AQSH vitse-prezidenti va Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Harris 6-noyabr kuni Donald Trampga qo‘ng‘iroq qilib, uni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi. Harris yordamchilaridan birining Associated Press agentligiga aytishicha, telefon muloqotida u Tramp bilan hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishning ahamiyatini muhokama qilgan.
Tramp saylov kampaniyasi vakili Stiven Chung nomzodlar o‘rtasidagi muloqotni “dildan suhbat” deya ta’riflagan.
“Prezident Tramp vitse-prezident Harrisga butun kampaniya davomida uning kuchi, professionalizmi va qat’iyati uchun minnatdorlik bildirdi, har ikki lider mamlakatni birlashtirish muhimligi yuzasidan yakdillik izhor qildi”, deyilgan u tomonidan tarqatilgan bayonotda. Bundan avval Tramp va Harris o‘rtasida telefon so‘zlashuvi bo‘lib o‘tganini SBS va CNN manbalari ham tasdiqlashgan.
Trampga AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden ham qo‘ng‘iroq qilgan. Bu yaqin orada Trampni Oq uyda qabul qilib, u bilan hokimiyatni topshirish masalasini muhokama qilmoqchi. NBC xabariga ko‘ra, Bayden yangi prezident inauguratsiyasida ham qatnashadi. Bayden 2020-yili Tramp o‘rniga prezidentlikka kelganida u bu ishlarning hech birini qilgan emas. 7-noyabr kuni Bayden saylov natijalari bo‘yicha va hokimiyatni topshirish boshlangani munosabati bilan AQSH xalqiga murojaat qiladi, deya ma’lumot tarqatdi Oq uy matbuot xizmati.
Saylovda 294 ta ovoz to‘plagan Donald Tramp 5-noyabr kuni AQSHda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida g‘alaba qozongan. Uning asosiy raqibi, amaldagi vitse-prezident Kamala Harris 223 ta ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Ovozlarni sanash ishi davom etmoqda, biroq oz qolgan sanalmagan ovozlar saylov natijasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Saylovdan so‘ng dunyodagi ko‘plab davlat va hukumat rahbarlari 6-noyabr kuniyoq Trampni prezident etib saylangani bilan tabriklashga ulgurishgan.