Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:01

Hokimlikka arz qilgan ayol "kaltaklangan va majburan ruhiy shifoxonaga yuborilgan"


Dildora Xo‘jaqulova kaltaklanishdan olgan jarohatlari tufayli Yakkabog‘ tuman shifoxonasida qolayotganini aytmoqda.
Dildora Xo‘jaqulova kaltaklanishdan olgan jarohatlari tufayli Yakkabog‘ tuman shifoxonasida qolayotganini aytmoqda.

Qashqadaryolik ikki farzandning onasi mahalliy hokimiyat va kuch tizimlari vakillarini o‘ziga nisbatan kuch ishlatish va ruhiy bosim o‘tkazishda ayblamoqda.

Yakkabog‘ tumanida yashovchi Dildora Xo‘jaqulovaning iddaosiga ko‘ra, u 22 - sentabr kuni tuman hokimligiga arz qilib borgan payt Milliy gvardiya xodimlari tomonidan do‘pposlangan va kuch bilan ruhiy kasallar shifoxonasiga yuborilgan.

“Tuman hokimligiga haqqimni talab qilib borgandim. To‘rt-beshta xodim, orasida yashil kiyimdagi IIB xodimlari ham bor, meni urib, ustida migalkasi bor “Matiz” mashinasiga tiqishdi. Prokuraturani oldidagi tupik ko‘chasiga olib borib, tez yordam mashinasiga o‘tqazishdi va jinnixonaga jo‘natvorishdi. Hech qanaqa menda ruhiy kasallik yo‘q, lekin bular bitta og‘zaki topshiriq bilan, ordersiz jinnixonaga tiqishdi, bir kun shu yerda qolib ketdim, hokimlikka haqqimni talab qilib borganim uchun. 10 yoshli bolam boksga qatnaydi, oladigan odam bo‘lmagan, ko‘chada qolib ketgan shu kuni”, - deydi Xo‘jaqulova.

Ҳокимликка ҳақ талаб қилиб борган аёл: Гвардия ходимлари мени калтаклади, жиннихонага тиқмоқчи бўлди”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:00 0:00

Hodisadan bir kun o‘tib, tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga yotqizilgan 37 yashar Xo‘jaqulova hozir ham shifoxonada qolmoqda.

U Ozodlikka yuborgan suratlarda oyog‘i va qo‘lida ko‘kargan joylari va jarohat izlarini ko‘rish mumkin.

Yakkabog‘ tumani Tibbiyot birlashmasi rahbari Sarvar Jo‘rayev Ozodlik bilan suhbatda Dildora Xo‘jaqulova tuman kasalxonasining terapiya bo‘limiga yotqizilganini tasdiqladi.

Dildora Xo‘jaqulova xavfsizlik xodimlari uni kaltaklaganini da’vo qilmoqda.
Dildora Xo‘jaqulova xavfsizlik xodimlari uni kaltaklaganini da’vo qilmoqda.

“Nima bo‘lganidan bexabarman. Ekspertiza qilindi, natijasi nima chiqqanini bilmayman. Ozgina chap qo‘lida va o‘ng oyog‘ida ko‘k izlari bor. Terapiya bo‘limida davolanyapti. Sizga aytishim mumkin bo‘lgan narsa hozircha shu”, - dedi Jo‘rayev.

Milliy gvardiya Yakkabog‘ tuman bo‘limining Dilmurod ismli mulozimi ayolga kuch qo‘llanilganini rad qildi.

“Jamoat tartibini saqlash maqsadida borilgan, lekin bizni xodimlar bo‘lmagan, tuman IIBsi xodimlari borgan. Kuch qo‘o‘lanilmagan u yerda”, - dedi Milliy gvardiya mulozimi.

Yakkabog‘ tumani Ichki ishlar bo‘limi rahbari Dilshod Umarov Ozodlikka “bu bo‘yicha barcha ma’lumotni tuman hokimligidan olishni” tavsiya qildi.

Yakkabog‘ hokimligi Axborot xizmati bo‘limi rahbari Sherzod Hasanov esa, majlisda ekanini aytib, keyinroq ma’lumot berishni va’da qildi.

Ammo Hasanovning uyali telefoniga qayta bog‘lanib bo‘lmadi.

Yakkabog‘lik bloger Behzod To‘rayev ayolga nisbatan nohaqlik bo‘lgan, deb hisoblaydi.

“Meni o‘zim guvohman, jinnixonaga tiqishgan. Lekin Kitob tumani ruhiy kasalliklar shifxonasidagilar bu ayolda ruhiy muammo yo‘q, deb xulosa bergan. Hech qanday ordersiz ayol jinnixonaga olib borilyapti.

