Линклар

Шошилинч хабар
28 декабр 2024, Тошкент вақти: 00:26

"Hokimiyatga qarshi so‘z". Saylovlar yilida matbuot erkinligini yanada ko‘proq cheklash taklif qilindi


O‘zbekiston so‘z va matbuot erkinligi cheklangan avtoritar mamlakatlar ro‘yxatida qolmoqda
O‘zbekiston so‘z va matbuot erkinligi cheklangan avtoritar mamlakatlar ro‘yxatida qolmoqda

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva «Milliy tiklanish» va «Adolat» partiyalarining matbuot erkinligini cheklashi aytilgan qonun loyihasi hozirgi ko‘rinishida qabul qilinishi mumkin emasligini aytgan.

24 - fevral kuni Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti yig‘ilishida gapirgan Norboyeva “matbuotni cheklash tashabbusi prezident liniyasiga zid” ekanini ta’kidlagan.

Kun.uz nashri Senat raisining "Davlat rahbari jurnalist, blogerlarga va umuman hech kimga so‘z-fikr erkinligi uchun to‘siq qo‘ymoqchi emas... Shu gaplar aytilayotgan paytda qanday qilib erkinliklarni cheklovchi qonunni qabul qilishimiz mumkin?" degan so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

Tanzila Norboyeva
Tanzila Norboyeva

18 - fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirov Instagramdagi rasmiy kanalida "hokimiyatga qarshi kurashishga chaqiradigan so‘z qachon va qanday hokimiyatga qarshi bo‘lishidan qat’iy nazar huquqbuzarlik sifatida baholanishi va jazolanishi zarur”ligi haqida yozgan edi.

15 - fevral kuni «Milliy tiklanish» va «Adolat» partiyalari hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faol bo‘ysunmaslik, ommaviy tartibsizliklar va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatishga da’vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish borasidagi qonun loyihasini e’lon qildi.

Ozodlik gaplashgan kamida uch nafar bloger fevral oyida DXXga chaqirilgani va rasman ogohlantirilganini aytdi.

Ayni paytda Ozodlik O‘zbekiston hukumati Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idan foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini O‘zbekiston hududida saqlashni "talab" qilganini tasdiqlovchi hujjat bilan tanishdi.

Alisher Qodirov
Alisher Qodirov

O‘rta bo‘g‘in mulozimlar uchun matbuot erkin bo‘lmagani ma’qul

Turkiyaning Anqara shahrida siyosatshunoslik bo‘yicha ilmiy ish yozayotgan tadqiqotchi Firdavs Annageldiyevning Ozodlikka aytishicha, “hukumat saylov paytida boshqariladigan ijtimoiy fikr va matbuot bo‘lishini istamoqda”.

“Hukumat saylov haqida sizu mendan ko‘ra ko‘proq va jiddiyroq bosh qotiryapti. Karimov faqat Rossiyadagi “Komsomolskaya pravda” gazetasini o‘qirdi va mamlakatning tashqi imidji¸ o‘zi boshqarayotgan davlat fasadi qanday bo‘lishiga befarq edi. Joriy rahbar esa, o‘zi haqida “g‘arbda” shakllangan “mamlakatni erkinlashtirgan lider” degan siyosiy imijiga putur yetishini istamaydi. Boshqarilmaydigan OAV va blogosferadan o‘rta bo‘g‘in rahbarlar ham manfaatdor emas”.

Sanjar Umarov
Sanjar Umarov

AQShda istiqomat qilayotgan sobiq siyosiy tutqun va tadbirkor Sanjar Umarovnig Ozodlikka aytishicha¸ “bu cheklovlarsiz ham miyasidagi qo‘rquvdan qutilmagan aholi joriy prezidentga ovoz” beradi:

“Bu cheklovlar ortiqcha. Menimcha, bu cheklovlarsiz ham O‘zbekistondagi (boshqa MDX davlatlarida ham) saylovchilar, asosan joriy prezidentga ovoz berishadi. Ular biz norozimiz, deb uyida xotiniga yo ko‘chada og‘aynisiga aytishi mumkin. Ammo baribir ular saylov uchstkasiga kelganida, miyasidagi himoya instinkti ishlab ketib, amaldagi prezidentga ovoz beradi. Bugungi zaif OAV ularning zehnini qisqa muddat ichida o‘zgartira olmaydi”.

Mark Sukerberg
Mark Sukerberg

Rasmiy Toshkent Sukerbergga “buyruq” bera oladimi?

Ozodlikka kelib tushgan Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i ichki hujjati mazmuniga ko‘ra¸ O‘zbekiston joriy hukumati tarmoq ma’muriyatini foydalanuvchilarning "shaxsiy ma’lumotlari mamlakat hududida saqlanishi shart"ligidan ogohlantirgan. Ozodlik tanishgan va boshqa OAVlarga ham yuborilgan ichki hujjatda aytilishicha, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Feysbuk kompaniyasini "2021 - yil yanvaridan ishga tushgan shaxsga doir ma’lumotlar bo‘yicha yangi qonun" qabul qilinayotganidan xabardor qilgan.

