Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:50

Hijob, soqol va Tolibon ta’siri: O‘zbekistonda islomiylashuv va rus jamoasining xavotirlari


O‘zbek ayollari. Illyustrativ foto.
O‘zbek ayollari. Illyustrativ foto.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning islomga nisbatan birmuncha liberal siyosati hamda Afg‘onistonning toliblar tomonidan bosib olinishi O‘zbekistonda islomiylashuv kuchayishiga olib keldiki, bu ko‘pchilikni, jumladan, qisqarib borayotgan rus millatiga mansub aholini bezovta qilmoqda.

Sergey O‘zbekiston sharqidagi Namanganda katta bo‘lgan; uzoq yillar sovet hokimiyati ostida bo‘lganiga qaramay, musulmon urf-odatlari yaxshi saqlangan ushbu shahar Markaziy Osiyoning yomon dovrug‘ qozongan ikki yirik jihodchisi tug‘ilgan joy hisoblanadi.

1980-yillarda Sergey maktabda o‘qir va yosh kommunist bo‘lishga tayyorlanar ekan, unga bozorga borishni va o‘zbek ayollarining boshidan yopinchig‘ini sidirib olishni buyurishadi.

Islomiy kiyinishga qarshi qaratilgan davlat kampaniyasi ayollarning ta’lim olishi va iqtisodiy mustaqil bo‘lishiga ko‘maklashish chora-tadbirlari bilan uyg‘un tarzda olib borildi. Bu ishlarni “Sharq ayolining uyg‘onishi” deb nomladilar.

“Ko‘p to‘polonlar, norozilik chiqishlari bo‘ldi, – deydi hozirda kitob do‘koni ochgan Sergey. – Ammo ayollar yana yopinadi, deb sira o‘ylamagandim”.

Biroq oradan taxminan qirq yil o‘tib, ushbu liboslar qariyb 36 millionlik nufus salmog‘i bilan Markaziy Osiyoning aholi eng tig‘iz yashaydigan mamlakati bo‘lmish O‘zbekistonda ro‘y berayotgan jadal islomiylashuvning eng yorqin vizual dalili bo‘lib qolmoqda.

Jamiyatning islomiylashuvi, qo‘shni Afg‘onistonda Tolibonning qaytadan iqtidorga kelishi manzarasida paydo bo‘lgan real yoki ehtimoliy tahdidlarga qo‘shilib, ko‘pchilikni behalovat qildi va O‘zbekistondagi etnik ruslar va rusiyzabon aholi ko‘ngliga vahima soldi.

Ayrimlar, jumladan, Rossiyaga yoki boshqa yurtlarga ko‘chib ketish g‘oyasini uzoq yillardan beri rad etib kelayotgan Sergey ham endilikda mamlakatni tark etish haqida o‘ylamoqda.

Uyg‘onishmi yoki radikallashuv?

O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida hijob o‘ragan va konservativ kiyingan ayollar, xususan, o‘smir yoshidagi qizlar ko‘p.

Iyul oyida prezident Shavkat Mirziyoyev hukumati jamoat joylarida ro‘mol o‘rab yurishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilganidan beri ularning soni bir necha baravar ortdi.

Ko‘plab erkaklar qalin va uzun soqol qo‘ymoqda. O‘zbekistonga Islom Karimov rahbarlik qilgan 1991–2016 - yillarda bu imkonsiz va hatto xavfli edi.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov. 2015 - yil
O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov. 2015 - yil

Bu davrda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga soqolli erkaklarni qo‘lga olib, majburan soqolini qirtishlash va shuning barobarida “profilaktik suhbat” o‘tkazishdek norasmiy vakolat berilgan edi. Huquqbonlar va g‘arblik kuzatuvchilar ma’lumotiga ko‘ra, Karimov diniy e’tiqodida hukumat izn bergan masjidlar chegarasidan chetga chiqqan minglab musulmonni qamoqqa tashlagan.

2016 - yilda qudratga kelgach, Mirziyoyev dastlab qamoqda yotgan ko‘plab musulmonlar va dunyoviy dissidentlarni afv etdi, so‘ngra diniy erkinlikka qo‘yilgan cheklovlarni sekin-asta yumshatdi. Ammo hukumat yaqinda liberal siyosatdan chekinib, shubha ostidagi bir qancha islomchilarni qamoqqa oldiki, buni AQShning Xalqaro diniy erkinliklar kengashi ham o‘z hisobotida qayd etgan.

