarni o‘ylab topadi. Hujumchilar ko‘chmas mulk, obligatsiyalar va qimmatli qog‘ozlar sotib olishni taklif qiladilar, ular go‘yoki o‘ta foydali internet loyihalariga, qurilish yoki qishloq xo‘jaligiga sarmoya kiritadilar va o‘ta samarali ishlab chiqarishga sarmoya kiritish kampaniyasini olib boradilar.

Postsovet hududida dastlab moliyaviy piramidalar o‘tgan asrning saksoninchi yillari oxirida, iqtisodiy tanazzul davrida paydo bo‘lgan. O‘shanda minglab odam “MMM” piramidalariga pul tikib, kuyib qolgandi.

Bank tizimiga ishonch uncha katta bo‘lmagan O‘zbekistonda ham odamlarning jamg‘armalarini turli yo‘llar, turfa usullar bilan o‘zlashtirish hollari ko‘p uchraydi.

Bu kabi holatlarning eng mashhuri bo‘lgan chinozlik Ahmadjon Tursunboyev asos solgan "Ahmadboy" piramidasi qulagan 2016-yildan buyon o‘tgan vaqt mobaynida yana minglab odam turli ko‘rinishdagi moliyaviy piramida qurbonlari bo‘ldi.

«Ahmadboy ishi» doirasida 11 710 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan. Yetkazilgan zarar miqdori esa 386 mlrd. so‘mdan ko‘proqni tashkil qiladi. Ko‘plab jabrlanuvchi piramidaga tikkan mol-mulki qaytarib berilmaganini aytib keladi.

Ikki yil avval Ahmadjon Tursunboyev va yana 15 kishi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» va «v» bandlari (juda ko‘p miqdorda firibgarlik; uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan firibgarlik) bo‘yicha ayblandi, 9 yildan 15 yilgacha muddatlarga qamaldi.

Ahmadjon Tursunboyev 14 yarim yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Unga tegishli 29 ta ko‘chmas mulk va 8 ta avtomobil xatlangan.

So‘nggi to‘rt yilda chet elga ishga jo‘nataman deb fuqarolardan millionlab so‘m olgan o‘nlab xususiy bandlik agentliklari yopildi. Ayrimlariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Bundan tashqari, odamlarga tuyaqush¸ avtomobil¸ timsoh bolasi keltirib beraman, deb aldab, pulini olgan shirkatlar ustidan sud jarayonlari bo‘lib o‘tdi.

Moliyaviy firibgarliklardan zarar ko‘rganlar soni yuz minglarni tashkil qilishi aytiladi.

2019-2021-yillar davomida Ozodlik qator xususiy shirkatlar o‘zbekistonliklarni aldagani to‘g‘risidagi maqolalarni e’lon qilgan. Buning ortidan ularning ayrimlari faoliyati to‘xtatilgan, ayrimlariga nisbatan jinoyat ishlari ochilgan.

XS
SM
MD
LG