Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili o‘tgan parlament saylovidagi muhtamal soxtalashtirishlarga oid bo‘yicha savollarga javob berish uchun taklif qilingan prokuraturaga borishdan bosh tortdi. Avvalroq u saylovni nolegitim deb hisoblashini aytgan, undagi “Gruziya orzusi” hukmron partiyasining g‘alabasini esa soxtalashtirilgan, deya bayonot bergan edi.
Zurabishvili chorshanba kungi brifingda 31-oktyabrga belgilangan prokuraturadagi suhbatga bormasligini bildirdi. U prokuratura qonunbuzarlikka oid dalillarni davlat rahbaridan talab qilmay, o‘zi qidirishi lozimligini qayd etdi. U brifingni saylovni soxtalashtirish texnologiyalari haqidagi videoni namoyish qilishdan boshladi.
“Men prokuraturaga o‘z ishini boshlashni va prezident bilan siyosiy hisob-kitob qilishdan qochishni maslahat bergan bo‘lardim. Men prokuraturaga murojaat qilyapman: siz xalq oldida hisobdorsiz, jamoatchilik sizdan mening dalillarimni emas, zudlik bilan tekshirishga kirishishni talab qilmoqda”, deya iqtibos keltirgan Zurabishvili so‘zlaridan Ozodlikning gruzin xizmati.
Gruziyada parlament saylovi 26-oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi. MSK ma’lumotiga ko‘ra, unda Rossiyaga moyil kayfiyatdagi “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi 54 foiz ovoz olgan. Muxolifatdagi to‘rtta partiya ko‘pi bilan 10 foizdan ovoz olishgan, qolganlari esa besh foizli to‘siqdan o‘ta olmagan.
Muxolifatdagi siyosatchilar saylov natijalari “Gruziya orzusi” foydasiga soxtalashtirilganini bildirishib, ularni tan olishdan bosh tortishgan. Prezident Salome Zurabishvili ham shu fikrda. U 28-oktyabr kuni Tbilisida 15 mingga yaqin odam to‘plangan norozilik mitingida chiqish qilgan.
Murakkab sxemali soxtalashtirishlar haqida bir necha fuqaroviy tashkilotlar ham bayonot berishgan. Gruziya MSK rasman mamlakat bosh prokuraturasiga murojaat qilgan va bu borada tergov boshlangan.