Mazkur choralar mamlakatdagi jadal islomiylashuvga nisbatan reaksiya sifatida qabul qilinmoqda.

“Radikal yoshlar soni tobora ortib bormoqda, hukumat esa o‘z siyosati bilan bu jarayonni bilvosita rag‘batlantiryapti”, deydi Ozodlikka 2005 - yilda "Ozod fermerlar" muxolifat partiyasi hammuassissi bo‘lgani uchun O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lgan Nigora Hidoyatova.

“Korrupsiya, kuchsiz fuqarolik jamiyati, yoshlarning nodonligi, qonunsizlik va adolatsizlik omixtasidan shunaqa bir xavfli qorishma hosil bo‘lyaptiki, uning portlashi uchun salgina uchqun chiqsa bas”, deya mulohaza qiladi u.

Tolibondan ruhlanib

Avgust oyida toliblarning Afg‘onistonni ishg‘ol qilishi ham O‘zbekistondagi 720 ming nafarga yaqin etnik ruslar jamoasini yaxshigina xavotirga qo‘ydi.

Ayrim mutaassib o‘zbeklar Tolibonning g‘alabasini shod-xurramlik bilan kutib oldi. Ular “Telegram” kanallar va ijtimoiy tarmoqlarda amerikaliklarni mamlakatdan “haydab solgan” toliblardan ruhlanganini va shariat qonunlariga asoslangan afg‘on jamiyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirishdi.

Huquqbon Timur Karpovning Ozodlikka aytishicha, “Tolibon g‘oyalari” O‘zbekistonda real dastak olgan. “Ko‘plab etnik ruslar va rusiyzabonlar tahlikaga tushib, chamadonlarini shay qilib qo‘yishayotgani bejiz emas”, deydi u.

Tolibon Markaziy Osiyo mamlakatlari va Moskvaga o‘z elchilarini yo‘llar ekan, harakat Usoma bin Lodin singari xalqaro jihodchilarni ortiq dastaklamasligiga, shuningdek, Afg‘onistonning etnik ozchil xalqlari, jumladan, o‘zbeklar va tojiklarga nisbatan adolatli munosabatda bo‘lishlariga ularni ishontirishga urindi.

Biroq 1999 - yil vahimalarini – toliblar qo‘llovidagi o‘zbek islomchilari guruhi Qirg‘iziston janubidagi qishloqni bosib olib, Farg‘ona vodiysining O‘zbekistonga oid qismiga o‘tib olish uchun yo‘l talab qilgani o‘zbeklarning esida, albatta.

Bishkek va Toshkent isyonchilar alal-oqibat “yo‘q qilingan”ini harchand ta’kidlamasin, o‘sha voqealardan so‘ng etnik ruslar, rusiyzabonlar va ilg‘or etnik o‘zbeklarning bir qismi bu mamlakatlardan ko‘chib ketgan edi.

“Manqurtlashtirish”

Mashhur qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov 1980 - yilda yozgan “Asrga tatigulik kun” romanida hissiz va ongsiz qul obrazini ta’riflash uchun “manqurt” terminini qo‘llagan edi.

Markaziy Osiyo millatchilari ushbu salbiy iborani o‘zlarining etnik qardoshlari – rusiyzabon qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar va o‘zbeklarga yorliq qilib yopishtirishadi.

Sovet O‘zbekistoni bir necha ommaviy migratsiyani qabul qilgan, jumladan, natsistlar Ikkinchi jahon urushi yillarida front oldi mintaqalaridan evakuatsiya qilingan yuz minglab etnik ruslar, ukrainlar va yahudiylarga boshpana bergan.

Ulardan keyin butun boshli etnik guruhlar – qrimtatarlar, pontlik greklar, Volgabo‘yi nemislari va Uzoq Sharqdan koreyslar O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Ularning aksariyati urush tugaganidan so‘ng ham shu yerda qoldi.

