Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:23

Harris: O'tmishga emas, kelajakka qarab yuramiz


Demokratlar partiyasi qurultoyining so'nggi kunida Vitse-prezident Kamala Harris AQSH prezidentligi uchun partiya nomzodligini rasman qabul qilib, minglab tarafdorlari huzurida nutq so'zladi.

U, agar AQSHning 47-prezidenti etib saylansa, barcha amerikaliklar uchun prezident bo’lishini va ularning, mamlakatning manfaatini o’z partiyasi manfaatlaridan ustun qo’yishini ta’kidladi.

"Endi ortga qaytmaymiz, faqat oldinga qarab yuramiz", - dedi prezidentlik uchun demokratlar nomzodi.

Harris prezident sifatida amalga oshiradigan rejalariga ham to’xtaldi. U o’rta qatlamni kuchaytirish orqali barcha uchun birdek imkoniyat yaratadigan kuchli iqtisodiyot qurish yo’lidan borishini aytdi.

Harris, shuningdek, mamlakatdagi uy-joy tanqisligini tugatishga hamda ijtimoiy xavfsizlik nafaqasi va federal tibbiy sug’urtani (Medicare) himoya qilishga va'da berdi.

Nomzodning so'zlariga ko'ra, uning rejalari xalq uchun, Respublikachilar partiyasidan nomzod raqibi Donald Trampniki esa "o'zi va milliarder do'stlari uchun”.

Harris o'z nutqida vatandoshlarini birlikka ham chaqirdi.

“Amerikaliklar bizni ajratib turadigan narsalardan ko'ra ko'proq umumiylikka ega va barchamiz muvaffaqiyat qozonishimiz uchun hech birimiz muvaffaqiyatsizlikka uchramasligimiz kerak", - dedi u.

Uning aytishicha, sobiq prezident Donald Tramp va uning vitse-prezidentlik uchun hamkori J.D.Vens olib borayotgan bo’lginchi tashviqotga e’tibor bermaslik kerak.

“Mayli, onamning bir gapi bo’lar edi: hech kimga kimligingni aytishiga yo'l qo'yma, sen ularga kimligingni ko'rsat, - dedi Harris.

"Amerika, keling, bir-birimizga va dunyoga kim ekanligimizni va nima tarafdori ekanligimizni ko'rsataylik. Biz erkinlik, imkoniyat, rahm-shafqat, qadr-qimmat, adolat va cheksiz imkoniyatlar diyorimiz", - deya qo’shimcha qildi u.

Vitse-prezident Kamala Harris G’azoda davom etayotgan urushni ham tilga oldi. U Isroilning o'zini himoya qilish huquqini himoya qilishga va'da berdi; ayni paytda G'azoda to’kilayotgan qonlar "halokatli" va "yurakni ezuvchi" ekanligini qayd etdi.

“G‘azodagi urushga kelsak, prezident Bayden va men kecha-yu kunduz ishlayapmiz, chunki hozir garovdagilarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish vaqti”, - dedi u.

“So‘nggi 10 oy ichida G‘azoda sodir bo‘lgan voqealar dahshatli. Ko’plab begunoh insonlar halok bo'ldi. Umidsiz, och odamlar xavfsizlik uchun qayta-qayta qochoqqa aylanyapti. Iztirob ko‘lami yurakni ezadi. Prezident Bayden va men Isroilni xavfsiz qilish, garovga olinganlar ozod qilish, shuningdek, G‘azodagi azob-uqubatlarga chek qo‘yish va Falastin xalqi o‘z qadr-qimmati, xavfsizligi, erkinligi va o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini amalga oshirishi uchun ishlayapmiz”, - dedi u.

Kamala Harris nutqi bilan Demokratlar partiyasining to’rt kunlik qurultoyi nihoyasiga yetdi. O’z partiyalaridan nomzodlikni rasman qabul qilib olgan Harris va Tramp kelasi ikki oydan ko'proq vaqt davomida prezidentlik saylovi kampaniyasini olib boradi.

2024-yil 5-noyabr kuni amerikaliklar AQSH prezidentligi uchun, shuningdek, AQSH Kongressi va ko’plab shtatlar qonun chiqaruvchi organlari va gubernatorlik o’rinlari uchun ovoz beradi.

Форум

XS
SM
MD
LG