Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:41

Gulnora Karimova qamoqxonaning “bosh og‘rig‘iga aylangan"


Gulnora Karimova Milandagi modalar haftaligida, 2009-yil
Gulnora Karimova Milandagi modalar haftaligida, 2009-yil

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi ayollar qamoqxonasida saqlanayotgan Gulnora Karimova muassasa ma’muriyati uchun bosh og‘rig‘iga aylangan.

Nomini sir saqlab Ozodlik bilan gaplashgan muassasa mulozimi buni, VIP mahkuma Gulnora Karimovaning qamoqda bunt ko‘targaniga oid OAV xabarlariga munosabat bildirarkan ta’kidladi.

8-iyul kuni bloger Kirill Altman ayollar koloniyasida jazo o‘tagan sobiq mahkuma bilan intervyu e’lon qildi. Bu suhbat 2013-yildan beri panjara ortida qolayotgan 52 yashar Gulnora Karimovaning tug‘ilgan kuni - 8-iyul sanasida berildi, ammo bu haqda umuman gapirilmadi.

Zangiota tumanidagi 21-sonli koloniya - O‘zbekistondagi yagona ayollar qamoqxonasi mulozimiga ko‘ra, Gulnora Karimova “xulqi, o‘zini tutishi va boshqa mahkumalarni provokatsiya qilishi yuzasidan muassasa boshlig‘i bir necha marta yuqoridagilarga murojaat qilgan”.

Gulnora Karimova 2015-yilning 18-dekabrida Toshkent shahar sudining hukmi bilan 10 yilga, 2020-yilning 18-martida esa yangi ochilgan jinoyat ishi doirasida 13 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

----------------------------------------
8-iyul kuni bloger Kirill Altman bilan suhbatlashgan sobiq mahkuma O‘zbekistonning marhum birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova qamoqda “bunt ko‘tardi” deya hikoya qilib berdi.

“U ishga chiqardi. Bir marta u bunt ko‘tardi. Keyin hamma 2 yarim soat tik oyoqda turdi, eshitishdik. Balki uni qoralashgandir, sudlashgandir. Balki qamamasliklari kerak edi. Bunisini men aniq bilmayman. Lekin, qamoqqa tushdingmi, demak u yerdagi tartibga amal qilishing kerak. Lekin, u tartibga amal qilmaydi”, dedi mahkuma.

Ayollar qamoqxonasida jazo muddatini o‘tab qaytgan sobiq mahkuma, Altman bilan intervyusida, Gulnora Karimovaning norozilik aksiyasi qachon bo‘lgani va uning vaqtiga oydinlik kiritmadi.

Sobiq mahkuma blogerning savollariga javob berarkan, Gulnora Karimova uchun qamoqxonada VIP sharoitlar yaratilmagani, aksincha, uning o‘zi oddiy otryadda jazo muddatini o‘tayotgani va 4 ta joyni band qilganini urg‘uladi:

“U to‘rtta karovatni band qilgan va o‘ziga choyshablardan iborat devor yasab olgan. Ko‘p hollarda umumiy oshxonadan ovqatlanmaydi. Uni yaqinlari oziq-ovqat bilan ta’minlaydi. Boshqa mahkumalarga qaraganda unga ko‘proq miqdorda peredacha olishga ruxsat berilgan. U istagan narsasiga yetisha oladi. Kimni xohlasa, o‘sha bilan ko‘risha oladi. Ko‘p hollarda u jazavaga tushadi. Xullas, u o‘zini yomon his qilayotgani yo‘q”.

Ozodlik so‘zlashgan boshqa sobiq mahkumalar ham vaziyatga shunga o‘xshash ta’rif berdi. Tahririyatning bu boradagi so‘rovini 21-sonli muassasa boshlig‘i Gulruh Karimova javobsiz qoldirdi.

2021-yilning 14-aprelida yana huquq faoli, hukumat komissiyasi tarkibida ayollar koloniyasiga kirib, Gulnora Karimovani shaxsan ko‘rgan A’zam Farmonov ham mahkumaning ahvoli haqida Ozodlikka ma’lumot bergan edi.

Ammo, oilasi uzoq muddat Karimova yaqinlariga ko‘rsatilmayotganidan shikoyat qilib keldi.