Toshkentning bir qismini yakson qilgan 1966 - yilgi zilziladan keyin ham shaharni tiklashga ko‘maklashish uchun Sovet Ittifoqining barcha respublikalaridan o‘n minglab odam kelgan.

“Sovetlashtirish” bahonasida tub aholini ruslashtirish siyosati yuritildi. Shaharlik ko‘plab o‘zbeklar farzandlarini rus tilli maktablarga berdi, bundan tashqari, deyarli har bir o‘zbek erkagi muomala-muloqot rus tilida olib boriladigan ikki yillik majburiy harbiy xizmatni o‘tadi.

O‘zbeklarni ularning ulkan madaniy merosidan ayirgan yana bir muhim omil Moskvaning til va imlo siyosatidir: yerli xalqning arabiy alifbosi 1920 - yilda lotin yozuvi bilan, 1930-yillarda esa kirill bilan almashtirildi.

O‘zbekiston OTMlarida arab tilini o‘qitish atigi bitta universitet bilan cheklandi, Buxoroda esa SSSRda yagona islomiy ta’lim maktabi ochilishiga ruxsat berildi. Ushbu maktab Hindiston bosh vaziri Lal Bahodir Shastri va boks bo‘yicha jahon chempioni Muhammad Ali singari yuksak martabali xorijiy mehmonlarga SSSRda “diniy erkinlik” mavjudligining dalili sifatida ko‘rsatilardi.

O‘zbeklarning avlodlari Uyg‘onish davri musulmon mutafakkirlarining diniy asarlaridan to‘sib qo‘yildi, dindorlik esa, ibodat va marosim duolarini yodlash bilan chegaralanib qoldi.

Jihodchilikning qaytishi

Ammo Farg‘ona vodiysi kabi aholisi zich hududlarda islom dini hayotning talay jabhalarida saqlanib qoldi. Vodiyning yirik shaharlaridan biri bo‘lmish Namangan o‘zbek jihodchiligining tug‘ilishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

1981-1991 - yillardagi sovet-afg‘on urushi markaziy osiyolik minglab askarlarga o‘ta dindor musulmonlar jamiyatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga imkon berdi.

Namanganlik Tohir Yo‘ldosh va afg‘on urushi ishtirokchisi bo‘lmish Juma Namangoniy 1991 - yilda o‘z shaharlarida shariat qonunlari joriy etilganini e’lon qilib, muzokaraga borganida musulmoncha duo o‘qilayotgan vaqtda xato qilgan prezident Karimovni omma oldida yerga urishdi.

Yo‘ldosh va Namangoniy keyinroq Afg‘onistonga qochib, “O‘zbekiston islomiy harakati”ga (O‘IH) asos solishdi. Bu harakat 1999 - yilda Qirg‘izistonga jangarilar guruhi kirib olishini uyushtirdi, keyinchalik AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaga qarshi jang qildi.

O‘IH asoschisi o‘lganidan so‘ng oradan yillar o‘tib, harakatning ko‘plab a’zolari “Islom davlati” ekstremistik guruhiga sadoqat qasamyodini ichib, bugungi kunda toliblarga qarshi kurashayotgan “Xuroson islom davlati” (IDX) guruhiga birikdi.

O‘zbekistonlik ruslar Afg‘onistondagi bu urushlar tafsilotlarini yaxshi bilmasligi mumkin, ammo ular mazkur urush mutaassib o‘zbeklarga qanday ta’sir etayotganini ko‘rib turishibdi.

“Tolibon bugun yoki ertaga bu yerga kelmasligi mumkin, lekin ular mahalliy aholining ongiga ta’sir qilyapti”, deydi Sergeyning kuyovi Fyodor.

U ham islomlashuvdan cho‘chib, Rossiyaga ketish uchun yo‘l tadorigini ko‘rmoqda. Kichikroq bosmaxonasi bilan hashamatli uydagi xonadonini esa sotmoqchi.

Fyodorni o‘z guruhidagi rus millatiga mansub yagona bola bo‘lgan besh yoshli qizi Polinaning kelajagi tashvishga soladi.

“U bilan birga o‘ynaydigan bola yo‘q”, deydi u, smartfonda rus tilidagi multfilmni tomosha qilib o‘tirgan qizchasiga boqib.

XS
SM
MD
LG