Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:43

"Hokim kelib ketgandan so‘ng boshlandi”. Toshkentdagi masjid minoralarini buzish to‘xtatildi


Ustalarga ko‘ra, minoralarning orqadagi ikkitasi (qora mato bilan o‘ralgani) ustki qismidan 3 metrcha joyi buzilgan.
Ustalarga ko‘ra, minoralarning orqadagi ikkitasi (qora mato bilan o‘ralgani) ustki qismidan 3 metrcha joyi buzilgan.

Toshkent shahri, Olmazor tumanida xayr-ehson mablag‘lari hisobidan qurilayotgan “Islomobod” masjidi minoralarining buzilishiga qarshi ijtimoiy tarmoqlardagi norozilik ortidan 3 - may kuni buzish ishlari to‘xtatildi.

Quruvchilar iddaosicha, 1 - may kuni shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashli ekani aytiladigan Discover Invest firmasi ishchilari masjidning 4ta minorasidan 2tasini buzishni boshlagan.

Masjid xodimlariga ko‘ra, minoralarning har birining uzunligi 63 metr bo‘lib, ularni buzish sabablari haqida biror hujjat ko‘rsatilmagan.

Qurilish vazirligi mutasaddilari 3 - may kuni minoralarni buzish ishlari to‘xtatilganini tasdiqladi, biroq buzish sabablarini ochiqlamadi.

Joriy yil oxirida foydalanishga topshirilishi rejalangan “Islomobod” masjidi 13ming namozxonga mo‘ljallangan bo‘lib, u O‘zbekistondagi eng katta masjid bo‘ladi.

Poytaxtning Olmazor tumani Sag‘bon ko‘chasida qurilayotgan uch qavatli “Islomobod” jome masjidida O‘zbekistondagi mavjud masjidlardan farqli to‘rtta minora bo‘ladi. Shu paytgacha mamlakat masjidlarida faqat bitta yoki ikkita minora bo‘lgan xolos.

"Islomobod" masjidi. 3 may.
"Islomobod" masjidi. 3 may.

Masjid xodimlariga ko‘ra, 1 - may kuni Discover Invest firmasiga qarashli Damas mashinasida o‘nga yaqin ishchi kelib, minoralardan ikkitasini buza boshlagan.

“Buzish sabablarini aytishmadi. Hech qanday hujjat ham berishmadi. “Yuqorining buyrug‘i” deyishdi. Ikki kun ichida har bir minoraning tepasidan 3 metrcha joyini buzishdi”,- dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan masjid xodimi.

Ozodlikka yo‘llangan suratda Discover Invest emblemasi yopishtirilgan Damas mashinasidan tushgan bir necha ishchining qurilish asboblarini ko‘tarib, masjidga kelayotgani aks etgan.

Uch kun davomida ijtimoiy tarmoqlarda minoralarning buzilishiga qarshi noroziliklar kuzatildi.

Foydalanuvchilar #Masjid_o‘z_holida_qolsin! xeshtegi bilan o‘z noroziliklarini bildirishdi.

Masjid qurilishidan xabardor manba iddaosicha, keyingi ikki oy davomida masjid xodimlari Qurilish vazirligiga bir necha bor chaqirtirilgan va ulardan minoralarni buzish talab qilingan:

“Masjid qurilishi qonuniy. Ekspertiza xulosalari, loyihaga doir barcha hujjatlar tegishli idoralar tomonidan tasdiqlangan. Lekin ikkita minorani buzish talab qilindi. Biror asos ko‘rsatishmagan, faqat “masjidda 4ta minora bo‘lmasin”, deyishgan. Lekin loyihada 4ta minora ko‘rsatilgan”.

Manbaga ko‘ra, o‘tgan hafta shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qurilish sohasi vakillari bilan masjidga kelib, qurilish ishlari bilan tanishgan:

“Ortiqxo‘jayev yonida turk quruvchilari ham bor edi. Hokim kelib-ketganidan ikki kun o‘tib, minoralarni buzish boshlandi”.

Ozodlik surishtiruvlari jarayonida Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli ekani tasdiqlangan Discover Invest mas’uli firma ishchilari “Islomobod” masjidi minoralarini buzishda ishtirok etganini tasdiqladi, biroq buzish sabablarini ochiqlamadi.

Masjid xodimlaridan biriga ko‘ra, tarmoqlardagi noroziliklardan so‘ng “Islomobod” masjidi imom-xatibi Abdullo Yuldashev minoralarni buzish o‘zlarining tashabbusi ekanini aytishga majbur qilingan:

“Domla Discover Invest firmasi chizgan ikki minorali masjid loyihasini ko‘rsatib, minoralarning ikkitasini buzish lozimligini aytdi. U minoralarga ishlatilgan materiallar qimmatligi bois minoralardan faqat ikkitasini qoldirishgan qaror qilinganini bildirdi. Lekin noroziliklarni bostirish uchun domlani shu gaplarni aytishga majburlashdi ".

Manba imom Abdullo Yuldashevning ikkita minorani buzish qarori masjid rahbariyatiga tegishli ekanini aytgani aks etgan video nusxasini ham Ozodlikka taqdim qildi.

"Исломобод" масжиди бузилишига имом изоҳи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:52 0:00

Ozodlik muxbiri imom Yuldashev bilan bog‘landi. U ushbu videodagi so‘zlariga e’tibor qilmaslikni, boisi 3 - may kuni minoralar buzilmasligi haqida “yuqori”dan xabar berilganini aytdi. Biroq Yuldashev bu borada qo‘lida biror hujjat yo‘qligini aytdi.

Qurilish vazirligining Ozodlik bog‘langan mas’uli ham “Islomobod” masjidi minoralarini buzish ishlari to‘xtatilganini tasdiqladi. Biroq buzish sabablarini ochiqlamadi.

Toshkent shahar hokimligining qurilish sohasi mas’ullari bilan 3 - may kuni bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov "Islomobod" masjidiga ramziy g‘isht qo‘ymoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov "Islomobod" masjidiga ramziy g‘isht qo‘ymoqda.

“Islomobod” jome masjidi O‘zbekistondagi to‘rt minorali ilk masjid bo‘lishi kutilmoqda. Ayni paytda ushbu masjid mamlakatdagi eng katta masjid bo‘ladi.

Masjid qurilishi 2019 - yilning oktabrida boshlangan, quruvchilarga ko‘ra, joriy yil oxirigacha qurilish ishlarini tugatish rejalangan.

“Islomobod” masjidi xodimlariga ko‘ra, qurilish ishlari faqat xayr-ehson mablag‘lari evaziga olib borilmoqda.

"Islomobod" masjidi loyihasi
"Islomobod" masjidi loyihasi

Loyihaga ko‘ra, uch qavatli masjid xonaqohi 8 ming namozxonga mo‘ljallangan, lekin masjid hovlisi, balkoni va yerto‘lasi bilan birgalikda jami 13 ming namozxonni sig‘dirishi mumkin.

Ustalarga ko‘ra, masjid minoralarining har birining balandligi Muhammad payg‘ambar yoshiga ishora sifatida 63 metrlik qilinyapti.

Rejaga muvofiq masjidda ayollar uchun ham alohida namoz xonasi ajratiladi.

Hozirda 150 kishiga mo‘ljallangan tahoratxona va namozxonlar uchun 4 qavatli mashinalar to‘xtash joyi ham qurilmoqda.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi uch yil davomida mamlakatda 256ta masjid qaytadan qurilgan, 308tasi esa kapital ta’mirlangan. Hozirda yana 218 ta masjid yangi loyiha asosida qaytadan qurilmoqda.

XS
SM
MD
LG