Jumladan, qizi Imonning tug‘ilgan kuni - 2023-yilning 16-iyun kuni Gulnora Karimova bilan uchrashtirilmagani haqida onasi Tat’yana Karimova Facebookda post qoldirgandi:

“Nevaram Imonni 25 yoshni qarshi olgani bilan tabriklayman. Baxt, farog‘at, mehr-muhabbat tilayman. Lekin, afsuski, bugungi go‘zal kun quvonchi to‘kis emas... KIN-21 ayollar koloniyasidagi qizim Gulnorani ko‘rishga ruxsat berilmadi”.

Ijtimoiy tarmoq faollari esa bu shikoyatomuz postga hamdardlik bilan emas, aksincha, “Nima eksang, shuni o‘rasan” qabilidagi g‘azabnok ayblovlar bilan munosabat bildirdi.

Natijada, Islom Karimovning bevasi bu postni o‘chirib tashladi.

Bu yilgi tug‘ilgan kuniga esa qizi Imon onasi Gulnoraning videolaridan iborat bir post qoldirdi. Postiga “S dnyom rojdeniya” (Tug‘ilgan kuningiz bilan) degan bir jumlani ilova qildi, xolos.

2023-yilning kuzida Gulnora Karimova uy qamog‘iga chiqarilgani haqida norasmiy ma’lumotlar tarqalgandi. Xususan, qizi Imonning Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga tez-tez qatnay boshlagani shu norasmiy xabar bilan bog‘langan edi.

Ozodlik manbalari, Gulnora asosiy vaqtini uyida kechirmoqda, faqat zarurat bo‘lgandagina qamoqxonaga boradi, deb iddao qilgan. Ammo, keyinchalik va hozirga qadar ham bu xabar rasman tasdiqlanmagan.

21-sonli ayollar koloniyasi ma’muriyatining nomi sir tutish sharti bilan Ozodlikka xodimiga ko‘ra, Gulnora Karimova masalasi ma’muriyat uchun haqiqiy bosh og‘rig‘iga aylangan. Qamoqxona mutasaddisi Gulnoraning uy qamog‘iga chiqarilganiga oid xabarlarga hech bir shaklda munosabat bildirmadi.

Muassasa xodimiga ko‘ra, yaqinlari bilan ko‘rishishga unga alohida imtiyozlar mavjud emas. Ayrim hollarda unga ko‘rishish uchun qonuniy ruxsat berilgan paytlarda uning ortidan hech kim kelmaydi:

“Gulnora Islomovnaning xulqi, o‘zini tutishi va boshqa mahkumalarni provokatsiya qilishi yuzasidan muassasa boshlig‘i bir necha marta yuqoridagilarga murojaat qildi. Bir tomondan, tezkor xodimlar unga muomala qilishda ehtiyot bo‘lishimiz tayinlangan. Ikkinchi tomonidan, unga alohida mulozamatda bo‘lmanglar, ham deyishgan”.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi jazo muddatini o‘tayotgan chog‘ida tez-tez bunday norozilik uyushtirib turishi, uning janjallari ortidan qamoqxona ma’muriyati Jazoni ijro etish Departamenti va maxsus prokuraturaga bir necha marta murojaat qilganini Ozodlikning boshqa manbalari ham tasdiqladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat ijroiya Kodeksi talablariga ko‘ra, hozirga kelib Gulnora Karimovani manzil koloniyaga o‘tkazish yoki muddatidan avval shartli ozod qilish muddatlari o‘tib bo‘lgan.

Gulnora Karimova 2021-yilning martida maktub chiqarib, o‘zining “muntazam qiynoqqa tutilgani"ni she’riy misralarda bayon qilgandi. Xat Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova o‘z Telegram kanalida e’lon qilgan.

O‘shanda Ozodlik murojaatiga javob bergan 21-sonli ayollar koloniyasi boshlig‘i Gulruh Karimova mahkumalar¸ xususan, Gulnora Karimovaga nisbatan qonunda belgilanmagan hech bir harakat qilinmagan, deb ta’kidlagandi:

“Albatta, Gulnora Karimova haqida yozish jurnalist o‘laroq sizning huquqingiz. U qiynoqqa tutilmagani va jazoni o‘tash sharoiti qonunda belgilanganday, degan gapimga ishonmasangiz, mening bevosita rahbarlarim - Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasidan qayta so‘rashingiz mumkin”.

O‘zbekiston rasmiylari qamoqda unga nisbatan bosim o‘tkazilayotgani, huquqlari poymol etilayotgani haqida farzandlari hamda advokatining iddaolarini rad etib keladi.