Bu ayol hokimlikda unga nisbatan haqsizlik qilinganini, kaltaklanganini telefoniga ham yozib olgan, lekin hokimlik xodimi buni “Matiz”ga bosib tiqishayotganida, telefonini tortib olib, videolarni o‘chirib tashlagan. Bu ayolni deputat eri norasmiy ajrashish ortidan 17 yildan beri xotini bilan egalik qilib kelgan uyini hokimlikdagilar bilan kelishib, singlisi nomiga, keyin boshqa nomiga hadya qilvorgan. 7 ta qoramol va ikki bosh otni ham sotib ketgan. Bu ayol mana shu nohaqlik bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilgan. Lekin deputatni iltimosiga ko‘ra ko‘rib chiqishmagan”, - deydi bloger.

Nima bo‘lgan edi?

Dildora Xo‘jaqulovaning iddaosicha, oilaviy nizo ortidan xalq deputatlari tuman kengashi deputati bo‘lgan turmush o‘rtog‘i uyini o‘z singlisiga hadya qilib yuborgan.

O‘n yoshli farzandi bilan boshpanasiz qolgan ayol uyni qaytarib berishga ko‘mak so‘rab hokimlikka borgan.

“Hokimlikdagilar bilan til biriktirib, uyni singlisiga oformit qilvolgan. Vaholanki, bu uy ikkimizni turmushimizdan va ajrashganimiz taqdirda ham mulk ikkiga bo‘linishi kerak. Men shu narsani talab qilib borsam, hokimlikdagilar o‘zlaricha deputat erimni yonini olib, meni vajlarimni qondirmadi. Shundan so‘ng bular meni janjalkash jinniga chiqarishmoqchi bo‘lishdi, Milliy gvardiyani chaqirishdi, qo‘limni qayirib, hokimni xonasidan olib ketishdi”, - deydi Xo‘jaqulova.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan xalq deputatlari Yakkabog‘ tuman kengashi deputati Anvar Xo‘jaqulov Ozodlik bilan suhbatda sobiq turmush o‘rtog‘ining iddaolarini rad etdi.

“Uni uyi bor ekanmi? Bu uy boshidan singlimga meros qolganku, hech qanaqa til biriktirish yo‘q bu yerda. Kerak bo‘lsa, buni sud hal qiladi. Ishonmasangizlar, mana bu yerga kelib, masalani o‘rganinglar”, - deydi Xo‘jaqulov.

Ozodlik Yakkabog‘ tumani hokimi Lutfiddin Abdullayevga ham bog‘landi. Hokim majlisda ekani, Dildora Xo‘jaqulova iddaolari yuzasidan hech bir izoh berolmasligini aytdi.

Hokimlikning ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan mulozimi Dildora Xo‘jaqulova hokimlik binosida janjal ko‘tarishi v o‘zini “noadekvat” tutishi ortidan kuch ishlatar tizimi xodimlari chaqirtirilganini aytdi.

“Baqir-chaqir qilib, stol ustidagi choynakni xodimlar ustiga uloqtirdi. Shundan so‘ng, otryadni chaqirtirishga to‘g‘ri keldi”, - dedi hokimlik xodimi.

Dildora Xo‘jaqulova hokimlik qabuli payti choynakni uloqtirganini rad etmadi.

“Odamlar ustiga emas, nohaqlikka chiday olmay, choynakni devorga urdim”, - deydi Xo‘jaqulova.

O‘tgan hafta Germaniyadagi “O‘zbek forumi” tashkiloti “O‘zbekistonda jazo psixiatriyasi - faollar ovozini o‘chirish” deb nomlangan hisobotni taqdim qilgan edi.

Unda Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida faollardan tashqari, Prezident xalq qabulxonasiga haqqini talab qilib, shikoyat qilganlar ham mahalliy hokimlar ko‘rsatmalari bilan ruhiy shifoxonaga majburlab yotqizilgani holatlari tilga olingan.

“O‘zbek forumi” rahbari Umida Niyozovaga ko‘ra, “hokimlikdagilar haq talab qilib borganlarni istagan paytda ruhiy xastaga chiqarib yuborishi mumkin”.

O‘zbekiston rasmiylari "O‘zbek forumi" chiqargan hisobotni sharhlamagan.

Huquq faollari Mirziyoyev prezidentligi davrida hokimiyat fuqarolarning arziga quloq sola boshlaganini e’tirof etishadi. Ayni paytda joylarda mahalliy hokimiyat rahbarlarining mutlaq hokimligi va o‘zboshimchaligi yuzasidan shikoyatlar kamaymagan.

Mirziyoyevning mahalliy kengashlar hokimlarni nazorat qilishi to‘g‘risidagi so‘zlari hozircha qonunchilik tashabbusi ko‘rinishini olgani yo‘q.

9 - sentabr kuni Toshkentdagi saylovoldi chiqishida Mirziyoyev tuman va shahar hokimi lavozimiga nomzodlarni ko‘rsatish bo‘yicha yangi tartibni joriy qilishni taklif qildi. Unga ko‘ra, hududiy kengashda eng ko‘p deputatlik o‘rni olgan partiyalar hokimlikka o‘z nomzodlarini ilgari surishi mumkin bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG