Линклар

Шошилинч хабар
29 декабр 2024, Тошкент вақти: 02:15

Hamkasbini kaltaklagan shahrixonlik bosh vrach ishdan bo‘shatildi


Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida Shahrixon tuman markaziy kasalxonasi bosh vrachi masalasi ko‘rilmoqda - 9 - mart, 2021 (Boshqarma matbuot xizmati surati)
Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida Shahrixon tuman markaziy kasalxonasi bosh vrachi masalasi ko‘rilmoqda - 9 - mart, 2021 (Boshqarma matbuot xizmati surati)

Andijon viloyat, Shahrixon tuman markaziy kasalxonasi bosh vrachi vazifasini bajaruvchisi, shu muassasa laborantini kaltaklagani uchun egallab turgan lavozimidan bo‘shatildi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i 9 - mart kuni ishdan olingan vrachning harakatini shifokor uchun nomunosib hisoblashi, zo‘ravon vrach boshqa ishga o‘tkazilishini bildirdi.

8 - mart oqshomida Shahrixon tuman markaziy kasalxonasida yuz bergan hodisa aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.

“Musht ketdi” tushib qolgan videolar

8 soniyali birinchi ovozsiz videoda atrium eshigini ochib, binoga kirib ketayotgan oq xalatli erkakni uning ortidan kelayotgan ikki erkakning biri chaqirgani tushuniladi. Qo‘li eshik tutqichiga yetgan oq xalatli erkak to‘xtab, ortiga qaraydi. Shu paytda ortidan yetib kelgan erkak chap qo‘li bilan uning jag‘iga musht tushiradi.

Андижон врач калтаклади
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:08 0:00

Ikkinchi ovozsiz video 43 soniyalik. Unda ham xalatsiz ikki erkak va xalatli bir erkak aks etgan. Binoning koridorida olingan bu videoda oq xalatli erkak bilan xalatsizlardan biri o‘rtasida og‘zaki bahs bo‘layotganini tushunish mumkin. Birozdan keyin xalatsiz erkak oq xalatlining yuziga musht tushiradi. Ikkinchi xalatsiz erkak musht otayotgan erkakni tinchlantirishga urinadi. Kaltak yegan oq xalatli hujumga javob qilmay, chap tomondagi eshikni ochib kirib ketadi.

Андижон. Бош врач ходимни калтаклади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:43 0:00

Ozodlik videolarda aks etgan voqealar Shahrixon tuman markaziy kasalxonasi binosida bo‘lganini, kaltaklagan erkak kasalxona bosh vrachi vazifasini bajaruvchi Ruslan Ubaydullayev, kaltaklangan erkak esa shu kasalxona rentgen xonasi laboranti Sultonmurod Abdunabiyev ekanligini aniqladi.

Kaltaklaganning aytganlari

Bir oydan buyon Shahrixon tuman markaziy kasalxonasi bosh vrachi vazifasini bajarib kelayotgan 34 yashar Ruslan Ubaydullayev 8 - mart oqshomida bo‘lgan voqea tafsilotlari haqida Ozodlikka gapirib berdi:

"O‘sha kuni kasalxonada ma’muriyatdan navbatchi edim. Butun kasalxona uchun javobgarman. Kasalxonaning har bir bo‘limida kelgan kasallar bilan birlamchi kontakt yuz beradi. O‘sha kuni kuyish bilan to‘rt xonadondan bemorlar kelgan. Qabulxonaga kirsam, feldsher laborantimiz niqobsiz, xalatining tugmalari qadalmagan holda turgan ekan. Maskang qani, deb so‘radim. Yo‘q, dedi. Bor yo‘qol unda, dedim. Muomalangizni to‘g‘rilang, dedi. Yana tur yo‘qol, maskangni taq dedim. Shundan keyin biroz qo‘pollik qildim, to‘g‘ri".

Kaltaklanganning aytganlari

Shahrixon tuman markaziy kasalxonasi rentgen-laborant bo‘lib ishlaydigan 29 yashar feldsher Sultonmurod Abdunabiyev 8 - mart oqshomida bo‘lgan voqea to‘g‘risida Ozodlikka mana bunday dedi:

"8 - mart kuni smenada edim. Kechqurun 11 dan o‘tganda toza havo olish uchun tashqariga chiqdim. Keyin qabulxonaga kirdim. O‘sha yerda xodimlar bilan gaplashib tursam u (Ruslan Ubaydullayev) kirib keldi, avvaliga salom-alik qildik, biroz gaplashdik. Shundan keyin maskang qani dedi. Maskam xonamda qolibdi, dedim. Keyin u tur yo‘qol, deb shaxsiyatimga tegadigan gaplarni gapirishni boshladi. Muomalangizni to‘g‘rilang, dedim. Keyin yana bir narsalar dedi. Men, mayli deb xonamga kirish uchun keta boshladim. Shundan keyin ortimdan kelib musht tushirdi. Koridorga kirgandan keyin yana urdi".

Sultonmurod Abdunabiyevning aytishicha, u bosh vrach vazifasini bajaruvchi Ruslan Ubaydullayevdan kaltak yeganidan so‘ng voqeadan o‘zining bevosita rahbari Otabek Ahliddinovni xabardor qilgan.

Bo‘lim mudirining aytganlari

Shahrixon tuman markaziy kasalxonasi qabulxona-diagnostika bo‘limi mudiri Otabek Ahliddinov Ozodlikka hodisa tafsilotlari haqida gapirib berdi:

"Sultonmurod o‘sha kuni (8 - mart) ertalab soat 8 dan boshlab kasalxonada navbatchi edi. Kechqurun toza havodan nafas olish uchun tashqariga chiqqan. Yuzida niqob yo‘qligini ko‘rib qolgan Ruslan Ubaydullayev uni uyat so‘zlar bilan so‘kkan. Sultonmurod, iltimos, so‘kinmang, degan va shundan keyin Ubaydullayev uni urishni boshlagan. Sultonmurodning menga aytishicha, Ruslan uning yuziga kamida uch-to‘rt marta musht tushirgan".

Yashin tezligida ko‘rilgan chora

Hodisa 8 - mart, kechqurun 11 dan o‘tganda sodir bo‘lgan. Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ertasiga – 9 - martdayoq Ruslan Ubaydullayevni boshqarmaga chaqirtirib, ishdan bo‘shatdi.

Ruslan Ubaydullayevning Ozodlikka aytishicha, u 9 - mart kuni kechki payt viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga chaqirtirilgan:

"9 - mart, kechki payt oblzdravga chaqirtirildik. Boshlig‘imiz, men, kasaba uyushmamiz raisi, Sultonmurod bordik Tushuntirish xatlarimizni olishdi. Mening ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi arizamni olishdi. O‘z xohishim bilan ishdan bo‘shatishingizni so‘rayman, deb ariza yozib berdim".

3 farzandning otasi Ruslan Ubaydullayev 10 - martdan boshlab ishsiz ekanligini bildirdi.

Kasalxona qabulxona-diagnostika bo‘limi mudiri Otabek Ahliddinov Ruslan Ubaydullayevning ishdan olingani to‘g‘risida eshitganini, biroq bu haqdagi rasmiy hujjatni ko‘rmaganini bildirarkan, bunday dedi:

"Agar Ruslan Ubaydullayev o‘sha voqea uchun arizasiga binoan ishdan olingan bo‘lsa, bu unga nisbatan qo‘llanilgan noto‘g‘ri jazodir. Chunki rahbariyatning undan ariza yozishni talab qilishga haqi yo‘q. Chora mehnat qonunchiligiga asosan ko‘rilishi kerak. Agar egallab turgan lavozimiga noloyiq deb topilgan bo‘lsa, mehnat intizomini qo‘pol yoki o‘ta qo‘pol ravishda buzgani uchun deb bo‘shatish kerak. Axir ariza o‘z xohishi bilan bo‘shayotgan odamdan olinadi!"

Andijon viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Yusupovning Ozodlikka bildirishicha, Ruslan Ubaydullayev bosh vrach vazifasini bajaruvchilikdan bo‘shatildi, biroq unga kasalxonadan boshqa ish beriladi.

"Ruslan Ubaydullayev ishdan bo‘shatilgani yo‘q, boshqa ishga o‘tkazildi. Tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi shug‘ullanayapti. Unga ish beriladi, ishsiz qolmaydi", dedi boshqarma boshlig‘i.

Vrach Ubaydullayevning o‘z hamkasbini urgani haqida gapirarkan, Salohiddin Yusupov bunday dedi:

"Bizning kasbimiz do‘xtirlik. Birovning dardiga malham bo‘lishdir. Birovga ozor yetkazish emas ishimiz. U bola (Ruslan Ubaydullayev) o‘zi ham qilgan ishidan pushaymon bo‘ldi. Nima bo‘lgan taqdirdayam xodimni urmasligi kerak edi. O‘zi to‘g‘ri tushunib, o‘zi to‘g‘ri xulosaga keldi".

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat

Ozodlik Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Yusupovdan koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risida ham so‘radi. Boshqarma boshlig‘i pandemiya bilan bog‘liq talablar kuchda qolayotganini aytdi:

"Virus bilan bog‘liq barcha talablar hanuz o‘z kuchida. Tibbiy niqob bilan yurish talabi ham bekor qilingan emas. Aholi ko‘cha-ko‘yda niqob bilan yurishi kerak. Targ‘ib qilyapmiz, lekin ko‘pchilik bu masalaga yengilroq qarayapti. Tibbiy niqoblarni yechishga oid hech qanday ko‘rsatma bo‘lgani yo‘q".

XS
SM
MD
LG