Gruziya hukumati rasmiy saytida O‘zbekiston prezidenti Gruziyaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qat’iy qo‘llab-quvvatlagani haqida xabar chop etildi. Bosh vazir Irakli Kobaxidze buning uchun minnatdorlik bildirgan.
O‘zbekiston tarafi e’lon qilgan rasmiy ma’lumotlarda bunday pozitsiya haqida hech qanday izoh berilmagan.
4-5-mart kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lgan Gruziya bosh vaziri Irakli Kobaxidze prezident Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva hamda Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov bilan ham uchrashuv o‘tkazgan.
O‘zbekiston bosh vaziri matbuot xizmatiga ko‘ra, muzokaralarda Erkin savdo kelishuvi doirasida o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish masalasi muhokama qilingan.
Prezident Mirziyoyev bilan muloqot chog‘ida esa tovar ayirboshlashni mustahkamlash, eksport va import mutanosibligini ta’minlash hamda sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish muhimligi ta’kidlangan.
Gruziyada hududiy yaxlitlik borasida ikkita murakkab mojaroga mavjud: 1990-yillar boshida Abxaziya va Janubiy Osetiya Gruziyadan ajralib chiqib, mustaqilligini e’lon qilgan. Bu qurolli to‘qnashuvlarga va ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lgan. Xalqaro maydonda bu hududlar mustaqil davlat sifatida tan olinmagan bo‘lsa-da, Rossiya ularga harbiy, siyosiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatadi.
O‘zbekiston hududiy yaxlitlik masalalarida umumiy qo‘llab-quvvatlash pozitsiyasini yoqlaydi. Lekin aniq keskin bayonotlar bilan chiqishdan tiyilib kelgan.