Feysbuk ichki hujjatida O‘zbekiston rahbariyatining Rossiya va Xitoy ta’sirida internetdagi va internetdan tashqaridagi erkin so‘zni nazorat qiladigan tizimni o‘zlashtirish istagi haqida yoziladi.

Dunyoning avtoritar davlatlari, xususan Xitoyda ijtimoiy tarmoqni filtrlash va nazorat qilish tizimi mavjud.

Siyosatshunos Firdavs Annagelidiyev O‘zbekiston hukumati avvalroq chiqargan qarorga e’tibor qaratdi:

“Vazirlar Mahkamasining 2020 - yil 23 - dekabrdagi qaroriga binoan, saytlar yoki blogerlar “taqiqlangan axborot”ni olib tashlash to‘g‘risidagi talabni bajarmasa, bunday talabni qo‘ygan AOKA sudga murojaat qilishi mumkin. Bu qarorga ko‘ra, veb-saytlar hamda blogerlar foydalanuvchilar tomonidan qoldirilgan sharhlardagi "taqiqlangan axborot" uchun ham javobgardir. Bu hukumatning o‘zini tanqidlardan ihotalash yo‘lidagi boshlang‘ich qadamlardan biridir. Afsuski, O‘zbekiston ilg‘or mamlakatlar tajribasini emas, balki Shimoliy Koreya yoki Rossiya kabi matbuot dushmani bo‘lgan repressiv davlatlar tajribasini ko‘chirmoqda. Serverlarni nazorat qilish uchun qonun qabul qilnishining o‘zi noqonuniy va demokratiyaning fundamental prinsiplariga zid”, - deydi suhbatdosh.

Illyustratsiya
Illyustratsiya

Sanjar Umarov O‘zbekiston hukumatining axborot sohasida zamonaviy trendlarni yaxshi tushunishini savol ostiga oldi.

“Bu mulozimlar harakati zamonaviy reallik va tendensiyalarni tushunmaslik oqibatidir. Oyni etak bilan yopiq bo‘lmaydi. «Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirov erkin so‘z xotirjam hayotimizga zarar beradi va har qanday hokimiyatga qarshi norozilik jazolanishi kerak, debdi. Nima degani u "xotirjam yashash"? Nega norozilar hukumatga qarshi gapirmasligi kerak? O‘zbekiston aholisi hech qachon demokratik sharoitlarda yashamagan. SSSR o‘rnatilganidan oldin ham¸ Sovet ittifoqi davrida ham¸ undan keyin ham. Shu bois har bir byurokrat o‘z foydasini ko‘zlab, so‘z erkinligini cheklashga vaj axtaradi".

O‘zbekistonda so‘z erkinligi to‘silganiga qarshi piket
O‘zbekistonda so‘z erkinligi to‘silganiga qarshi piket

Peshonaga bitgan avtoritarizm

Tarmoq faoli va bloger Xurshid Yo‘ldoshev hukumatning so‘z erkinligini cheklash yo‘lidagi qadamlarini qoralab chiqdi:

“Peshonamizga avtoritar davlatlarning qoq markazidagi davlat bo‘lish bitilgan ekan. Hamma tomondan avtoritarizmning badbo‘y hidi anqib turadi”, deya yozdi u o‘zining Feysbukdagi sahifasida.

“Shaxsiy ma’lumotlarni qayerda saqlash shaxsiy masalami yoki ijtimoiy? Masalan, men Feysbukda kim bilandir gaplashgan yoki nimagadir layk qo‘ygan bo‘lsam, bu menga tegishli ma’lumot. Uni qayerda saqlash masalasi ham menga tegishli va bu mening ajralmas huquqim. Nega chet eldagi mulkini, pulini O‘zbekistonga olib kelib saqlasin, degan qonun yo‘q? Aytsa bo‘lardi-ku, biz o‘zbekistonliklarning mulkini himoyalamoqchimiz, deb. Shaxsiy ma’lumot ham shaxsning mulki. Nega unisini emas, bunisini himoyalagilari kelib qoldi? Aslida hammasi mulk va uni qanday va qayerda tasarruf qilish shaxsiy masala".

O‘zbekiston matbuot va so‘z erkinligi cheklangan avtoritar mamlakatlar ro‘yxatida qolmoqda.

Human Rights Watch (HRW) inson huquqlari tashkilotining o‘tgan oy e’lon qilgan hisobotida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda o‘tkazilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga qaramay, siyosiy tuzum "asosan avtoritarligicha” qolayotgani urg‘ulangan.

O‘zbek matbuoti hanuz "bosim ostida"
O‘zbek matbuoti hanuz "bosim ostida"

XS
SM
MD
LG