Gulnora Karimova 2015-yilning 18-dekabrida Toshkent shahar sudining hukmi bilan 10 yilga, 2020-yilning 18-martida esa yangi ochilgan jinoyat ishi doirasida 13 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Karimova jinoiy uyushma tuzish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan.

Bosh prokuratura Karimovaning davlat va odamlarga keltirgan zarari 1 trln. 270 mlrd 200 mln so‘m, 1 mlrd 651,8 mln AQSH dollari, 26,1 mln yevro deb baholagan.

U 2019-yil bahoridan beri Zangiotadagi 21-sonli ayollar koloniyasida jazo muddatini o‘tamoqda. Unga nisbatan chiqarilgan jazo muddatlarining tegishli tartibda qo‘shilib, necha yil qilish belgilanganiga oid ma’lumotlar mavjud emas.

AQSH Adliya vazirligi huzuridagi prokuratura idorasining Nyu-York janubiy hududi bo‘yicha prokurori 2019-yilning 7-mart kuni Gulnora Karimovaga nisbatan rasmiy ayblovlarni e’lon qilgan edi.

Karimova qariyb 10 yil davomida turli moliyaviy sxemalar orqali aksiyalari AQSH birjasida sotuvga qo‘yilgan uch yirik xalqaro telekom shirkati – TeliaSonera, VimpelCom va MTCdan jami 865 million dollar pora olganlikda ayblanadi.

Adliya vazirligi baënotida ta’kidlanishicha¸ Karimova AQSHning xorijdagi korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, hozirga qadar eng katta pora olganlikda ayblangan shaxsdir.

Xorijdagi surishtiruvlar ortidan Gulnora Karimovaning Shveysariya banklaridagi bir milliard dollarga yaqin mablag‘i muzlatilgan edi.

2022-yilning fevralida O‘zbekiston Adliya vazirligi Karimova o‘zlashtirgan mulkni mamlakatga qaytarish doirasida Fransiyadan 10 million AQSH dollari O‘zbekistonga qaytarilgani, yana 131 million AQSH dollari qiymatidagi aktivlar "O‘zbekistonga qaytarilishga tayyor".

Ammo, O‘zbekiston ichi va xorijdagi jamoatchilik faollari, inson huquqlari himoyachilari va tahlilchilarda, qaytarilayotgan bu pullarning xalqqa yetib borishiga jiddiy shubha bor.

Ayniqsa, o‘tgan yil oktyabr oyida, o‘z vaqtida Gulnora Karimovaning jinoiy sherigi sifatida ayblangan, qamalgan va so‘nra imi-jimida qamoqdan chiqarilgan Rustam Madumarovning Hong Kongda hibsga olinishi bu shubhalarni juda kuchaytirdi.

Voqea tafsilotlaridan yaxshi xabardor manbalari, 2023-yilning oktyabr oyida pul yuvishda gumon qilinib, Hong Kongda qamoqqa olingan Madumarov bu davlatga o‘z xohishi bilan emas¸ balki O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatidagi yuqori lavozimli rasmiylar buyrug‘i bilan borgan, deb da’vo qilishgandi.

Unga aynan Gulnora Karimovaga aloqador bank hisobidagi pullarni boshqa xususiy hisoblarga o‘tkazish missiyasi yuklatilgandi.

2016-yilda hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev avvaliga omma o‘ngida o‘zini Islom Karimovning shogirdi va u boshlagan ishlarning davomchisi sifatida taqdim etgan bo‘lsa-da, amalda uning siyosiy merosidan masofalanishga qaratilgan qator ishlarni amalga oshirgan.

Jumladan, mamlakat qamoqxonalaridagi o‘nlab siyosiy mahkumlarni ozod qilgan, minglab odamlarni qora ro‘yxatlardan chiqargan.

Tatyana Karimovaning o‘zi haqida esa Mirziyoyev “Farg‘onalik kelinlar” bir vaqtlar vodiyni g‘orat qilgani" haqida gapirgandi.

Ijtimoiy tarmoq faollari va oddiy o‘zbekistonliklar ko‘pincha Mirziyoyev qizlarining otasi administratsiyasi va hukumatda yuqori lavozimlarga tayinlanishi hamda kuyovlarining biznes manfaatlari bilan Gulnora Karimovaning boshiga tushganlar o‘rtasida muntazam parallel o‘tkazishadi.

XS
SM
MD
LG