Honkongdagi sud 30-may kuni mahalliy parlamentga norasmiy saylov uyushtirish yo‘li bilan hukumatni ag‘darib tashlashga uringanlikka oid ish doirasida 14 nafar demokrat faolni qo‘poruvchilik faoliyatida aybdor deb topdi. Ular qolgan umrlarini qamoqda o‘tkazishlari mumkin.
2021-yilda jami 47 nafar gumonlanuvchiga ayblov e’lon qilingan. Ulardan ikki nafari oqlangan, biroq Adliya vazirligi bu hukm bo‘yicha sudga apellyatsiya arizasini topshirgan, shu sababli ular qaror chiqquniga qadar garov asosida qo‘yib yuboriladi. Avval aybiga iqror bo‘lgan sudlanuvchilarning yana 31 nafari sud qarorini kutmoqda.
Bu Xitoy tomonidan kiritilgan milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun doirasida o‘tkazilayotgan eng yirik mahkama jarayonidir.
Huquqbonlar doxil tanqidchilar qonunchilikdagi o‘zgarishlar Honkongdagi o‘zgacha fikrlilik, fuqaroviy erkinliklarni bostirish hamda qo‘rquv muhitini yaratishga qaratilgan, deb hisoblashadi. Biroq Pekin mazkur chora-tabirlar mintaqada tartib-intizom va barqarorlikni saqlash uchun zarurligini bildirib kelmoqda.
Qonun Xitoyning kommunistik rahbariyati tashabbusi bilan 2020-yilda — Honkongdagi yirik aksilhukumat namoyishlaridan keyin bir yil o‘tib kiritilgan.
Buyuk Britaniya va Avstraliya 30-may kuni sud tomonidan e’lon qilingan qarorni “mintaqada Xitoy tomonidan demokratiyaga bosim o‘tkazilishi” deya qoralab chiqishgan.
Buyuk Britaniya Honkongni 1997-yilda Xitoyga o‘tkazib bergan. Maxsus ma’muriy hududga kamida 50 yilga keng ko‘lamli muxtoriyat taqdim etilgan. “Bir mamlakat, ikki tizim” siyosatiga muvofiq, Honkongni u yerda yashagan turg‘unlar boshqarishi, Xitoy esa faqat tashqi siyosat va mudofaa uchun javob berishi lozim. So‘nggi yillarda, demokrat faollar fikricha, Pekin Honkong muxtoriyatini jiddiy cheklovchi bir qator choralarni amalga oshirgan.