Falastinning HAMAS guruhi (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) garovga olingan to‘rt nafar isroillikning jasadini topshirdi. Ularni Qizil Xoch jamiyatidan bo‘lgan vositachilar olib ketib, SAXAL vakillariga topshirishgan, deya xabar qildi The Times of Israel nashri.
Ayni paytda Qizil Xoch vositachiligida Falastin tomoniga 625 nafar mahkumni topshirish jarayoni ham boshlangan. Ularning bir qismi G‘azo sektoriga avtobuslarda yetkazilgan, bu yo‘nalish bo‘yicha jami 400 dan ziyod odamni yo‘llash kutilmoqda. Yana 97 nafar mahkum Misrga topshirilgan.
Isroillik ekspertlar HAMAS tomonidan topshirilgan to‘rt jasad shaxsini tasdiqlashlari kerak bo‘ladi. Ular Saxi Idan, Oxad Yaxolomi, Itsxak Elgart va Shlomo Mansur ekani aytilmoqda. Jarayon yakunlanganidan keyin ularning oilalariga xabar beriladi.
Reuters xabariga ko‘ra, Isroil Falastin tomoniga avvalroq garovda o‘lgan Shiri Bibas deya topshirilgan ayol jasadini qaytarib beradi. Aslida marhuma g‘azolik ayol bo‘lgani aytilyapti.
HAMAS hordiq kunlari qo‘yib yuborilmagan falastinlik mahkumlar evaziga Isroilga garovdagi to‘rt nafar kishi jasadini topshirishi haqida 26-fevral kuni ma’lum bo‘lgan.
HAMAS bilan tuzilgan otashkesim kelishuviga muvofiq, 22-fevral kuni Isroil garovdagi olti nafar isroillikning ozod qilinishiga javoban 602 nafar falastinlikni qamoqxonalardan chiqarib yuborishi lozim edi. Biroq isroilliklar HAMAS “garovdagilarning qadr-qiymatini yerga uruvchi propagandistik marosimlar” o‘tkazayotganini iddao qilib, bu ishni amalga oshirgan emas. Bu qadam ikki o‘rtada tuzilgan butun bitimni xavf ostiga qo‘ya boshlagandi.